# Uy-joy kodeksi — 32-modda. Mulkdor oila aʼzolarining, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolarning huquq va majburiyatlari > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/UJK/32 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Uy, kvartira mulkdorining oila aʼzolari, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar, agar ularni koʻchirib kelgan paytda yozma ravishda boshqa hol qayd etilgan boʻlmasa, uydagi, kvartiradagi xonalardan mulkdor bilan teng foydalanishga haqlidirlar. Ular mulkdor bergan turar joyga oʻzlarining voyaga yetmagan farzandlarini koʻchirib kiritishga haqlidirlar, oilaning boshqa aʼzolarini esa, uy, kvartira mulkdorining roziligi bilangina koʻchirib kiritishlari mumkin. Bu shaxslar uy, kvartiraning mulkdori bilan oilaviy munosabatlarni tugatgan taqdirda ham ularda turar joydan foydalanish huquqi saqlanib qoladi. Uy, kvartiraning mulkdori bilan uning sobiq oila aʼzolari, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar oʻrtasida turar joydan foydalanish tartibi taraflar kelishuvi bilan belgilanadi. Turar joy mulkdorining oila aʼzolari deb u bilan doimiy birga yashayotgan xotini (eri) va ularning farzandlari tan olinadi. Er-xotinning ota-onasi, shuningdek mulkdor bilan doimiy birga yashayotgan oilali farzandlari va ularning er-xotini, agar ular ilgari bu huquqqa ega boʻlmagan boʻlsa, faqat oʻzaro kelishuvga binoan mulkdorning oila aʼzolari deb tan olinishi mumkin. Mehnatga qobiliyatsiz boqimandalar, shuningdek mulkdor bilan doimiy birga yashayotgan fuqarolar, agar ular mulkdor bilan umumiy xoʻjalik yuritayotgan va uning turar joyida roʻyxatdan oʻtgan boʻlsalar, uning oila aʼzosi deb topilishlari mumkin. Mulkdorning voyaga yetmagan oila aʼzolari yashayotgan turar joyni, ularning ota-onasi boʻlmagan taqdirda, vasiylik va homiylik organining roziligi bilan boshqa shaxsga berish mumkin. Xususiylashtirilgan kvartira yoki uy mulkdorining voyaga yetgan oila aʼzolari va uy-joyning xususiylashtirilishiga rozilik bergan shaxslar ham ularning umumiy mulki boʻlmish xususiylashtirilgan kvartira yoki uyga nisbatan qonunda belgilangan tartibda teng huquqlarga ega boʻladilar va teng majburiyatlarni bajaradilar. Xususiylashtirilgan kvartirani yoki uyni sotish, ayirboshlash, hadya qilish yoki ijaraga, arendaga berish kvartira yoki uy mulkdorining voyaga yetgan oila aʼzolarining va kvartirani yoki uyni xususiylashtirish uchun rozilik bergan shaxslarning roziligi bilan amalga oshiriladi. Uy-joyni xususiylashtirishga rozilik bergan shaxsning turar joydan foydalanish huquqi uning vafotidan keyin ochiladigan meros tarkibiga kirmaydi. Xususiylashtirilgan uy-joy mulkdorining voyaga yetmagan oila aʼzolari manfaatlarini ularning ota-onasi, ular boʻlmagan taqdirda esa vasiylik va homiylik organlari ifodalaydi. Xususiylashtirilgan bir kvartira yoki uyda turar joy mulkdorlari yashay olmaydigan holda, sudning qaroriga binoan mulkdorlardan biri koʻchirilib, boshqasining zimmasiga kvartira yoki uyning tegishli qismi uchun koʻchirilgan mulkdorga sud ishni koʻrib chiqqan kundagi bozor bahosida pulini toʻlash yoki uning umumiy mulkdagi ulushiga mos keladigan boshqa turar joyni sotib olib berish majburiyati yuklanishi mumkin. Uy yoki kvartiraning mulkdori, uning oila aʼzolari, u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar va sobiq oila aʼzosi oʻrtasidagi turar joydan foydalanish hamda qilingan xarajatlardagi ulush miqdori haqidagi nizolar sud tartibida hal etiladi. Turar joydan foydalanish haqidagi nizolar koʻrib chiqilayotganda sud taraflarning kelishuviga asosan mulkdorning tashabbusiga koʻra turar joyga majburiy tartibda kiritilayotgan tarafni mulkdorga tegishli mutanosib sharoitlarga ega boʻlgan boshqa turar joyga kiritish yoki ijaraga olingan turar joy uchun ijara haqini toʻlash majburiyatini mulkdorning zimmasiga yuklatishi mumkin. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/UJK)