# Soliq kodeksi — 60-modda. Ushbu Kodeksda qoʻllaniladigan boshqa tushunchalar > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/SK/60 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Ushbu Kodeks maqsadida quyidagi tushunchalardan ham foydalaniladi: asosiy faoliyat turi — yuridik shaxsning hisobot davri yakunlari boʻyicha umumiy realizatsiya qilish hajmidagi sof tushum ulushi ustunlik qiladigan faoliyat turi; jismoniy shaxsning yaqin qarindoshlari — uning ota-onasi, tugʻishgan va oʻgay aka-ukalari va opa-singillari, eri (xotini), farzandlari, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobolari, buvilari, nevaralari, shuningdek erining (xotinining) ota-onasi; ijara (lizing) toʻlovi — ijaraga beruvchiga (lizing beruvchiga) tuzilgan ijara (lizing) shartnomasi asosida ijarachi (lizing oluvchi) tomonidan toʻlanadigan summa; ijaraga beruvchining (lizing beruvchining) foizdan olinadigan daromadi — moliyaviy ijara (lizing) obyektining ijara (lizing) toʻlovi summasi va qiymati oʻrtasidagi farq; nazorat-kassa texnikasi — fiskal xotira bilan jihozlangan nazorat-kassa mashinalari, fiskal toʻplagichlardagi fiskal maʼlumotlar yozib olinishi va saqlanishini taʼminlovchi, fiskal hujjatlarni shakllantiruvchi hamda ularning soliq organlariga fiskal maʼlumotlar operatori orqali topshirilishini, shuningdek fiskal hujjatlar nazorat-kassa texnikasini qoʻllash toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq qogʻozda chop etilishini taʼminlovchi boshqa qurilmalar hamda dasturiy-texnik majmualar; ortiqcha toʻlangan soliq summasi (penya, jarima) — soliqning (penyaning, jarimaning) toʻlangan summasi bilan haqiqatda toʻlanishi lozim boʻlgan summasi oʻrtasidagi ijobiy farq. Soliqning (penyaning, jarimaning) ortiqcha toʻlangan summasi u ilgari hisobga olingan va (yoki) soliq toʻlovchiga qaytarilgan summalarni, shuningdek soliq boʻyicha kelgusi toʻlovlar hisobiga oʻtkaziladigan summalarni hisobga olgan holda uni hisob-kitob qilish sanasida aniqlanadi; ortiqcha undirilgan soliq summasi — soliq organlarining gʻayriqonuniy hatti-harakatlari natijasida ortiqcha toʻlangan soliq summasi; tan olingan soliq qarzi — soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnoma berilgan sanadan boshlab oʻn kalendar kun ichida soliq toʻlovchi tomonidan eʼtiroz bildirilmagan qarz yoki sud qarori bilan tasdiqlangan qarz; xatolik bilan toʻlangan soliq (penya, jarima) summasi — soliq (penya, jarima) summasini toʻlagan shaxsni va (yoki) ushbu toʻlovning maqsadini qatʼiy aniqlash imkoniyatini bermaydigan toʻlov chogʻida xatolikka yoʻl qoʻyilgan soliq (penya, jarima) summasi. Qaysi soliqqa (penyaga, jarimaga) nisbatan uni toʻlagan shaxs soliq toʻlovchi deb hisoblanmaydigan shaxsdan yoki toʻlanishi lozim boʻlgan budjetdan boshqa budjetga kelib tushgan soliq (penya, jarima) summasi ham xatolik bilan toʻlangan deb eʼtirof etiladi; umidsiz qarz — sud qarori bilan majburiyat bekor qilinganligi tufayli yoxud qarzdor bankrot deb topilganligi, tugatilganligi, vafot etganligi yoki daʼvo muddati tugaganligi oqibatida toʻlanishi mumkin boʻlmagan qarz, shuningdek Majburiyatlar reyestriga kiritilgan sanadan eʼtiboran oʻn yil ichida toʻlanmagan qarz; Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan tartibga muvofiq qonunchilik talablariga rioya etgan holda faoliyatni amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlarini aniqlashni va ragʻbatlantirishni nazarda tutuvchi reyting; islomiy moliya faoliyati — qonunchilikda belgilangan tartibda, islomiy moliya standartlari asosida banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan faoliyat; islomiy moliya operatsiyalari — qonunchilikka muvofiq islomiy moliya standartlari asosida banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan operatsiyalar. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/SK)