# Saylov kodeksi — 48-modda. Saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish orqali tashviqot olib borish > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/SYK/48 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Nomzodlarga va siyosiy partiyalarga saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish orqali tashviqot uchun teng sharoitlar yaratiladi. Saylovchilar bilan uchrashuvlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar, deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalar tomonidan mustaqil ravishda oʻtkaziladi. Saylovchilar bilan uchrashuvlarni oʻtkazish joyi va vaqti haqida tegishli hududiy, tuman, shahar yoki uchastka saylov komissiyasiga maʼlum qilinadi. Saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlar ularning oʻtkazilish joyi va vaqti haqida tegishli tuman (shahar) hokimliklari kamida uch kun oldin yozma ravishda xabardor qilingan holda oʻtkaziladi. Bunda ushbu ommaviy tadbirlarni oʻtkazish uchun ruxsatnoma talab qilinmaydi. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, jamoat birlashmalari, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari uchrashuvlar oʻtkazish uchun jihozlangan xonalarni bepul ajratishi, zarur maʼlumot va axborot materiallarini olishda yordam koʻrsatishi shart. Nomzod yoki uning ishonchli vakili boshqa nomzod yoki uning ishonchli vakili bilan birgalikda saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazishga yoxud boshqa nomzod tomonidan tashkil etilgan saylovchilar bilan uchrashuvlarda ishtirok etishga haqli. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/SYK)