# Yer kodeksi — 8-modda. Yer fondi toifalari > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/YK/8 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Oʻzbekiston Respublikasida yer fondi yerlardan foydalanishning belgilangan asosiy maqsadiga koʻra quyidagi toifalarga boʻlinadi: 1) qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar — qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun berilgan yoki ana shu maqsadga moʻljallangan yerlar. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar ushbu Kodeksning 43-moddasiga muvofiq turlarga boʻlinadi; 2) aholi punktlarining (shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlarining) yerlari — shaharlar va posyolkalar, shuningdek qishloq aholi punktlari chegarasi doirasidagi yerlar; 3) sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar — koʻrsatilgan maqsadlarda foydalanish uchun yuridik shaxslarga berilgan yerlar; 4) tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish va rekreatsiya maqsadlariga moʻljallangan yerlar — muhofaza etiladigan tabiiy hududlar egallagan, ustuvor ekologik, ilmiy, madaniy, estetik, rekreatsiya va sanitariya-sogʻlomlashtirish ahamiyatiga molik yerlar; 5) tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar — moddiy madaniy meros obyektlari joylashgan yerlar; 6) oʻrmon fondi yerlari — oʻrmon bilan qoplangan, shuningdek oʻrmon bilan qoplanmagan boʻlsa ham, oʻrmon xoʻjaligi ehtiyojlari uchun berilgan yerlar; 7) suv fondi yerlari — suv obyektlari, suv xoʻjaligi inshootlari egallagan yerlar va suv obyektlarining qirgʻoqlari boʻylab ajratilgan mintaqadagi yerlar; 8) zaxira yerlar. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/YK)