# Yer kodeksi — 51-modda. Yer uchastkalarini xoʻjalik ichida taqsimlash. Oila (jamoa) pudrati > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/YK/51 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Qishloq xoʻjaligi kooperativlari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari, muassasalari hamda tashkilotlarida yer uchastkalari, qoida tariqasida, oilalarga qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtirish uchun kamida besh yil muddatga foydalanishga oila pudrati shartnomasi shartlari asosida beriladi. Yer uchastkalari muayyan turdagi qishloq xoʻjaligi ishlarini bajarish uchun qishloq xoʻjaligi kooperativlari aʼzolarining va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari, muassasalari hamda tashkilotlari xodimlarining guruhlariga ham kamida besh yil muddatga foydalanishga jamoa pudrati shartnomasi shartlari asosida berilishi mumkin. Oila pudrati — qishloq xoʻjaligi kooperativi va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonasi, muassasasi hamda tashkiloti tomonidan oilaga vaqtincha foydalanishga oila pudrati shartnomasi shartlari asosida berilgan yer uchastkalarida qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtirishda oila aʼzolarining bevosita ishtirok etishiga asoslangan ishlab chiqarish va mehnatni xoʻjalik ichida tashkil etish shaklidir. Oila (jamoa) pudrati shartnomasi har yili qishloq xoʻjaligi kooperativi, boshqa jamoa qishloq xoʻjaligi korxonasi boshqaruv organlari orqali shu kooperativ, jamoa korxonasi bilan yoki boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari, muassasalari hamda tashkilotlarining ish beruvchisi (maʼmuriyati) bilan oila boshligʻi (jamoaning vakolat berilgan vakili) oʻrtasida tuziladi. Oila (jamoa) pudrati shartnomasida quyidagilar nazarda tutiladi: yer uchastkasining oʻlchami, joylashgan yeri va holati; yer uchastkasidan foydalanish shartlari, taraflarning almashlab ekish sxemasiga muvofiq yerning hosildorligi va sifatini oshirish borasidagi, tuproq unumdorligini saqlash va oshirish borasidagi majburiyatlari; yetishtiriladigan qishloq xoʻjalik mahsulotining miqdori va turlari, uning sifati; yetishtirilgan qishloq xoʻjalik mahsulotining bahosi, unga haq toʻlash va uni realizatsiya qilish shartlari; sugʻorish uchun suv va moddiy-texnika resurslari bilan pudratchini taʼminlash; taraflarning shartnoma majburiyatlarini bajarmaganlik uchun javobgarligi va ularning xohishiga koʻra boshqa shartlar. Oila (jamoa) pudrati shartlari asosida beriladigan yer uchastkalaridan qatʼiy ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turlariga muvofiq foydalaniladi, bunda haydaladigan yerlar maydoni oʻlchamlarining kamaytirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Yer uchastkasining oʻlchamlari va uning chegaralari taraflarning kelishuviga koʻra oʻzgartirilishi mumkin. Oila (jamoa) pudratida mehnatga haq toʻlash yakuniy natijalarga koʻra — yetishtirilgan mahsulotning shartnomada nazarda tutilgan miqdori, sifati va bahosiga koʻra amalga oshiriladi. Shu bilan birga oila aʼzolari (pudratchilar) — pay egalari xoʻjalikning yil davomidagi faoliyati yakuniy natijalariga koʻra aniqlanadigan dividendlar oladilar. Oila (jamoa) pudrati shartlari asosida berilgan yer uchastkasi uchun pudratchidan yer haqi undirilmaydi. Bu uchastkalardan olinadigan yer soligʻini qishloq xoʻjaligi kooperativi va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari, muassasalari hamda tashkilotlari belgilangan tartibda toʻlaydi. Pudrat shartnomasi shartlari asosida olingan yer uchastkasini ijaraga yoki yordamchi pudratga berish taqiqlanadi. Yer uchastkasi jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilgan taqdirda pudratchi zarar va boshqa xarajatlar ushbu Kodeks 86-moddasiga muvofiq qoplanishini talab qilish huquqiga ega. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/YK)