YK · 44-1-modda

44-1-modda. Sugʻoriladigan yerlarni yer fondining boshqa toifasiga yoki sugʻorilmaydigan yerlarga oʻtkazish

Sugʻoriladigan yerlar maxsus muhofaza qilinishi lozim. Ushbu yerlarni yer fondining boshqa toifasiga yoki sugʻorilmaydigan yerlarga oʻtkazish alohida hollarda, tuproq-meliorativ va iqtisodiy sharoitlar, yerlarning suv bilan taʼminlanganligi darajasi, shuningdek suv resurslarining mavjudligi hamda ularga doir limitlar hisobga olingan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining, Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining xulosalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi bilan amalga oshiriladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xulosalarni olish uchun viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan hujjatlar taqdim etiladi:

1) yer uchastkasining joylashgan joyi, maydoni, kadastr raqami, konturlari soni va raqami, tuproq tipi, tarkibi, sifati va unumdorligi, suv bilan taʼminlanganlik darajasi, yerga boʻlgan huquq egasi;

2) yer uchastkasini boʻsh turgan yer uchastkasi sifatida hisobga olish toʻgʻrisidagi qarorning sanasi va raqami, bundan yer uchastkasidan qishloq xoʻjaligiga xizmat koʻrsatuvchi yerlar sifatida foydalanish hollari mustasno;

3) yer uchastkasidan keyingi besh yil ichida foydalanish holati, bundan buyon undan sugʻoriladigan yerlar sifatida foydalanish maqsadga muvofiq emasligini asoslovchi tuproq-meliorativ va iqtisodiy sharoitlar, suv bilan taʼminlanish darajasidagi oʻzgarishlar, shuningdek ushbu vaziyatlarning yuzaga kelishiga sabab boʻlgan va ularni bartaraf etishga toʻsqinlik qiladigan holatlar;

4) qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining miqdori, ularning oʻrnini qoplash manbalari va muddatlari, qoplashdan tushgan mablagʻlarni sarflash yoʻnalishlari;

5) tuproqning unumdor qatlamini sidirib olish, saqlash va undan foydalanish tadbirlari, ushbu tadbirlarni amalga oshirish muddatlari, ijrochilari va moliyalashtirish manbalari;

6) oʻsha hududning oʻzida yoki boshqa maʼmuriy-hududiy birlikda joylashgan, sugʻoriladigan yerlar oʻrniga ularning maydonidan kam boʻlmagan miqdorda ikki yil ichida yangidan oʻzlashtiriladigan va sugʻoriladigan yerlarga oʻtkaziladigan yer uchastkalari toʻgʻrisida ushbu qismning 1-bandida nazarda tutilgan maʼlumotlar, ushbu tadbirlarni amalga oshirish muddatlari, ijrochilari va moliyalashtirish manbalari;

7) yer uchastkasidan kelgusida foydalanish maqsadi. Bunda sugʻoriladigan yerlarni sanoat obyektlari, yakka tartibdagi va koʻp kvartirali uy-joylar qurish uchun ajratishga ushbu maqsadlar uchun ilgari ajratilgan hududlarda boʻsh turgan yer uchastkalari qolmagan taqdirda hamda renovatsiya va rekonstruksiya qilish orqali mavjud quvvatlarni oshirish choralari koʻrilganidan keyin, shuningdek sanoat maqsadlarida koʻp qavatli ishlab chiqarish maydonlarini ustuvor tartibda qurish sharti bilan yoʻl qoʻyiladi.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlar toʻliq taqdim etilgan taqdirda har bir organ bildirilgan taklifni amalga oshirishning maqsadga muvofiq ekanligi yoki maqsadga muvofiq emasligi haqida bir oy ichida oʻz xulosasini taqdim etadi. Sugʻoriladigan yerlarni yer fondining boshqa toifasiga yoki sugʻorilmaydigan yerlarga oʻtkazish maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida kamida ikkita organ tomonidan xulosalar taqdim etilgan hollarda mazkur masala koʻrib chiqilmaydi.

Xulosalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida faoliyat koʻrsatadigan Hukumat komissiyasi tomonidan umumlashtiriladi va koʻrib chiqish uchun yarim yilda bir marta farmoyish loyihasi bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi loyihasida ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan maʼlumotlar toʻliq koʻrsatilishi kerak.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.