YK · 20-modda

20-modda. Yer uchastkalaridan doimiy foydalanish huquqi

Yer uchastkalari viloyat va Toshkent shahar hokimining qaroriga asosan davlat organlariga, muassasalariga va korxonalariga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanishga beriladi. Yerlardan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq:

shahar va posyolka quriladigan yerlarning maʼmuriy imoratlar hamda inshootlar qurilgan yerlari yoki shunday imoratlar va inshootlar qurish uchun berilgan yerlar, aholi punktlarining umumiy foydalanishdagi yerlari, shaharlardagi daraxtzorlar egallagan yerlar;

sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar;

tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish va rekreatsiya maqsadlariga moʻljallangan yerlar;

tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar;

oʻrmon fondi yerlari;

suv fondi yerlari;

qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda, yer fondining boshqa toifadagi yerlari foydalanishga berilishi mumkin.

Koʻp kvartirali uy joylashgan yer uchastkasi, shuningdek koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasi, agar u koʻp kvartirali uydagi joylarning mulkdorlariga boshqacha tarzda tegishli boʻlmasa, viloyatlar va Toshkent shahar ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ushbu mulkdorlarga doimiy foydalanish huquqi asosida umumiy foydalanishga beriladi.

Yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqi belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.