Davlat uy-joy fondining (bundan buyon matnda munitsipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondi deb yuritiladi) uylaridagi turar joyni ijaraga berish shartnomasiga binoan bir taraf – turar joyning mulkdori yoki u vakolat bergan shaxs (ijaraga beruvchi) boshqa taraf (ijaraga oluvchi)ga turar joyda yashash uchun uni haq evaziga egalik qilish va foydalanishga topshirish majburiyatini oladi. Ijara shartnomasida taraflarning huquq va majburiyatlari hamda fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa shartlar belgilab qoʻyiladi. Ijara shartnomasida ijaraga oluvchi bilan doimiy yashayotgan fuqarolar koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Shartnomada ana shunday koʻrsatmalar boʻlmagan taqdirda, bunday shaxslarni koʻchirib kiritish fuqarolik qonunchiligida va ushbu Kodeksning 51-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.
Munitsipal, idoraviy uy-joy fondining va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining uylaridagi doimiy yashash uchun yaroqli boʻlgan alohida turar joy (uy, kvartira) turar joyni ijaraga berish shartnomasi obyekti boʻladi.
Xonaning bir qismi yoki bitta umumiy kirish joyi orqali boshqa xona bilan bogʻlangan xona (tutash xonalar), shuningdek yordamchi xonalar (oshxona, yoʻlak, hujra va shu kabilar) ijara shartnomasining mustaqil obyekti boʻla olmaydi.
Koʻp kvartirali uydagi turar joyni ijaraga oluvchi turar joydan foydalanish bilan bir qatorda shu uyning umumiy foydalanishdagi mol-mulkidan (uyning umumiy joylari, tayanch va toʻsiq konstruksiyalar, kvartiralar oraligʻidagi ihotalangan (oʻralma) pillapoyalar, zinapoyalar, liftlar, liftning shaxtalari va boshqa shaxtalar, dahlizlar, texnik qavatlar, yertoʻlalar, cherdaklar va tomlar, uy ichidagi muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalari, joylar tashqarisida yoki ichida joylashgan va bittadan ortiq joyga xizmat koʻrsatadigan mexanik, elektr, sanitariya-texnika uskunalari va qurilmalari hamda boshqa uskunalar va qurilmalar, shu uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasi, shuningdek koʻp kvartirali uydagi koʻchmas mulkning yagona majmuiga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan boshqa obyektlardan) belgilangan tartibda foydalanish huquqiga egadir.
Turar joyni ijaraga berish shartnomasi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat muassasalari, tashkilotlari yoki ular vakolat bergan organlar bilan turar joyni olayotgan fuqarolar oʻrtasida yozma shaklda, qonunchilikda belgilangan tartibda tuziladi. Turar joyni ijaraga berish shartnomasining yozma shaklda boʻlishiga rioya etmaslik shartnomaning haqiqiy emasligiga sabab boʻladi.
Ijara shartnomasi boʻyicha egallab turilgan turar joyga boʻlgan mulk huquqining boshqa shaxsga oʻtishi shartnomaning oʻzgarishiga yoki bekor boʻlishiga olib kelmaydi. Bunda yangi mulkdor ilgari tuzilgan turar joyni ijaraga berish shartnomasi shartlari asosida ijaraga beruvchi boʻlib qoladi.
Munitsipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining uylaridagi turar joyni ijaraga berishning namunaviy shartnomasi toʻgʻrisidagi nizomlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.