Yerlardan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi davlat organlari oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
yerlardan oqilona foydalanish hamda ularni muhofaza qilish masalalari yuzasidan tekshiruvlar oʻtkazish, mazkur masalalar boʻyicha barcha zarur hujjatlarni va materiallarni olish, tuproqning kadastr maʼlumotlariga mosligini aniqlash maqsadida tuproqni tekshirish;
yer toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishining sabablari va bunga olib kelgan shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan, barcha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi shart boʻlgan koʻrsatmalar (yozma buyruqlar) berish;
aybdor mansabdor shaxslarni va fuqarolarni maʼmuriy javobgarlikka tortish, yer toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash, shuningdek oʻzboshimchalik bilan egallangan, ajratilgan yer uchastkasiga tutash va tutash boʻlmagan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha daʼvolar taqdim etish, aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish uchun tegishli korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdimnomalar yuborish;
yer toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun yer uchastkalarini olib qoʻyish, shu jumladan yerlarni ijaraga berish shartnomalarini muddatidan oldin bekor qilish haqidagi, shuningdek yerlardan foydalanishni cheklash va toʻxtatib qoʻyishga doir materiallarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga va sudga taqdim etish;
yerlardan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish masalalari boʻyicha yuridik va jismoniy shaxslardan zarur axborotlar olish, mazkur masalalar yuzasidan davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar rahbarlarining hisobotlari va axborotlarini eshitish;
yerlardan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini olib borish ishlarida qatnashish uchun mutaxassislarni belgilangan tartibda jalb qilish.
Yerlardan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi davlat organlari va mansabdor shaxslar:
yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq foydalanilishini, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalarining ijarachilari va mulkdorlari tomonidan yerlarni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishini belgilangan tartibda tekshirishlari;
yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish hamda aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish yuzasidan oʻz vaqtida choralar koʻrishlari;
yerlardan oqilona foydalanish hamda ularni muhofaza qilish bilan bogʻliq tadbirlar yuzasidan oʻz vakolatlari doirasida koʻrsatmalar berishlari shart.
Yuridik va jismoniy shaxslarning yerlardan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish borasidagi faoliyati bir yilda koʻpi bilan bir marta tekshirilishi mumkin. Agar organ yerlardan oqilona foydalanmaslik va ularni muhofaza qilmaslik sabablarini bartaraf etish yuzasidan koʻrsatmalar bergan boʻlsa, u belgilangan muddatda mazkur tadbirlarni tekshirishga haqlidir.
Yerlardan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organlar va mansabdor shaxslar oʻz faoliyatlarining toʻgʻri tashkil etilishi va amalga oshirilishi uchun qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladilar.