# Soliq kodeksi — 272-modda. Toʻlanishi lozim boʻlgan soliq summasi > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/SK/272 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Budjetga toʻlanishi lozim boʻlgan soliq summasi har bir soliq davri yakunlari boʻyicha, ushbu Kodeksning 265-moddasiga muvofiq hisoblab chiqarilgan, ushbu bobga muvofiq hisobga olinishi va tuzatish kiritilishi lozim boʻlgan summalar hisobga olingan holda hisoblab chiqariladi. Oʻzbekiston Respublikasi hududiga tovarlarni olib kirish chogʻidagi soliq summasi bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq budjetga toʻlanadi. Agar ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq hisoblab chiqarilgan, budjetga toʻlanishi lozim boʻlgan soliq summasi salbiy boʻlsa, soliq toʻlovchi mazkur summaning oʻrnini ushbu Kodeksning 274-moddasida belgilangan tartibda qoplash huquqiga ega boʻladi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/SK)