SK · 320-modda

320-modda. Kursdagi farqlarga soliq solishning oʻziga xos xususiyatlari

Valyuta qimmatliklari tarzidagi mol-mulkni (bundan chet el valyutasida ifodalangan qimmatli qogʻozlar mustasno) va qiymati chet valyutasida ifodalangan talab qilish tarzidagi mol-mulkni qoʻshimcha baholashda yoki qiymati chet el valyutasida ifodalangan majburiyatlarning qiymatini pasaytirishda yuzaga keladigan kursdagi farq ushbu bob maqsadlarida kursdagi ijobiy farq deb eʼtirof etiladi.

Valyuta qimmatliklari tarzidagi mol-mulkning (bundan chet el valyutasida ifodalangan qimmatli qogʻozlar mustasno) va qiymati chet valyutasida ifodalangan talab qilish tarzidagi mol-mulkning qiymatini pasaytirishda yoki qiymati chet el valyutasida ifodalangan majburiyatlarni qoʻshimcha baholashda yuzaga keladigan kursdagi farq ushbu bob maqsadlarida kursdagi salbiy farq deb eʼtirof etiladi.

Koʻrsatilgan qiymatni qoʻshimcha baholash yoki pasaytirish chet el valyutasi rasmiy kursining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasiga nisbatan oʻzgarishi yoxud chet el valyutasi (shartli pul birliklari) kursining qonunchilikda yoki taraflarning bitimida belgilangan Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasiga nisbatan oʻzgarishi munosabati bilan amalga oshirilgan taqdirda, agar ushbu chet el valyutasida (shartli pul birliklarida) ifodalangan Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasida toʻlanishi lozim boʻlgan talablarning (majburiyatlarning) qiymati tegishincha taraflarning qonunchiligida yoki bitimida belgilangan kurs boʻyicha aniqlansa, ushbu modda qoidalari qoʻllaniladi.

Kursdagi ijobiy farq jami daromad tarkibiga, kursdagi salbiy farq — xarajatlar tarkibiga kiritiladi.

Berilgan (olingan) boʻnaklarni qayta baholashdan yuzaga keladigan kursdagi ijobiy (salbiy) farq soliq solish maqsadlarida hisobga olinmaydi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.