SK · 255-modda

255-modda. Tovarlar (xizmatlar) chet ellik shaxslar tomonidan realizatsiya qilinganda soliq agentlari tomonidan soliq bazasini aniqlashning oʻziga xos xususiyatlari

Oʻzbekiston Respublikasining hududi realizatsiya qilish joyi boʻlgan tovarlar (xizmatlar) soliq toʻlovchilar sifatida soliq organlarida hisobda turmagan chet ellik shaxslar tomonidan realizatsiya qilingan taqdirda, soliq bazasi soliq agentlari tomonidan ushbu tovarlarni (xizmatlarni) aksizlar (aksiz toʻlanadigan tovarlar uchun) va soliq hisobga olingan holda realizatsiya qilishdan olingan daromadning summasi sifatida aniqlanadi.

Soliq agentlari deb ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan tovarlarning (xizmatlarning) xaridorlari (ularni oluvchilar) boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari, yakka tartibdagi tadbirkorlar (ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno), Oʻzbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshiruvchi chet el yuridik shaxslari eʼtirof etiladi.

Agar ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan chet ellik shaxslar bilan hisob-kitoblarda Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari, yakka tartibdagi tadbirkorlar yoki chet el yuridik shaxslarining doimiy muassasalari topshiriq, vositachilik shartnomalari yoki boshqa vositachilik shartnomalari asosida ishtirok etsa, bunday shaxslar soliq agentlari deb eʼtirof etiladi. Mazkur hollarda soliq bazasi soliq toʻlovchi tomonidan bunday tovarlarning aksizlar (aksiz toʻlanadigan tovarlar uchun) va soliq hisobga olingan holdagi qiymati sifatida aniqlanadi.

Ushbu Kodeksning 282-moddasi birinchi qismida koʻrsatilgan chet el yuridik shaxslari realizatsiya qilish joyi Oʻzbekiston Respublikasi deb eʼtirof etiladigan elektron shakldagi xizmatlarni koʻrsatgan, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslariga yoki Oʻzbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshiruvchi chet el yuridik shaxslariga topshiriq, vositachilik shartnomalari yoki shunga oʻxshash shartnomalar asosida elektron shakldagi xizmatlar koʻrsatgan taqdirda, bunday xizmatlarning mazkur xaridorlari soliq agentlari deb eʼtirof etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishga doir har bir operatsiya amalga oshirilganda soliq bazasi ushbu boʻlimning qoidalari hisobga olingan holda alohida aniqlanadi.

Ushbu moddaga muvofiq soliq agentlari deb eʼtirof etiladigan shaxslar tegishli soliq summasini hisoblab chiqarishi, soliq toʻlovchidan, u soliq toʻlovchi ekanligidan yoki soliq toʻlovchi emasligidan qatʼi nazar, uni ushlab qolishi va budjetga oʻtkazishi shart.

Agar kontraktlarning shartlariga muvofiq xizmatlar chet ellik shaxslar tomonidan soliqni hisobga olmasdan taqdim etilsa, ushbu xizmatlar boʻyicha soliq bazasi soliq agentlari tomonidan koʻrsatilgan xizmatlarning qiymatidan kelib chiqqan holda, soliqni hisobga olmasdan aniqlanadi. Bunday holda soliq agenti tegishli soliq summasini mustaqil tarzda hisoblab chiqarishi va budjetga oʻtkazishi shart.

Ushbu moddaning qoidalari mazkur Kodeksning 243 — 245-moddalarida koʻrsatilgan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda qoʻllanilmaydi.

Ushbu moddaga muvofiq soliqning toʻlanganligini tasdiqlovchi toʻlov hujjati ushbu Kodeksning 37-bobiga muvofiq toʻlangan soliq summasini hisobga kiritish huquqini beradi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.