Ovoz berish tugagach, uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais oʻrinbosari ovoz berish tugaganligini komissiyaning barcha aʼzolari, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari hozirligida eʼlon qiladi.
Uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais oʻrinbosari komissiya aʼzolari bilan birgalikda:
plombalarning raqamlarini tegishli dalolatnoma bilan solishtiradi;
oldindan yozuv ashyolarini yigʻishtirib qoʻyib, saylov byulletenlarini sanab chiqish uchun joy (stol) tayyorlaydi;
foydalanilmagan va buzilgan saylov byulletenlarini sanab chiqadi va bekor qiladi, bu haqda yakuniy bayonnomaga tegishli yozuv kiritiladi;
muddatidan oldin ovoz berish byulletenlari solingan yopiq konvertlarni saylov qutisiga tashlaydi;
statsionar va koʻchma saylov qutilarini ochadi;
har bir nomzod va siyosiy partiya boʻyicha saylov byulletenlarini oʻqib eshittirgan va namoyish etgan holda alohida-alohida bogʻlamlarga ajratadi;
har bir nomzodni va siyosiy partiyani yoqlab berilgan ovozlarni sanab chiqadi;
haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlarini aniqlaydi va sanab chiqadi, bu haqda yakuniy bayonnomaga tegishli yozuv kiritiladi;
yakuniy bayonnomaga ovoz berish natijalari toʻgʻrisidagi yozuvni kiritadi.
Uchastka saylov komissiyasi ovoz berish hamda ovozlarni sanab chiqish chogʻida kelib tushgan shikoyatlarni (arizalarni) koʻrib chiqadi. Shundan soʻng uchastka saylov komissiyasi ovozlarni sanab chiqish natijalari boʻyicha majlis oʻtkazib, unda ovoz berish yakunlari toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Ovozlarni sanab chiqish natijalari uchastka saylov komissiyasining majlisida koʻrib chiqiladi hamda rais, rais oʻrinbosari, kotib, saylov komissiyasining boshqa aʼzolari tomonidan imzolanadigan bayonnomaga kiritiladi. Shundan soʻng bayonnoma uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais oʻrinbosari tomonidan oʻqib eshittiriladi hamda mazkur bayonnomaning koʻchirma nusxasi hamma tanishib chiqishi uchun uchastka saylov komissiyasi binosiga kamida qirq sakkiz soat muddatga darhol osib qoʻyiladi.
Ovozlarni sanab chiqish jarayonida ishtirok etayotgan siyosiy partiyaning vakolatli vakili, kuzatuvchilar uchastka saylov komissiyasi bayonnomasining tasdiqlangan koʻchirma nusxasini olishga haqli.
Uchastka saylov komissiyasi bayonnomasining koʻchirma nusxasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda darhol Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida hududiy saylov komissiyalariga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari deputatlari saylovida okrug saylov komissiyalariga, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari deputatlari saylovida esa tegishli tuman, shahar saylov komissiyalariga taqdim etiladi, asl nusxa esa rais yoki uning oʻrinbosari tomonidan ichki ishlar organlari xodimlari kuzatuvida tegishli hududiy saylov komissiyalariga (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida), okrug saylov komissiyalariga (xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari deputatlari saylovida), tuman, shahar saylov komissiyalariga (xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari deputatlari saylovida) olib borib topshiriladi.