YK · 79-modda

79-modda. Yerlarni muhofaza qilishning mazmuni va tartibi

Yerlarni muhofaza qilish ulardan belgilangan maqsadda, oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini, oʻrmon fondi yerlarining samaradorligini tiklash va oshirish, qishloq xoʻjalik oborotidan va tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish, rekreatsiya maqsadlariga moʻljallangan yerlar va tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar tarkibidan yerlarning asossiz ravishda olib qoʻyilishi oldini olish, ularni zararli antropogen taʼsirdan himoya qilishga qaratilgan huquqiy, tashkiliy, iqtisodiy, texnologik va boshqa tadbirlar tizimini qamrab oladi.

Yerlarni muhofaza qilish yerlarga murakkab tabiiy hosilalar (ekotizimlar) tariqasida, ularning zona va mintaqa xususiyatlarini eʼtiborga olgan holda atroflicha yondashish asosida amalga oshiriladi.

Yerlardan oqilona foydalanish tizimi tabiatni muhofaza qilish va resurslarni tejash tarzida boʻlishi hamda tuproqning saqlanishini, oʻsimlik va hayvonot dunyosiga, geologiya jinslariga va atrof muhitning boshqa tarkibiy qismlariga taʼsir oʻtkazishni cheklashni nazarda tutishi kerak.

Yerlarning muhofaza qilinishini taʼminlash maqsadida yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar:

hududni oqilona tashkil etadilar;

tuproq unumdorligini, shuningdek yerning boshqa xossalarini tiklaydilar va oshiradilar;

yerlarni suv va shamol eroziyasidan, sellardan, suv bosishdan, zaxlashdan, qayta shoʻr bosishdan, qaqrab qolishdan, zaranglashishdan, ishlab chiqarish chiqindilari, kimyoviy va radioaktiv moddalar bilan ifloslanishdan, xarob qiladigan boshqa jarayonlardan himoya qiladilar;

qishloq xoʻjalik yerlarini buta va mayda dov-daraxtlar, yovvoyi oʻtlar bosib ketishidan va yerlarning madaniy-texnikaviy holatini yomonlashtiruvchi boshqa jarayonlardan himoya qiladilar;

hosildan qolgan qishloq xoʻjalik yerlaridagi tuproq unumdorligini boshqa usullar bilan qayta tiklashning iloji boʻlmasa, bu yerlarni konservatsiya qiladilar;

buzilgan yerlarni qaytadan ekinzorga aylantiradilar, ularning unumdorligini va boshqa foydali xossalarini oshiradilar;

yerlarni buzish bilan bogʻliq boʻlgan ishlarni amalga oshirish chogʻida tuproqning unumdor qatlamini sidirib oladilar, undan foydalanadilar va uni saqlab qoladilar.

yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallashga va (yoki) oʻzboshimchalik bilan qilingan qurilishga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasidagi qonunga xilof qurilishni toʻxtatib turish boʻyicha choralar koʻradi.

Davlat organlari yerlarni muhofaza qilish yuzasidan respublika dasturi va hududiy dasturlar doirasida zarur chora-tadbirlarni koʻradilar.

Hosildan qolgan qishloq xoʻjalik yerlarini konservatsiya qilish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.