# Soliq kodeksi — 59-modda. Ijtimoiy sohada faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/SK/59 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Ushbu Kodeks maqsadida quyidagi sohalarda faoliyat koʻrsatuvchi yuridik shaxslar ijtimoiy sohada faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar jumlasiga kiradi: 1) tegishli litsenziya asosida tibbiyot tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar (bundan kosmetologiya xizmatlari mustasno). Tibbiy xizmatlar jumlasiga, ushbu bandni qoʻllash maqsadida, quyidagilar kiradi, xususan, tibbiy yordam xizmatlari va sanitariya xizmatlari koʻrsatish: a) tashxis qoʻyish, profilaktika va davolash xizmatlari; b) stomatologik xizmatlar, shu jumladan tish protezlarini oʻrnatish xizmatlari; 2) taʼlimga oid xizmatlar, shu jumladan testlar va imtihonlar oʻtkazishni tashkil etish; 3) ilm-fan sohasidagi vakolatli organ tomonidan akkreditatsiya qilingan ilmiy va (yoki) ilmiy-texnikaviy faoliyat subyektlari tomonidan fan sohasida amalga oshiriladigan faoliyat (shu jumladan ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, muallif tomonidan ilmiy-intellektual mulkdan foydalanish, jumladan uni realizatsiya qilish); 4) jismoniy tarbiya va sport sohasidagi xizmatlar. Bunday xizmatlarga, xususan, quyidagilar kiradi: a) sport inshootlarida, maktablarda, sogʻlomlashtirish yoʻnalishidagi klublarda jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlarini sport turlari boʻyicha oʻquv guruhlari hamda jamoalarida oʻtkazish xizmatlari, umumjismoniy tayyorgarlik xizmatlari; b) sport musobaqalari yoki bayramlarini, sport-tomosha tadbirlarini oʻtkazish xizmatlari, shuningdek ushbu tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish uchun sport inshootlarini ijaraga berish; v) sport-texnika asbob-uskunalarini, trenajyorlarni, anjomlarni, sport kiyim-boshlarini berib turish boʻyicha xizmatlar; 5) bolalarni, keksalarni va nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish hamda ularning ijtimoiy taʼminoti sohasidagi xizmatlar. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar, ularning tegishli faoliyat turlaridan olingan daromadlari tekin olingan mol-mulk tarzidagi daromadlar hisobga olingan holda jami yillik daromadining kamida 90 foizini tashkil etishi sharti bilan, ijtimoiy sohada faoliyatni amalga oshiruvchi shaxslar deb eʼtirof etiladi. Aksiz toʻlanadigan tovarlarni ishlab chiqarishga va realizatsiya qilishga doir faoliyatdan daromadlar oluvchi, shuningdek foydali qazilmalarni qazib olishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar ijtimoiy sohada faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar jumlasiga kirmaydi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/SK)