# Soliq kodeksi — 299-modda. Tekin olingan mol-mulk (xizmatlar) > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/SK/299 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq toʻlovchi tomonidan tekin olingan mol-mulk va (yoki) xizmatlar soliq toʻlovchining daromadi deb eʼtirof etiladi. Mol-mulkni (xizmatlarni) tekin asosda olish chogʻida oluvchi shaxsning daromadlari, agar ushbu moddaning toʻrtinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ushbu mol-mulkning (xizmatlarning) bozor qiymatidan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Tekin olingan mol-mulkning (xizmatlarning) bozor qiymati hujjat bilan tasdiqlanishi kerak. Xususan, quyidagilar shunday hujjatlar boʻlishi mumkin: 1) yuklab joʻnatishga, yetkazib berishga yoki topshirishga doir hujjatlar; 2) mahsulot yetkazib beruvchilarning narxga doir maʼlumotlari (prays-varaqlar); 3) ommaviy axborot vositalaridan olingan maʼlumotlar; 4) birja xabarlari; 5) davlat statistika organlarining maʼlumotlari. Qarz beruvchiga foizli daromad toʻlash majburiyatisiz qarz (qaytarish sharti bilan moliyaviy yordam) olish chogʻida qarz oluvchining daromadi qarz (qaytarish sharti bilan moliyaviy yordam) olish sanasida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Qarz oluvchining daromadini aniqlashning xuddi shunday tartibi qarz (qaytarish sharti bilan moliyaviy yordam) olish sanasida stavkasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan qayta moliyalashtirish stavkasidan kam boʻlgan foizlar toʻlash sharti bilan berilgan qarzlarga (qaytarish sharti bilan moliyaviy yordamga) nisbatan qoʻllaniladi. Ushbu modda toʻrtinchi qismining qoidalari: 1) banklararo operatsiyalarga va kredit tashkilotlari tomonidan berilgan kreditlarga; 2) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga koʻra, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari tomonidan beriladigan qarzlarga (ssudalarga); 3) soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining bir ishtirokchisi tomonidan ayni shu konsolidatsiyalashgan guruhning boshqa ishtirokchisiga beriladigan qarzlarga (qaytarib berish sharti bilan moliyaviy yordamga) nisbatan tatbiq etilmaydi. Ushbu moddaning birinchi qismi qoidalari ushbu Kodeksning 322-moddasida nazarda tutilgan soliq solishning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda mol-mulkni ishonchli boshqaruvga berishdan naf oluvchi oladigan daromadlarga nisbatan ham tatbiq etiladi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/SK)