SK · 97-modda

97-modda. Soliqlarni toʻlash muddatlarini oʻzgartirishning umumiy shartlari

Soliq toʻlashning muddatini keyinroq muddatga koʻchirish soliqni toʻlash muddatini oʻzgartirish deb eʼtirof etiladi.

Soliq toʻlash muddatini oʻzgartirishga ushbu bobda belgilangan tartibda yoʻl qoʻyiladi.

Agar ushbu bobda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, toʻlanishi lozim boʻlgan umumiy soliq summasiga yoki uning bir qismiga (bundan buyon ushbu bobda qarz summasi deb yuritiladi) nisbatan, qarz summasiga foizlar hisoblangan holda, soliq toʻlash muddatini oʻzgartirish mumkin.

Soliq toʻlash muddatini oʻzgartirish uni toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash shaklida amalga oshiriladi.

Soliq toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash, shu soliq boʻyicha tegishlicha bir yoʻla yoki bosqichma-bosqich qarz summasini toʻlagan holda, ushbu soliqni toʻlash muddatini oʻzgartirishdan iboratdir.

Soliq toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash soliqlarni toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatini berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinguniga qadar yuzaga kelgan qarz summasiga yoki kelgusida yuzaga keladigan qarz summasiga nisbatan berilishi mumkin.

Soliq toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash, agar ushbu Kodeksning 99-moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, bir yildan oshmagan muddatga beriladi.

Soliq toʻlash muddati oʻzgartirilishiga talabgor shaxs (bundan buyon ushbu bobda manfaatdor shaxs deb yuritiladi) soliq toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash toʻgʻrisida ariza berishga yoxud bu haqda xabardor qilishga haqli. Bunday ariza bir yoki bir nechta soliqqa nisbatan berilishi mumkin.

Manfaatdor shaxsning soliq toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash haqidagi arizasini koʻrib chiqish chogʻida, soliqlarni toʻlash muddatlarini oʻzgartirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga vakolatli organ mazkur shaxsga u bilan kelishilgan holda qabul qilinishi mumkin boʻlgan kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlashning ushbu bobda nazarda tutilgan boshqa shartlarini taklif etishga haqli.

Soliq toʻlash muddatining oʻzgartirilishi soliq toʻlash boʻyicha mavjud majburiyatlarni bekor qilmaydi va yangi majburiyatlarni vujudga keltirmaydi.

Ushbu Kodeksning 99-moddasida koʻrsatilgan organlarning qaroriga koʻra soliq toʻlash muddatini oʻzgartirish, agar ushbu bobda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ushbu Kodeksning 107 — 109-moddalariga muvofiq mol-mulk garovi, kafillik yoki bank kafolati bilan taʼminlanishi mumkin.

Ushbu bob qoidalari penya va jarima toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilganda ham qoʻllaniladi.

Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv jarayonida yuzaga keladigan barcha turdagi joriy soliq toʻlovlarini (bundan mehnat shartnomalari (kontraktlari) va fuqarolik-huquqiy xususiyatdagi shartnomalar boʻyicha olingan daromadlar soligʻi, shuningdek ijtimoiy soliq mustasno) toʻlash, sud ajrimi asosida joriy etilgan sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv tartib-taomilining muddatida toʻxtatib turiladi. Bu holda sud sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining yoki tashqi boshqaruvchining hisobotini tasdiqlagan va toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish yuritishni tugatish haqida ajrim chiqargan sanadan eʼtiboran mazkur soliq qarzlari olti oy ichida teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlanadi.

Ushbu bobning qoidalari soliq agentlariga va ushbu Kodeksning 482-moddasida nazarda tutilgan hollarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.