PQ-616-son Qaror · 06.04.2007

Aholi bandligini oshirish hamda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-616
  • Qabul qilingan sana:06.04.2007
  • Kuchga kirgan sana:06.04.2007
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 15

Aholi daromadlari va farovonligi darajasini oʻstirishning gʻoyat muhim omili sifatida uning bandligini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, mehnat bozori infratuzilmasini yanada rivojlantirish, odamlarni ijtimoiy himoya qilish tizimini mustahkamlash, ushbu masalalarni hal etishda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlarining rolini faollashtirish hamda javobgarligini kuchaytirish, shuningdek ular faoliyatini tashkil qilishni takomillashtirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 12-yanvardagi F-2654-sonli Farmoyishiga muvofiq tashkil etilgan Ishchi guruhi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan Aholi bandligini oshirish hamda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari dasturi 1-ilovaga muvofiq maʼqullansin.

Ishchi guruhi Dastur topshiriqlari bajarilishi ustidan qatʼiy monitoring oʻrnatsin va uning ijrosi toʻgʻrisida har chorakda Vazirlar Mahkamasiga axborot berib borsin.

2. Respublika sharoitida aholi bandligi va daromadlarini oshirishning samarali shakllaridan biri sifatida aholini xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan kooperatsiyalashgan holda kasanachilik mehnatiga keng jalb etishni ragʻbatlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yirik sanoat korxonalari bilan kasanachilikni rivojlantirish asosidagi ishlab chiqarish va xizmatlar oʻrtasida kooperatsiyani kengaytirishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2006-yil 5-yanvardagi PF-3706-sonli Farmonining amal qilishi iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari, birinchi galda transport, aloqa, qurilish va qurilish industriyasining yirik korxonalariga, shuningdek tayyor mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat korxonalariga nisbatan ham joriy etilsin.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-oktabrdagi PF-5204-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2017-y., 06/17/5204/0114-son)

4. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda, mehnat bozorida vujudga kelayotgan tendensiyalarni va muayyan ixtisosliklar boʻyicha kadrlarga nisbatan talab-ehtiyojni hisobga olgan holda kadrlarni kasbiy tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha yoʻnalishlardagi oʻzgarishlarga oid takliflarni tizimli asosda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-oktabrdagi PF-5204-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2017-y., 06/17/5204/0114-son)

5. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligining tuman (shahar) mehnat, bandlik va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boʻlimlari negizida yirik qishloq fuqarolar yigʻinlari (mahallalar)da mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boʻyicha muqim punktlari boʻlgan Bandlikka koʻmaklashuvchi tuman (shahar) markazlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.

Quyidagilar Bandlikka koʻmaklashuvchi markazlarining asosiy vazifalari etib belgilansin:

(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-oktabrdagi PF-5204-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2017-y., 06/17/5204/0114-son)

ish bilan band boʻlmagan aholi hisobi metodikasiga muvofiq, ishsizlar tizimli ravishda hisobga olib borilishini, ishga joylashishga muhtojlar, shuningdek mavjud boʻsh ish joylari toʻgʻrisida maʼlumotlar banki shakllantirilishini taʼminlash;

ishsizlar, birinchi navbatda yoshlar, xotin-qizlar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirishga koʻmaklashish;

aholi bandligining samarali shakllarini rivojlantirish, jumladan kasanachilik mehnatini joriy etish, mustaqil ish bilan bandlik, shu jumladan shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklarida qoramol boqish hamda boshqa turdagi ish bilan bandlikni ragʻbatlantirish;

ishsizlarni kasbga oʻqitish va qayta oʻqitishni tashkil qilish, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qonun hujjatlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, haq toʻlanadigan jamoat ishlarini kengaytirish;

mehnat, aholining bandligi sohasidagi qonun hujjatlarining talablariga rioya etilishini nazorat qilish, mehnat munosabatlarini takomillashtirish chora-tadbirlarini, moddiy ragʻbatlantirish va mehnatni muhofaza qilish mexanizmlarini amalga oshirish;

(5-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-oktabrdagi PF-5204-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2017-y., 06/17/5204/0114-son)

(5-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-oktabrdagi PF-5204-sonli Farmoni asosan chiqarilgan— Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2017-y., 06/17/5204/0114-son)

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-martdagi PF-4209-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 13-son, 92-modda)

(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-oktabrdagi PF-5204-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2017-y., 06/17/5204/0114-son)

7. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi markaziy apparati boʻlinmalari rahbarlarini, hududiy bosh boshqarmalar, shuningdek vazirlikka boʻysunuvchi tashkilotlar rahbarlarini attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha Respublika komissiyasi 7-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.

Respublika komissiyasi ikki oy muddatda mazkur toifalardagi xodimlarni ularning malaka va kasb darajalariga nisbatan talablarni eʼtiborga olgan holda attestatsiyadan oʻtkazsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi 2007-yilning 1-iyuliga qadar:

hududiy bosh boshqarmalar tarkibiy boʻlinmalari, shuningdek, Bandlikka koʻmaklashuvchi tuman (shahar) markazlari va tuman (shahar) ijtimoiy taʼminot boʻlinmalari rahbarlarini ularning malaka va kasbiy saviya-darajasiga nisbatan qattiq talablar qoʻygan holda attestatsiyadan oʻtkazsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda ishsizlar kasbga tayyorlanadigan, qayta tayyorlanadigan va malakasi oshiriladigan bazaviy kasb-hunar kollejlarini hududlar boʻyicha belgilasin, shuningdek, ish beruvchilar va mehnat bozorining malakali kadrlarga boʻlgan talab-ehtiyojlarini hisobga oladigan tegishli taʼlim dasturlarini ishlab chiqsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi bir oy muddatda Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan respublikaning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olib belgilangan normalardan kelib chiqqan holda, hududlar boʻyicha Ishga joylashishga muhtoj, ish bilan band boʻlmagan aholi hisobi metodikasini ishlab chiqsin hamda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Mehnat vazirligining mehnat organlari xodimlarining mehnatini ragʻbatlantirish hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.

(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-oktabrdagi PF-5204-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2017-y., 06/17/5204/0114-son)

Mehnat organlari xodimlarining mehnatini ragʻbatlantirish hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

(10-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-oktabrdagi PF-5204-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2017-y., 06/17/5204/0114-son)

11. Adliya vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2007-yil 6-aprel,

PQ-616-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 6-apreldagi PQ-616-son qaroriga 1-ILOVA

Aholining ish bilan bandligini kengaytirish hamda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari dasturi

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-oktabrdagi PF-5204-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2017-y., 06/17/5204/0114-son)

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 30-dekabrdagi PQ-1251-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2009-y., 52-son, 562-modda)

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 30-dekabrdagi PQ-1251-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2009-y., 52-son, 562-modda)

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 30-dekabrdagi PQ-1251-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2009-y., 52-son, 562-modda)

(4a-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 30-dekabrdagi PQ-1251-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2009-y., 52-son, 562-modda)

(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 30-dekabrdagi PQ-1251-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2009-y., 52-son, 562-modda)

(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 30-dekabrdagi PQ-1251-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2009-y., 52-son, 562-modda)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 6-apreldagi PQ-616-son qaroriga 7-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining markaziy apparati va hududiy boʻlinmalari rahbarlarini attestatsiyadan oʻtkazish respublika komissiyasi tarkibi

R.S. Azimov‎ —‎ Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, moliya vaziri — komissiya raisi; ‎ A.A. Xaitov‎ —‎ mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri vazifasini bajaruvchi — komissiya raisining oʻrinbosari; ‎ F.X. Boqiyev‎ —‎ Vazirlar Mahkamasining iqtisodiyot va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari QATD mudiri; ‎ N.Q. Allayorov‎ —‎ Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni bosh konsultanti; ‎ J.A. Qoʻchqorov‎ —‎ moliya vazirining oʻrinbosari; ‎ A.I. Komilov‎ —‎ sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari; ‎ R.M.Shoabdurahmonov‎ —‎ iqtisodiyot vazirining oʻrinbosari; ‎ E.S. Kanyazov‎ —‎ adliya vazirining oʻrinbosari; ‎ B.X. Xodiyev‎ —‎ Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetining rektori; ‎ T.M. Ahmedov‎ —‎ Ijtimoiy-iqtisodiy tadqiqotlar markazi direktorining oʻrinbosari. ‎

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 6-apreldagi PQ-616-son qaroriga 8-ILOVA

Mehnat organlari xodimlarining mehnatini ragʻbatlantirish hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash jamgʻarmasi toʻgʻrisida

(8-ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-oktabrdagi PF-5204-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2017-y., 06/17/5204/0114-son)

I. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom Mehnat organlari xodimlarining mehnatini ragʻbatlantirish hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash jamgʻarmasi (bundan keyin matnda — Jamgʻarma)ni tashkil etish va uning mablagʻlaridan foydalanish tartibini belgilab beradi.

(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-oktabrdagi PF-5204-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2017-y., 06/17/5204/0114-son)

2. Jamgʻarma mablagʻlaridan xodimlarning bajarilayotgan ish samaradorligi va sifatini oshirishdan moddiy manfaatdorligini kuchaytirish, shuningdek mehnat organlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun foydalaniladi.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-oktabrdagi PF-5204-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2017-y., 06/17/5204/0114-son)

II. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari

3. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:

Bandlikka koʻmaklashuvchi davlat jamgʻarmasi tushumlari mablagʻlarining 5 foizi;

qonunchilikka muvofiq boshqa tushumlar.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-oktabrdagi PF-5204-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2017-y., 06/17/5204/0114-son)

4. Jamgʻarma mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri bandlik hududiy bosh boshqarmalarining budjetdan tashqari maxsus hisobvaraklarida jamlanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan oʻrnatilgan tartibda mehnat organlari oʻrtasida taqsimlanadi.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-oktabrdagi PF-5204-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2017-y., 06/17/5204/0114-son)

III. Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari smetasini tuzish, tasdiqlash hamda roʻyxatga olish tartibi

5. Jamgʻarmaning kelgusi yilgi daromadlari miqdorlarini belgilashda Jamgʻarmaning avvalgi yil oxiridagi mablagʻlari qoldigʻi hamda keyingi ikki yil ichida qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlarni eʼtiborga olib, tushumlar dinamikasini nazarda tutgan holda hisoblab chiqilgan prognoz tushumlari hajmi inobatga olinadi.

6. Smetaning xarajatlar qismi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan davlat budjeti xarajatlari tasnifiga muvofiq xarajatlarni moddalar boʻyicha aniq koʻrsatgan holda xarajat guruhlari boʻyicha tuziladi.

7. Jamgʻarmaning daromad va xarajatlari smetasi tegishli ravishda:

Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, viloyatlar va Toshkent shahri bandlik hududiy bosh boshqarmalarining boshliqlari tomonidan tuman (shahar) boʻlinmalari xarajatlar smetalarini ilova qilgan holda tasdiqlanadi.

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-oktabrdagi PF-5204-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2017-y., 06/17/5204/0114-son)

8. Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari smetasini roʻyxatga olish budjet tashkilotlarining xarajatlar smetalari va shtat jadvallarini Moliya vazirligi va moliya organlarida hisobga olishning Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 1999-yil 9-dekabrda 93-son (1999-yil 13-dekabrdagi 849-roʻyxat raqami) tasdiqlangan Tartib bilan belgilangan tartib va muddatlarda amalga oshiriladi.

9. Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, viloyatlar va Toshkent shahri bandlik hududiy bosh boshqarmalari boshliqlari tomonidan Jamgʻarma tushumlarining hajmlaridan kelib chiqib, belgilangan tartibda roʻyxatga olingan holda Jamgʻarmaning daromad va xarajatlari smetasiga har chorakda oʻzgartishlar kiritilishi mumkin.

(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-oktabrdagi PF-5204-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2017-y., 06/17/5204/0114-son)

IV. Jamgʻarma mablagʻlarini yoʻnaltirish va foydalanish tartibi

10. Jamgʻarma mablagʻlarini sarflash Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri bandlik hududiy bosh boshqarmalarining, Bandlikka koʻmaklashuvchi tuman (shahar) markazlarining budjetdan tashqari maxsus hisobvaraqlaridan, tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetalariga muvofiq amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, viloyatlar va Toshkent shahri bandlik hududiy bosh boshqarmalarining boshliqlari, tuman (shahar) Bandlikka koʻmaklashish markazlarining direktorlari, ular boʻlmagan taqdirda esa — ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tegishli ravishda Jamgʻarma mablagʻlarini tasarruf etuvchilar hisoblanadi.

(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-oktabrdagi PF-5204-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2017-y., 06/17/5204/0114-son)

11. Jamgʻarma mablagʻlari kuyidagi maqsadlarga yoʻnaltiriladi:

a) Jamgʻarma mablagʻlarining kamida 50 foizi miqdorida — mehnat organlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishga, shu jumladan, belgili xizmat muddatini ado etganlik uchun har yili bir yoʻla beriladigan mukofot pulini toʻlashga;

b) Jamgʻarma mablagʻlarining 50 foizigacha miqdorda — mehnat organlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga, shuningdek, kadrlar tayyorlash va xodimlarning malakasini oshirish boʻyicha sarf-xarajatlarga, shu jumladan:

vazirlik, unga tegishli boʻlgan tashkilotlar, hududiy boshqarmalar hamda tuman (shahar) bandlikka koʻmaklashuvchi markazlar uchun binolar va xonalar qurish, sotib olish, taʼmirlashga, shuningdek, ularni zarur asbob va anjomlar bilan jihozlashga;

binolar, inventarlar va xoʻjalik jihozlari, avtotransport, aloqa vositalari, hisoblash texnikasi, kompyuter va tashkiliy texnika sotib olish, taʼmirlash, texnik xizmat koʻrsatish va ularni ekspluatatsiya qilishga, dasturiy taʼminot vositalari xarid qilish va xizmat koʻrsatishga;

davriy matbuot nashrlarini, maxsus adabiyotlar, kitob mahsulotlari, idoraviy ashyolarni sotib olishga;

kadrlar tayyorlash va xodimlar malakasini oshirish boʻyicha xarajatlarga;

mehnat organlari faoliyatini yaxshilashga qaratilgan boshqa tadbirlarga yoʻnaltiriladi.

Jamgʻarmaning joriy yilda foydalanilmagan mablagʻlari qoldigʻi navbatdagi moliya yiliga oʻtadi va olib qoʻyilmaydi.

(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-oktabrdagi PF-5204-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2017-y., 06/17/5204/0114-son)

12. Xodimlarga yuqori kasbiy malakasi uchun har oylik shaxsiy ustama haq, ishdagi muvaffaqiyatlari va muhim topshiriqlarni bajargani uchun ayrim xodimlarni mukofotlash, yubiley sanalari munosabati bilan bir marotabalik pul mukofotlari berish, Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida belgilangan bayram kunlari munosabati bilan mukofotlar toʻlash, mansab maoshlariga har oylik qoʻshimcha haq belgilash (ovqat va boshqa maqsadlarga), moddiy yordam koʻrsatish Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri tomonidan tasdiqlanadigan Xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy muhofaza qilish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq hamda ushbu Nizomning 10-bandida koʻrsatilgan Jamgʻarma mablagʻlarini tasarruf etuvchilarning buyruqlari asosida, tegishli Jamgʻarmalarning mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

13. Jamgʻarmadan xodimlarga ustama haq, mukofotlar belgilash va moddiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi qaror har bir mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organida tashkil etiladigan maxsus komissiya tomonidan qabul qilinadi.

14. Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, viloyatlar va Toshkent shahri bandlik hududiy bosh boshqarmalarining boshliqlari zarur hollarda Jamgʻarma mablagʻlarini Jamgʻarmaning daromad va xarajatlar smetasiga belgilangan tartibda tegishli oʻzgartishlar kiritgan holda, kuyi mehnat organlariga qaytadan taqsimlashlari mumkin.

(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-oktabrdagi PF-5204-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2017-y., 06/17/5204/0114-son)

15. Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha xodimlarni saqlash man etiladi.

V. Hisob, hisobot va nazorat

16. Jamgʻarma mablagʻlarining tushumi va xarajatlari hisobi budjetdan tashqari boshqa mablagʻlardan, shu jumladan budjet tashkilotlarini rivojlantirish jamgʻarmasidan alohida yuritiladi.

17. Jamgʻarma mablagʻlari tushumi va xarajatlari toʻgʻrisidagi budjet mablagʻlari uchun belgilangan tartib va muddatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etiladi.

18. Jamgʻarma mablagʻlarining maqsadli sarflanishi hamda ushbu mablagʻlarni shakllantirish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida taqdim etiladigan maʼlumotlarning haqqoniyligi uchun mehnat organlarining rahbarlari shaxsan javobgar boʻladilar.

(18-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-oktabrdagi PF-5204-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2017-y., 06/17/5204/0114-son)

Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadga nomuvofiq foydalanish faktlari aniqlangan hollarda maqsadga nomuvofiq foydalanilgan summaning hammasi aybdor shaxslarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli javobgarlik choralari qoʻllangan holda davlat budjeti daromadiga olib qoʻyiladi.

19. Jamgʻarma mablagʻlaridan toʻgʻri va maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi hamda uning hududiy organlari tomonidan amalga oshiriladi.

(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-oktabrdagi PF-5204-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2017-y., 06/17/5204/0114-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.