PQ-986-son Qaror · 16.10.2008

Oʻzbekiston Respublikasi Aksiyadorlik tijorat xalq bankining kapitallashuvini yanada koʻpaytirish va investitsion faolligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-986
  • Qabul qilingan sana:16.10.2008
  • Kuchga kirgan sana:16.10.2008
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 43

(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-iyundagi PQ-3076-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 25-son, 534-modda)

Fuqarolar jamgʻarmalarini ishonchli, kafolatli himoyalashni taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasi Aksiyadorlik tijorat Xalq bankining (keyinchalik — Xalq banki) kapitallashuvini koʻpaytirish va moliyaviy barqarorligini oshirish, jamgʻarmalarga aholining boʻsh mablagʻlari jalb etilishini kengaytirish hamda koʻrsatiladigan bank xizmatlari sifatini yaxshilash, shuningdek bankning investitsion faoliyatini kuchaytirish va ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnikaviy hamda texnologik yangilash boʻyicha istiqbolli dasturlarni amalga oshirishdagi ishtirokini faollashtirish maqsadida:

(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-iyundagi PQ-3076-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 25-son, 534-modda)

1. Quyidagilar Xalq bankining asosiy vazifalari etib belgilansin:

(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-iyundagi PQ-3076-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 25-son, 534-modda)

respublika aholisiga bank xizmatlari koʻrsatilishini tubdan takomillashtirish, mijozlarga xalqaro standartlar darajasidagi zamonaviy, jozibador bank xizmatlari keng kompleksini taqdim etish, buning asosida aholining bankka boʻlgan ishonchini oshirish va milliy hamda xorijiy valyutadagi bank omonatlarining barqaror oʻsishini taʼminlash;

Xalq bankining plastik kartochkalaridan keng foydalangan holda aholining naqd pulsiz hisob-kitoblari tizimini har tomonlama rivojlantirish, shuningdek xalqaro bank kartochkalari bilan operatsiyalarni kengaytirish;

bank mablagʻlarini oʻz vaqtida va toʻliq qaytarilishini, shuningdek bankning barqaror foizli daromadini taʼminlab beruvchi ishonchli va yuqori likvidli aktivlar hamda moliyaviy vositalarga samarali joylashtirish;

qarz oluvchilarning moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini tahlil qilishning zamonaviy usullarini tatbiq etish, ularning kredit qobiliyatini baholash va biznes-rejalarini atroflicha oʻrganish asosida kredit tavakkalchiligini boshqarish tizimini takomillashtirish;

avvalo ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnikaviy hamda texnologik yangilash, zamonaviy xorijiy texnologiyalar va uskunalarni jalb etish, ushbu asosda yuqori sifatli, jahon va ichki bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishni taʼminlashga yoʻnaltirilgan istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirishni birgalikda moliyalash yoʻli bilan aktiv investitsiya faoliyatini olib borish;

Xalq bankining hududiy boʻlimlari va filiallarining moliyaviy salohiyatini oshirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etgan holda ularning moddiy-texnika bazasini, ayniqsa qishloq joylarda yanada mustahkamlash, yuqori daromadli mintaqaviy investitsiya loyihalarini amalga oshirishda bank boʻlimlari va filiallarining ishtirokini kengaytirish;

Xalq banki xodimlarini qayta tayyorlash va malakasi oshirilishini tizimli asosda tashkil etish, bank boʻlinmalarini aholiga bank xizmati koʻrsatilishini takomillashtirish hamda bankning investitsion faoliyatini kuchaytirish masalalarini samarali hal etish qobiliyatiga ega yuqori malakali, tashabbuskor rahbar va mutaxassislar bilan mustahkamlash.

2. Davlat-tijorat Xalq banki aksiyadorlarining umumiy yigʻilishi tomonidan 2008-yilda bankning ustav kapitalini 100 mlrd. soʻmga yetkazish toʻgʻrisida qaror qabul etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy bankining 2009 — 2012-yillar mobaynida Davlat-tijorat Xalq bankining ustav kapitalini bank aksiyadorlari orasidagi mavjud ulush taqsimotini saqlab qolgan va bank aksiyalarini 1-ilovaga muvofiq hajmda qoʻshimcha joylashtirgan holda 200 mlrd. soʻmga yetkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-martdagi PF-5968-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2020-y., 06/20/5968/0331-son)

4. Kuzatuv kengashi (B.A. Xodjayev) va Xalq banki Boshqaruvi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda:

(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-iyundagi PQ-3076-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 25-son, 534-modda)

har yili bankning kredit rejasini shakllantirishda moliyalashtirilishi moʻljallanayotgan investitsiya loyihalarini sinchkovlik bilan tanlab olish, samaradorligini kompleks baholash va ekspertizadan oʻtkazishni taʼminlasin;

amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining oʻzini qoplashi, qoʻyilgan mablagʻlarning oʻz vaqtida va toʻliq qaytarilishi ustidan tizimli monitoring joriy etsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan qoʻshimcha va oʻzgartishlar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Raisi F.M. Mullajonov zimmalariga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2008-yil 16-oktabr,

PQ-986-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 16-oktabrdagi PQ-986-son qaroriga 1-ILOVA

2009 — 2012-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat-tijorat Xalq bankining qoʻshimcha joylashtiriladigan aksiyalari

Izoh: Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat-tijorat Xalq bankining qoʻshimcha joylashtiriladigan aksiyalaridagi ulushi 2011-2012-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Davlat budjetiga oʻtkaziladigan foydasi hisobidan shakllantiriladi.

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-martdagi PF-5968-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2020-y., 06/20/5968/0331-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.