# Soliq kodeksi — 34-modda. Chet el yuridik shaxsi haqiqatda boshqariladigan joy > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/SK/34 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Quyidagi shartlardan hech boʻlmaganda bittasiga rioya qilingan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi chet el yuridik shaxsi haqiqatda boshqariladigan joy deb eʼtirof etiladi: 1) uning ijro etuvchi organi (ijro etuvchi organlari) oʻz faoliyatini ushbu yuridik shaxsga nisbatan muntazam ravishda Oʻzbekiston Respublikasidan turib amalga oshiradi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasidagi faoliyatning boshqa davlatdagiga (davlatlardagiga) nisbatan sezilarli darajada kam hajmda amalga oshirilishi faoliyatni muntazam ravishda amalga oshirish deb eʼtirof etilmaydi; 2) uning asosiy (rahbar) mansabdor shaxslari (faoliyatni rejalashtirish va nazorat qilishga, korxona faoliyatini boshqarishga va buning uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olishga vakolatli boʻlgan shaxslari) ushbu yuridik shaxsni rahbarlik asosida boshqarishni asosan Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshiradi. Bunda rahbarlik asosida boshqarish jumlasiga, xususan, ushbu chet el yuridik shaxsining joriy faoliyatiga doir boʻlgan, boshqaruvning ijro organlari vakolatlariga kiradigan masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilish va boshqa harakatlarni amalga oshirish kiradi. Oʻzbekiston Respublikasida quyidagi faoliyatni amalga oshirish Oʻzbekiston Respublikasining chet el yuridik shaxsini haqiqatda boshqarish joyi sifatida eʼtirof etishga sabab boʻlmaydi: 1) aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yigʻilishining vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha qarorlar tayyorlash va (yoki) qabul qilish; 2) direktorlar kengashining majlisini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish; 3) chet el yuridik shaxsining faoliyatini rejalashtirish va nazorat qilish doirasida alohida funksiyalarni amalga oshirish. Alohida funksiyalarni amalga oshirishga, xususan, strategik rejalashtirish, budjetlashtirish, konsolidatsiyalashgan moliyaviy hamda boshqaruv hisobotini tayyorlash va tuzish, ushbu chet el yuridik shaxsining faoliyatini tahlil qilish, ichki audit hamda ichki nazorat, shuningdek standartlar, uslubiyatlar va (yoki) siyosatlarni qabul qilish (maʼqullash) kiradi. Chet el yuridik shaxsining faoliyatiga nisbatan quyidagi shartlarga bir vaqtning oʻzida rioya etilgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi ushbu yuridik shaxs haqiqatda boshqariladigan joy deb eʼtirof etilmaydi: 1) faoliyat oʻzi doimiy joylashgan yerdagi davlatda (uning hududida) oʻzining malakali xodimlari va aktivlaridan foydalangan holda amalga oshirilganda; 2) faoliyat Oʻzbekiston Respublikasi bilan soliq solish masalalariga doir amaldagi xalqaro shartnomaga ega boʻlgan chet davlat hududida amalga oshirilganda. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shartlarning bajarilganligi hujjatlar bilan tasdiqlanishi kerak. Agar ushbu moddaning birinchi qismi 1-bandida va (yoki) 2-bandida belgilangan shartlar bir vaqtning oʻzida ham Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan, ham biror-bir chet davlatga nisbatan bajarilayotganligi hujjatlar bilan tasdiqlansa, agar chet el yuridik shaxsiga nisbatan quyidagi shartlardan hech boʻlmaganda bittasi bajarilayotgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi chet el yuridik shaxsi haqiqatda boshqarilayotgan joy deb eʼtirof etiladi: 1) buxgalteriya yoki boshqaruv hisobini yuritish (bundan konsolidatsiyalashgan moliyaviy hamda boshqaruv hisobotlarini tayyorlash va tuzishga, shuningdek uning faoliyatini tahlil qilishga doir harakatlar mustasno) Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan boʻlsa; 2) ish yuritish Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan boʻlsa; 3) xodimlarni operativ boshqarish Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan boʻlsa. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/SK)