Ilmiy-amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalar rivojlantirilishi hamda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash jarayonlariga tatbiq etishni ragʻbatlantirish boʻyicha amaliy mexanizmlar yaratish, fan va ishlab chiqarishning yanada mustahkam aloqasini taʼminlash maqsadida, shuningdek, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari hamda real iqtisodiyot tarmoqlari korxonalari oʻrtasida uzviy hamkorlik aloqalarini oʻrnatishda innovatsion gʻoyalar va loyihalar Respublika yarmarkasining ahamiyatini hisobga olgan holda:
1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Innovatsion gʻoyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkasi har yili oʻtkaziladi.
Innovatsion gʻoyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkasining har yili oʻtkazilishini tashkil qilish Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi zimmasiga yuklansin.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
2. Oʻrta muddatli istiqbolda innovatsion mahsulotlar va texnologiyalarni rivojlantirish chora-tadbirlari kompleksi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Innovatsion gʻoyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkasini yuqori saviyada oʻtkazish va tasdiqlangan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi zimmasiga yuklansin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi PF-5399-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.04.2018-y., 06/18/5399/1018-son)
4. Amaliy ilmiy ishlanmalar va innovatsion texnologiyalar ishlab chiqarishga keng tatbiq etilishini taʼminlash uchun vazirliklar, idoralar, uyushmalar, kompaniyalar va boshqa xoʻjalik birlashmalari quyidagilarni:
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning amortizatsion ajratmalari va sof foydasi, shuningdek buyurtmachilarning maqsadli tushumlari shakllantirish manbalaridan iborat boʻlgan modernizatsiya va yangi texnologiyalar jamgʻarmalarini;
tarmoq va korxonani innovatsion rivojlantirishga javobgar boʻlgan tarkibiy boʻlinmalar, zarur hollarda esa — loyiha-konstruktorlik byurolarini tashkil etishda xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda korxonalarga koʻmaklashsin.
5. Quyidagilar tashkil etilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarni innovatsion rivojlantirish tarkibiy boʻlinmalarining asosiy vazifalari etib belgilansin:
zamonaviy uskunalar va texnologiyalarning xalqaro va mahalliy ishlanmalarini oʻrganish, shu asosda zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishning har yilgi va oʻrta muddatli dasturlarini shakllantirish;
mahalliy amaliy ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarga buyurtmalar jamlamasini shakllantirish, shuningdek ularni joylashtirish;
amaliy ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalar natijalarini korxona faoliyati amaliyotiga tatbiq etish.
Mazkur tarkibiy tuzilmalar faoliyatiga tatbiq etilgan loyihalar va ishlanmalar soni, shuningdek ulardan olingan iqtisodiy samaraga qarab baho berilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Xoʻjalik boshqaruvi organlari va korxonalarning modernizatsiya va yangi texnologiyalar jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomni belgilangan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
7. Belgilansinki, modernizatsiya va yangi texnologiyalar jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan ilmiy amaliy tadqiqotlarni, innovatsion loyihalarni, tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini hamda ularni ishlab chiqarish jarayoniga tatbiq etishni moliyalashtirishda foydalaniladi.
8. 2013-yilning 1-yanvarigacha boʻlgan davrda oʻquv va ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda tashkilotlari, loyiha-konstruktorlik tashkilotlari xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha amalga oshiriladigan amaliy ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini bajarish qismida daromad soligʻi, yagona soliq toʻlovi, qoʻshilgan qiymat soligʻi va davlatning maqsadli jamgʻarmalariga majburiy toʻlovlar (yagona ijtimoiy toʻlovdan tashqari) toʻlashdan ozod etilsin.
9. Ilmiy-tadqiqot muassasalari va tashkilotlarini qayta jihozlash va qoʻshimcha jihozlash uchun belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha modernizatsiya qilish doirasida olib kelinadigan uskunalar bojxona toʻlovlaridan (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-iyundagi PF-6011-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.06.2020-y., 06/20/6011/0780-son — 2020-yil 1-oktabrdan kuchga kiradi)
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2009—2012-yillar mobaynida davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari doirasida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini olib borayotgan ilmiy-tadqiqot muassasalari va tashkilotlarining ilmiy, texnologik va laboratoriya uskunalarini modernizatsiya qilishga mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi 2009-yilning 1-yanvarigacha boʻlgan muddatda ilmiy-tadqiqot muassasalari va tashkilotlarining ilmiy, texnologik va laboratoriya uskunalarini modernizatsiya qilishga xalqaro moliya institutlarining maqsadli grant mablagʻlarini jalb etish masalalarini ishlab chiqsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 15-iyul,
PQ-916-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 15-iyuldagi PQ-916-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻrta muddatli istiqbolda innovatsion mahsulotlar va texnologiyalarni rivojlantirish chora-tadbirlari kompleksi