# Soliq kodeksi — 461-modda. Soliq toʻlovchilar > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/SK/461 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Aylanmadan olinadigan soliqni toʻlovchilar (bundan buyon ushbu boʻlimda soliq toʻlovchilar deb yuritiladi) deb quyidagilar eʼtirof etiladi: 1) soliq davrida jami daromadi bir milliard soʻmdan oshmagan Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxslari (bundan buyon ushbu boʻlimda yuridik shaxslar deb yuritiladi); 2) soliq davrida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadi bir milliard soʻmdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar. Aylanmadan olinadigan soliq quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi: 1) Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib kirishni (importni) amalga oshiruvchi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga; 2) aksiz soligʻi toʻlanadigan tovarlarni (xizmatlarni) ishlab chiqaruvchi va foydali qazilmalarni kavlab olishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslarga; 3) yuridik shaxslar — qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga, basharti ularda yigirma besh gektar va undan ortiq sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi ekin maydoni mavjud boʻlsa; 4) benzin, dizel yoqilgʻisi va gazni realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslarga; 5) lotoreyalarni tashkil etish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslarga; 6) oddiy shirkat ishlarini yuritish oʻz zimmasiga yuklatilgan ishonchli shaxsga — oddiy shirkat shartnomasi doirasida amalga oshirilayotgan faoliyat boʻyicha, bundan islomiy moliya operatsiyalari boʻyicha banklar va mikromoliya tashkilotlari bilan tuzilgan oddiy shirkat shartnomasi doirasida amalga oshirilayotgan faoliyat mustasno; 7) boʻsh turgan binolar, yashash uchun moʻljallanmagan inshootlar va qurilishi tugallanmagan obyektlar, shuningdek foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarining mulkdori boʻlgan yuridik shaxslarga, ulardan samarasiz foydalanilayotganligi boʻyicha qonunda belgilangan tartibda xulosa kiritilganda; 8) markazlashtirilgan moliyalashtirish manbalari hisobidan obyektlarni (joriy va kapital taʼmirlash bundan mustasno) qurishni bajaruvchi yuridik shaxslarga; 9) alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivoni chakana sotish boʻyicha turgʻun savdo shoxobchalariga; 10) bozorlarga va savdo komplekslariga; 11) soliq maslahatchilarining tashkilotlariga; 12) auditorlik tashkilotlariga; 13) notijorat tashkilotlariga, shu jumladan budjet tashkilotlariga; 14) dori vositalari, tibbiy buyumlar savdosi bilan shugʻullanuvchi korxonalarga va (yoki) tibbiy xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarga; 15) zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va (yoki) ularni sotish faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/SK)