YK · 40-modda

40-modda. Yer egasi, yerdan foydalanuvchi, ijarachi va yer uchastkasi mulkdorining majburiyatlari

Yer egasi, yerdan foydalanuvchi, ijarachi va yer uchastkasi mulkdori quyidagilarni bajarishi shart:

1) yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini oshirish, ishlab chiqarishning tabiatni muhofaza qiluvchi texnologiyalarini qoʻllash, oʻz xoʻjalik faoliyati natijasida hududda ekologik vaziyatning yomonlashuviga yoʻl qoʻymaslik;

1-1) qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarining dala chetlaridagi kanallar, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarida maqbul ekinlar ekilishini yoki tut koʻchatlari oʻtqazilishini taʼminlash;

1-2) asosiy ekinlarning rivojlanishiga salbiy taʼsiri boʻlmagan hollarda bogʻlar va tokzorlarning qator oralariga daromad keltirishi mumkin boʻlgan maqbul ekinlar ekilishini taʼminlash;

2) ishlab turgan irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlari, muhandislik kommunikatsiyalarini soz holatda saqlab turish;

3) yerlarni muhofaza qilishga oid, ushbu Kodeksning 79-moddasida nazarda tutilgan turkum tadbirlarni amalga oshirish;

4) yer soligʻini yoki yer uchun ijara haqini oʻz vaqtida toʻlash;

5) boshqa yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilari va mulkdorlarining huquqlarini buzmaslik;

6) foydali qazilma konlarini ishlatish, qurilish va boshqa ishlarni amalga oshirish uchun berilgan qishloq xoʻjalik yerlari va oʻrmonzorlarni ularga ehtiyoj qolmaganidan keyin oʻz hisobidan qishloq xoʻjaligi, oʻrmon xoʻjaligi yoki baliq xoʻjaligida foydalanish uchun yaroqli holatga, mazkur ishlar boshqa yerlarda amalga oshirilgan hollarda esa, ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turlariga muvofiq foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish;

7) foydali qazilma konlarini ishlatish chogʻida, shuningdek boshqa ishlarni amalga oshirish paytida oʻzlariga egalik qilishga va foydalanishga hamda mulk etib berilgan (realizatsiya qilingan) yer uchastkalari hududidan tashqaridagi qishloq xoʻjalik ekinzorlari, oʻrmonzorlar va boshqa yerlarga salbiy taʼsir koʻrsatishning oldini olish yoki uni mumkin qadar cheklash chora-tadbirlarini amalga oshirish;

8) mahalliy davlat hokimiyati organlariga yerdan foydalanish toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan maʼlumotlarni oʻz vaqtida taqdim etish;

9) boshqa yer egalariga, yerdan foydalanuvchilarga, yer uchastkalarining ijarachilariga va mulkdorlariga yetkazilgan zararni belgilangan tartibda qoplash.

10) yer uchastkasiga boʻlgan huquqlar majburiy tartibda bekor qilingan taqdirda, yer toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishi natijasida yetkazilgan zararning oʻrnini qonunchilikda belgilangan tartibda qoplash;

11) yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallashga va (yoki) oʻzboshimchalik bilan qilingan qurilishga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasidagi qonunga xilof qurilishni toʻxtatib turish boʻyicha choralar koʻrish.

Qonunchilikka muvofiq yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalarining ijarachilari va mulkdorlari boshqa majburiyatlarga ham ega boʻlishlari mumkin.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.