# Uy-joy kodeksi — 52-modda. Vaqtincha boʻlmagan fuqarolar turar joyining saqlanishi > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/UJK/52 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Munitsipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining uylaridagi turar joyni ijaraga oluvchi, uning oila aʼzolari yoki ijaraga oluvchi bilan doimiy yashayotgan fuqarolar vaqtincha boʻlmaganida turar joy olti oy muddat davomida ularning hisobida saqlanib turadi. Vaqtincha boʻlmaganida fuqarolarning turar joyi quyidagi hollarda olti oydan ortiq muddatga saqlanib turadi: harbiy xizmatga chaqirilganda – chaqiruv boʻyicha harbiy xizmatni oʻtashning butun davri mobaynida; kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga kirilganda – kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni oʻtashning butun davri mobaynida; ish sharoitlari va xususiyati boʻyicha (kema ekipaji, geologiya, qidiruv partiyalarining, ekspeditsiyalarining xodimlari va hokazolar), chet elga xizmat safarida boʻlish yoki taʼlim olishi munosabati bilan (studentlar, doktorantlar va boshqalar) doimiy yashash joyidan vaqtincha joʻnab ketilganda – ushbu ishni bajarish, xizmat safarida boʻlish yoki taʼlim olishning butun davri mobaynida; bolalar tarbiyalash uchun bolalar muassasasiga, qarindoshlarga yoki homiylarga, vasiylarga topshirilganda – ular ushbu muassasada, qarindoshlar yoki homiylar, vasiylar qaramogʻida boʻladigan butun davr mobaynida, agar bolalar chiqib ketgan turar joyda oilaning boshqa aʼzolari yashash uchun qolgan boʻlsa. Agar bolalar chiqib ketgan turar joyda ularning oila aʼzolari yashash uchun qolmagan boʻlsa, ushbu xona bolalarning muassasada boʻlishi muddati tugaguncha yoki qarindoshlar yoxud homiylar, vasiylar qaramogʻidan qaytib kelgan bolalar voyaga yetguncha, shuningdek tegishli hollarda umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy taʼlim muassasalarida oʻqish tugaguncha yoxud mamlakat Qurolli Kuchlaridagi harbiy xizmat muddati tamom boʻlguncha ushbu turar joy ijara shartnomasi asosida boshqa fuqarolarga berib turilishi mumkin; homiy, vasiy vazifasini bajarish munosabati bilan joʻnab ketilganda – ushbu vazifalarni bajarishning butun davri mobaynida; davolanish uchun davolash-profilaktika muassasalariga joʻnab ketilganda – davolanishda boʻlgan butun davr mobaynida; qamalganda yoki ushbu turar joyda yashash imkoniyatini istisno etuvchi ozodlikdan mahrum etish yoki boshqa jazo chorasiga mahkum etilganda – qamoqda boʻlishning yoki jazoni oʻtashning butun davri mobaynida, agar turar joyda oilaning boshqa aʼzolari yashash uchun qolgan boʻlsa. Agar koʻrsatilgan fuqarolar chiqib ketgan turar joyda ularning oila aʼzolari yashash uchun qolmagan boʻlsa, bunday fuqarolar qamoqdan ozod boʻlguncha yoki jazoni oʻtab kelguncha boʻlgan muddatga ushbu xona ijara shartnomasi asosida boshqa shaxslarga berib turilishi mumkin. Vaqtincha boʻlmaganida shaxsning turar joydan foydalanish huquqi ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan muddatlar tugagan kundan boshlab olti oy mobaynida saqlanib qoladi. Agar ijaraga oluvchi, uning oila aʼzolari yoki ijaraga oluvchi bilan doimiy yashayotgan fuqarolar uzrli sabablarga koʻra turar joyda olti oydan ortiq muddat boʻlishmasa, bu muddat shu shaxslarning arizasiga binoan ijaraga beruvchi tomonidan, nizoli hollarda esa, sud tomonidan uzaytirib berilishi mumkin. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/UJK)