# Saylov kodeksi — 96-1-modda. Yagona saylov okrugi boʻyicha Qonunchilik palatasiga saylov natijalarini aniqlash va deputatlik oʻrinlarini taqsimlash tartibi > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/SYK/96-1 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Yagona saylov okrugi boʻyicha saylanadigan Qonunchilik palatasining deputatlik oʻrinlari ushbu saylovda ishtirok etgan saylovchilar ovozlarining yetti va undan koʻproq foizini toʻplagan siyosiy partiyalar oʻrtasida taqsimlanadi. Yagona saylov okrugi boʻyicha saylanadigan Qonunchilik palatasining deputatlik oʻrinlari saylovda ishtirok etgan saylovchilarning yetti foizidan kamrogʻi yoqlab ovoz bergan siyosiy partiyalar oʻrtasida taqsimlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno. Agar saylovda ishtirok etgan saylovchilar ovozlarining yetti va undan koʻproq foizini faqat bitta siyosiy partiya toʻplagan boʻlsa, unda deputatlik oʻrinlari saylovda saylovchilarning eng koʻp ovozini toʻplagan ikkinchi siyosiy partiyaga ham taqsimlanadi. Taqsimlanadigan deputatlik oʻrinlari quyidagi ketma-ketlikda hisoblanadi: 1) ushbu moddaning birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlariga muvofiq deputatlik oʻrinlari taqsimlanadigan siyosiy partiyalar uchun yoqlab berilgan umumiy ovozlar soni aniqlanadi; 2) ushbu qismning 1-bandiga muvofiq aniqlangan ovozlar soni yetmish beshga boʻlinadi. Olingan natija saylov koeffitsiyenti hisoblanadi; 3) ushbu moddaning birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlariga muvofiq deputatlik oʻrinlari taqsimlanadigan har bir siyosiy partiya uchun yoqlab berilgan ovozlar soni saylov koeffitsiyentiga boʻlinadi va shu orqali aniqlangan sonning butun qismi har bir siyosiy partiyaga taqdim etiladigan deputatlik oʻrniga teng boʻladi. Agar ushbu moddaning toʻrtinchi qismida belgilangan tartibda deputatlik oʻrinlari taqsimlangandan keyin, taqsimlanmagan deputatlik oʻrinlari mavjud boʻlsa, qolgan deputatlik oʻrinlari ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan tartibda taqsimlanadi. Taqsimlanmagan deputatlik oʻrinlari ushbu modda toʻrtinchi qismining 3-bandida belgilangan tartibda aniqlangan sonning qoldiq qismi (verguldan keyin oltita raqamgacha) kattaroq boʻlgan siyosiy partiyalarga bittadan mandat berish orqali taqsimlanadi. Qoldiq qismi teng boʻlgan taqdirda, ustuvorlik koʻproq ovoz toʻplagan siyosiy partiyaga beriladi. Markaziy saylov komissiyasi deputatlik mandatlarini siyosiy partiyalar oʻrtasida taqsimlash toʻgʻrisida bayonnoma tuzadi. Partiya roʻyxati boʻyicha saylangan deputatlar oʻrtasida deputatlik mandatlarini taqsimlash Markaziy saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olingan partiya roʻyxatiga kiritilgan deputatlikka nomzodlar ketma-ketligiga muvofiq amalga oshiriladi. Markaziy saylov komissiyasi saylov yakunlari toʻgʻrisidagi bayonnomani imzolaganidan soʻng bu haqda deputatlik mandatlari taqsimlangan siyosiy partiyalarni va saylangan deputatlarni darhol xabardor qiladi. Qonunchilik palatasi deputati etib saylangan shaxslar xabarni olgandan soʻng besh kun ichida Markaziy saylov komissiyasiga Qonunchilik palatasi deputatining maqomiga toʻgʻri kelmaydigan vazifalarni oʻz zimmasidan soqit qilganligi toʻgʻrisida yozma shaklda maʼlum qilishi shart. Partiya roʻyxati boʻyicha saylanib, mandatga ega boʻlgan deputat ushbu moddaning oʻninchi qismida nazarda tutilgan talablarni bajarmagan yoki mandatdan ixtiyoriy ravishda voz kechgan taqdirda, Markaziy saylov komissiyasi tegishli partiya roʻyxatidagi tartib raqam boʻyicha keyingi nomzodga bir kunlik muddatda xabarnoma yuboradi. Keyingi nomzod ushbu moddaning oʻninchi qismida nazarda tutilgan talablarni bajargan taqdirda, Markaziy saylov komissiyasi nomzodni Qonunchilik palatasiga deputat sifatida roʻyxatga oladi. Ushbu moddaning oʻninchi va oʻn birinchi qismlarida nazarda tutilgan tartib roʻyxat boʻyicha taqsimlangan deputatlik oʻrni toʻldirilgunga qadar amalga oshiriladi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/SYK)