Soliq toʻlovchilarning ayrim toifalariga boshqa soliq toʻlovchilarga nisbatan soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan afzalliklar, shu jumladan soliqni toʻlamaslik yoki ularni kamroq miqdorda toʻlash imkoniyati soliq imtiyozlari deb eʼtirof etiladi.
Soliq toʻlovchiga soliqlarni toʻlash boʻyicha muddatni kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) imkoniyati berilishi soliq imtiyozlari hisoblanmaydi.
Agar ushbu moddaning beshinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq imtiyozlari ushbu Kodeks bilan taqdim etiladi.
Soliq imtiyozlari individual xususiyatga ega boʻlishi mumkin emas.
Ayrim soliqlar boʻyicha soliq imtiyozlari, qoʻshilgan qiymat soligʻi, foyda soligʻi, aksiz soligʻi solinadigan mahsulotlar ishlab chiqarilganda va (yoki) realizatsiya qilinganda aksiz soligʻi, yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliqdan, foydali qazilmalarni qazib olganlik uchun maxsus renta soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan tashqari, ushbu moddaning yettinchi qismi qoidalarini hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan faqat belgilangan soliq stavkasini kamaytirish, lekin koʻpi bilan 50 foizga kamaytirish tarzida va koʻpi bilan uch yil muddatga berilishi mumkin.
Foyda soligʻi boʻyicha soliq imtiyozlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan, faqat amortizatsiya qilinadigan asosiy vositalarni tezlashtirilgan amortizatsiya qilish huquqini berish tarzida, uch yildan ortiq boʻlmagan muddatga beriladi.
Ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq toʻlovchilar soliqlar boʻyicha imtiyozlardan tegishli huquqiy asoslar yuzaga kelgan paytdan eʼtiboran ularning butun amal qilish davri mobaynida foydalanishga yoki soliq imtiyozidan foydalanishdan voz kechishga yoxud undan foydalanishni bir yoki bir necha soliq davrlarida toʻxtatib turishga haqli, bundan qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladigan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish mustasno.
Soliqlar boʻyicha imtiyozlar soliq solishdan boʻshagan mablagʻlarni aniq maqsadlarga yoʻnaltirishi sharti bilan berilishi mumkin. Bunday mablagʻlar maqsadli ishlatilmagan taqdirda maqsadsiz ishlatilgan mablagʻlar summasi belgilangan tartibda penya hisoblangan holda budjetga undirilishi lozim. Soliqlar boʻyicha imtiyozlar berilishi munosabati bilan boʻshagan va mazkur imtiyozlarning amal qilish davrida foydalanilmagan mablagʻlar summasi berilgan imtiyozlarning amal qilish muddati tugaganidan soʻng bir yil davomida ularni taqdim etishda belgilangan maqsadlar uchun yoʻnaltirilishi mumkin. Bunda belgilangan muddatda foydalanilmagan mablagʻlar budjetga oʻtkazilishi lozim.
Qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha imtiyozlar, shu jumladan tovarlar Oʻzbekiston Respublikasining hududiga olib kirilishida (importida) soliq solishdan boʻshagan mablagʻlarni aniq maqsadlarga yoʻnaltirish sharti bilan, berilishi mumkin emas.
Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki, uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bosh boshqarmalari, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining muassasalari, shuningdek Omonatlarni kafolatlash agentligi ushbu Kodeksda nazarda tutilgan soliqlarni toʻlashdan ozod etiladi, bundan ijtimoiy soliq va Oʻzbekiston Respublikasining hududiga tovarlarni olib kirishda (importida) toʻlanadigan qoʻshilgan qiymat soligʻi mustasno.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va viloyatlar xalq deputatlari Kengashlari turistik zonalarda joylashgan alohida sanatoriy-kurort obyektlari egallagan yer uchastkalariga nisbatan mol-mulk soligʻi va yer soligʻining kamaytirilgan soliq stavkalarini belgilash yoki soliq toʻlashdan ozod qilish huquqiga ega.
Ushbu Kodeksning 483-moddasida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni hamda yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini toʻlashdan toʻliq ozod qilish tarzida berilgan soliq imtiyozlariga ega boʻlgan soliq toʻlovchilar mazkur soliqlarni ushbu soliqlardan hisoblangan summaning bir foizi miqdorida toʻlaydi.
Soliq imtiyozlarini hisobga olish soliq organlari tomonidan axborot tizimlaridan foydalangan va soliq imtiyozlarining har bir turiga maxsus identifikatsiya kodini bergan holda amalga oshiriladi.
Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi boʻyicha berilgan soliq imtiyozlari joriy soliq davrida soliq toʻlovchilar tomonidan oʻtgan kalendar yil yakunlari boʻyicha quyidagi shartlar bir vaqtning oʻzida bajarilgan taqdirda qoʻllaniladi:
tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan jami daromad yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va (yoki) yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi boʻyicha foydalanilgan soliq imtiyozining summasidan oshganda;
har bir xodimga har oyda mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining ikki baravaridan kam boʻlmagan oylik ish haqi hisoblanganda va xodimlarning yillik oʻrtacha soni kamida uch nafarni tashkil etganda.
Ushbu moddaning oʻn toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan shartlarni aniqlashda:
soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etilgan aniqlashtirilgan soliq hisobotlari;
soliq davri yakunlari boʻyicha soliq hisobotlarini taqdim etish muddati yetib kelmagan taqdirda, oxirgi oʻn ikki oyda tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish boʻyicha aylanma inobatga olinadi.
Ushbu moddaning oʻn toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan shartlar quyidagilarga nisbatan qoʻllanilmaydi:
toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy chet el investitsiyalari ishtirokidagi yuridik shaxslarga;
mahsulot taqsimotiga oid bitim ishtirokchilariga;
notijorat tashkilotlarga va budjet tashkilotlariga;
yagona ishtirokchilari nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari boʻlgan va xodimlarining umumiy sonida nogironligi boʻlgan shaxslar kamida 50 foizni tashkil etadigan hamda nogironligi boʻlgan shaxslarning mehnatiga haq toʻlash fondi mehnatga haq toʻlash umumiy fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan yuridik shaxslarga;
2026-yil 1-yanvarga qadar maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini olgan yuridik shaxslarga.
Soliq davri davomida yangi tashkil etilgan soliq toʻlovchilarga, shu jumladan yangi taqdim etilgan soliq imtiyozlariga nisbatan ushbu moddaning oʻn toʻrtinchi qismi qoidalari keyingi soliq davri yakunlari boʻyicha qoʻllaniladi, bundan qayta tashkil etilgan yuridik shaxslar mustasno.