# Soliq kodeksi — 80-modda. Alohida-alohida hisob va uni yuritish qoidalari > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/SK/80 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Ushbu Kodeksda soliq solishning turlicha tartibi nazarda tutilgan faoliyat turlarini bir vaqtda amalga oshirayotgan soliq toʻlovchilar soliq solish obyektlarining va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarning alohida-alohida hisobini yuritishi shart. Soliq solish obyektlarining va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarning alohida-alohida hisobi soliq toʻlovchilar tomonidan buxgalteriya hisobi maʼlumotlari asosida yuritiladi. Faoliyatning muayyan turiga taalluqli barcha daromadlar va xarajatlar tegishli hisob hujjatlari bilan tasdiqlanishi kerak. Soliq solish obyektlarining va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarning alohida-alohida hisobi mutanosib usul yoki toʻgʻridan-toʻgʻri hisobga olish usuli yordamida yuritilishi mumkin. Hisobga olishning mutanosib usulida daromadlar, xarajatlar va soliq solishning boshqa obyektlari yoki soliq solish bilan bogʻliq obyektlar realizatsiya qilishdan olingan tushumning umumiy summasida faoliyatning muayyan turlari boʻyicha, qoʻshilgan qiymat soligʻi va aksiz soligʻini hisobga olmagan holda realizatsiya qilishdan olingan tushum ulushiga mutanosib tarzda shu muayyan faoliyat turlariga kiritiladi. Toʻgʻridan-toʻgʻri hisobga olish usuli qoʻllanilganda daromadlar, xarajatlar va soliq solishning boshqa obyektlari yoki soliq solish bilan bogʻliq obyektlar faoliyatning qaysi turi amalga oshirilishi bilan bogʻliq boʻlsa, shu turiga kiritiladi. Bunda faoliyatning faqat bitta aniq turiga kiritish mumkin boʻlmagan daromadlar, xarajatlar va soliq solishning boshqa obyektlari yoki soliq solish bilan bogʻliq obyektlar hisobga olishning mutanosib usuli orqali faoliyatning amalga oshirilayotgan barcha turlariga kiritiladi. Maqsadli mablagʻlar oluvchi soliq toʻlovchilar ushbu maqsadli mablagʻlardan foydalanish doirasida olingan daromadlarning (qilingan xarajatlarning) alohida-alohida hisobini yuritishi shart. Soliq toʻlovchilar, bundan budjet tashkilotlari mustasno, soliq davri tugaganidan keyin oʻzi hisobga olingan joydagi soliq organlariga olingan maqsadli mablagʻlardan foydalanganlik toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi. Olingan maqsadli mablagʻlardan foydalanganlik toʻgʻrisidagi hisobotning shakli va uni taqdim etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/SK)