Ushbu boʻlimni qoʻllash maqsadida axborot texnologiyalaridan foydalangan holda jahon Internet axborot tarmogʻidan (bundan buyon matnda Internet tarmogʻi deb yuritiladi) avtomatik usulda foydalanish orqali koʻrsatilgan xizmatlar elektron shakldagi xizmatlar jumlasiga kiradi. Xususan, bunday xizmatlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
1) dasturiy taʼminotdan (shu jumladan Internet tarmogʻi orqali yetkazib beriladigan oʻyinlardan), shuningdek maʼlumotlar bazalaridan, ularga kiritiladigan yangi maʼlumotlardan va qoʻshimcha funksional imkoniyatlardan Internet tarmogʻi orqali, shu jumladan ulardan masofadan turib foydalanish imkonini berish yoʻli bilan foydalanishga boʻlgan huquqlarni taqdim etish;
2) elektron kitoblardan (nashrlardan) va boshqa elektron nashrlardan, axborot, taʼlimga oid materiallardan, grafik tasvirlardan, matnli yoki matnsiz musiqa asarlaridan, audiovizual asarlardan foydalanish huquqini Internet tarmogʻi orqali, shu jumladan Internet tarmogʻi orqali koʻrib chiqish yoki eshitish uchun ulardan masofadan turib foydalanish imkonini berish yoʻli bilan taqdim etish;
3) Internet tarmogʻida, shu jumladan elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlardan va Internet tarmogʻida ishlab turgan maʼlumotlar bazalaridan foydalangan holda reklamaga oid xizmatlar koʻrsatish, shuningdek Internet tarmogʻida reklama uchun reklamaga oid maydon (joy) va vaqt berish;
4) Internet tarmogʻida tovarlarni (xizmatlarni) va mulkiy huquqlarni olish (realizatsiya qilish) toʻgʻrisida takliflar joylashtirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish;
5) Internet tarmogʻi orqali sotuvchilar va xaridorlar oʻrtasida aloqalar oʻrnatish va bitimlar tuzish uchun axborot texnologiyalari va tizimlaridan foydalangan holda amalga oshiriladigan texnik, tashkiliy, axborot imkoniyatlarini hamda boshqa imkoniyatlarni berish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish. Bunday xizmatlar jumlasiga, xususan, Internet tarmogʻida real vaqt rejimida ishlaydigan savdo maydonchasini berish kiradi, bu maydonda potensial xaridorlar avtomatlashtirilgan tartib-taomil vositasida oʻz narxini taklif etadi hamda taraflar avtomatik tarzda yaratiladigan xabar orqali sotuv toʻgʻrisida xabardor qilinadi;
6) oʻz maqsadlari uchun yoki iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish maqsadida Internet tarmogʻida hozir boʻlishni taʼminlash va (yoki) saqlab turish, foydalanuvchilarning elektron resurslarini (saytlarini va (yoki) Internet tarmogʻidagi saytlari sahifalarini) saqlab turish, ulardan Internet tarmogʻidan boshqa foydalanuvchilarning foydalanishini taʼminlash, foydalanuvchilarga ularni modifikatsiyalash imkonini taqdim etish;
7) dasturning masofadan va onlayn rejimida ishlashini avtomatik tarzda saqlab turish, Internet tarmogʻida axborot tizimlarini, saytlarni va (yoki) sahifalarni boshqarish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish;
8) basharti axborotni taqdim etgan shaxs undan Internet tarmogʻi orqali foydalanish imkoniga ega boʻlsa, ushbu axborotni saqlash va unga ishlov berish;
9) axborot tizimida axborotni joylashtirish uchun real vaqt rejimida hisoblash quvvatini taqdim etish;
10) domen nomlar berish, xosting xizmatlarini koʻrsatish;
11) Internet tarmogʻi orqali xaridor tomonidan maʼlumotlar kiritilayotganda avtomatik usulda yuzaga keladigan axborotni yetkazib berish, maʼlumotlarni qidirish, soʻrovlarga koʻra ularni saralash va ajratish, axborot-kommunikatsiya tarmoqlari orqali mazkur maʼlumotlarni foydalanuvchilarga taqdim etish boʻyicha avtomatlashtirilgan xizmatlar koʻrsatish. Bunday yetkazib berishlar jumlasiga, xususan, fond birjasining real vaqt rejimidagi maʼlumotlari, matnlarning avtomatlashtirilgan tarjimasini real vaqt rejimida amalga oshirish kiradi;
12) potensial xaridorlar toʻgʻrisidagi axborotni qidirish va (yoki) buyurtmachiga taqdim etish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish;
13) Internet tarmogʻidagi qidiruv tizimlaridan foydalanish imkonini berish;
14) Internet tarmogʻidagi saytlarda statistikani yuritish.
Elektron shakldagi xizmatlar jumlasiga quyidagilar kirmaydi:
1) agar Internet tarmogʻi orqali buyurtma berilganda tovarlar yetkazib berish (xizmatlar koʻrsatish) aslida Internet tarmogʻidan foydalanmagan holda amalga oshiriladigan boʻlsa, tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish;
2) elektron hisoblash mashinalari (shu jumladan kompyuter oʻyinlari) uchun dasturlarni va moddiy jismlardagi maʼlumotlar bazalarini realizatsiya qilish (ulardan foydalanish huquqlarini taqdim etish);
3) elektron pochta orqali maslahat xizmatlari koʻrsatish;
4) Internet tarmogʻidan foydalanish imkonini berish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish.