# Yer kodeksi — 48-modda. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan foydalanish sohasida yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilarning majburiyatlari > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/YK/48 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan foydalanuvchi yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar: 1) biznes-rejalarda tuproq unumdorligini oshirish va yerlardan oqilona foydalanish yuzasidan aniq tadbirlarni nazarda tutishlari; 2) zona sharoiti va xoʻjalikning ixtisoslashuviga muvofiq ilmiy asoslangan almashlab ekishni, dehqonchilikning eng samarali va iqtisodiy jihatdan oqilona tizimlarini joriy etishlari; 3) haydaladigan yerlar asralishi va kengaytirilishini taʼminlashlari; 4) meliorativ jihatdan nobop sugʻoriladigan yerlarni kompleks rekonstruksiya qilishlari, pichanzor va yaylovlarga suv chiqarishlari hamda ularning holatini yaxshilashlari; 5) xoʻjalikning butun ichki sugʻorish va kollektor-drenaj tarmogʻini hamda undagi inshootlarni texnikaviy jihatdan soz holatda saqlashlari; 6) qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini sugʻoriladigan yerlarning shoʻr bosishi va zaxlanishiga, yerlarning va suv manbalarining ifloslanishi va zararlanishiga yoʻl qoʻymaydigan usullar bilan amalga oshirishlari; 7) qishloq xoʻjalik ekinlari va dov-daraxtlarni parvarish qilishning suv tejaladigan texnologiyalarini, sugʻorishning ilgʻor usullarini joriy etishlari; 8) yerlarni muhofaza qilish yuzasidan, shu jumladan sugʻoriladigan yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olishga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan ushbu Kodeksga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq choralar koʻrishlari shart. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/YK)