PQ-852-son Qaror · 30.04.2008

Germaniya Federativ Respublikasining imtiyozli kreditidan foydalangan holda “Qurilish va uy-joy-kommunal xoʻjaligi sohasida kasb-hunar taʼlimini rivojlantirishga koʻmaklashish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-852
  • Qabul qilingan sana:30.04.2008
  • Kuchga kirgan sana:30.04.2008
  • Holati:Amalda

Germaniya taraqqiyot banki (KfW)ning imtiyozli kreditidan foydalangan holda amalga oshirilayotgan “Qurilish va uy-joy-kommunal xoʻjaligi sohasida kasb-hunar taʼlimini rivojlantirishga koʻmaklashish” investitsiya loyihasini samarali va oʻz vaqtida bajarish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Germaniya Federativ Respublikasi Hukumati oʻrtasida 2005-yil 21-dekabrda “Qurilish va uy-joy-kommunal xoʻjaligi sohasida kasb-hunar taʼlimini rivojlantirishga koʻmaklashish” loyihasini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi bilan Germaniya taraqqiyot banki (KfW)ning moliyaviy hamkorligi toʻgʻrisidagi Bitimga muvofiq 40 yil muddatga, shu jumladan yiliga foiz stavkasi 0,75 foiz boʻlgan 10 yillik imtiyozli davr bilan 8 mln yevro miqdorida imtiyozli kredit va 1 mln yevro miqdorida begʻaraz grant taqdim etilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Belgilansinki:

mazkur kredit boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan qarz oluvchi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hisoblanadi;

loyihani amalga oshirish boʻyicha ijrochi agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi hisoblanadi;

asosiy qarzni uzish, foizlar, vositachilik haqi va imtiyozli kreditga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlash davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

3. Quyidagilar:

loyihaning texnik-iqtisodiy hisob-kitoblari asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlar bilan birga 1-ilovaga muvofiq;

kreditni soʻndirish, u boʻyicha foizlar va komissiyalar toʻlashning prognoz jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi zimmasiga loyihani oʻz vaqtida amalga oshirish, qarz mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanishni taʼminlash boʻyicha masʼuliyat yuklansin.

Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi belgilangan tartibda:

loyihaning texnik hujjatlarini tayyorlash boʻyicha konsalting xizmatlari koʻrsatishga tender eʼlon qilsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda “Davarxitektqurilish”qoʻmitasiga uskunalar xarid qilish, oʻquv materiallarini nashr etish va xizmatlar koʻrsatishga zarur hujjatlarni, shu jumladan tender hujjatlarini kelishish uchun taqdim etsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi ushbu loyiha doirasida tuziladigan import shartnomalarini belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2008-2009-yillarda Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markaziga loyihani amalga oshirish guruhining import qilinadigan uskunalarni deklaratsiyalash, bojxona omborida saqlash va sertifikatlash boʻyicha xarajatlarini qoplash; bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar toʻlovi, shuningdek, kasb-hunar kollejlariga loyiha doirasida yetkaziladigan oʻquv-laboratoriya uskunalarini respublika hududida tashish uchun zarur mablagʻlarni ajratsin.

7. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Germaniya taraqqiyot banki (KfW) oʻrtasidagi bitim shartlariga muvofiq loyiha doirasida:

olib kelinadigan uskuna va unga ehtiyot qismlar, oʻquv-koʻrgazma qurollari va texnik vositalar uchun bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari);

KfWning imtiyozli krediti mablagʻlari va granti hisobidan xarid qilinadigan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida sotiladigan tovarlar (ishlar va xizmatlar) qoʻshilgan qiymat soligʻidan, Pensiya jamgʻarmasi, Respublika yoʻl jamgʻarmasi va Taʼlim muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash boʻyicha budjetdan tashqari jamgʻarmaga majburiy ajratmalardan;

loyihani amalga oshirishda jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi hududida daromad manbaidan olinadigan daromad soligʻidan ozod qilinsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi buyurtmanomalariga asosan mazkur loyihani amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik yigʻimlar va boshqa yigʻimlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini taʼminlasin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi buyurtmanomalariga asosan loyihani amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga davlat boji toʻlamasdan koʻp martalik vizalar berilishi va uzaytirilishini, shuningdek, ularning turgan joyi boʻyicha vaqtinchalik roʻyxatga olinishi va muddati uzaytirilishini taʼminlasin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2008-yil 30-aprel,

PQ-852-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 30-apreldagi PQ-852-son qaroriga 1-ILOVA

Loyiha texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarining

* Yakuniy qiymat koʻrsatkichlari kontraktlarni belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazishda belgilanadi.

** Kreditning taqsimlanmagan qismi KfW bilan kelishgandan soʻng va tender komissiyasi tasdiqlangandan keyin qoʻshimcha kollejlarni jihozlashga yoʻnaltiriladi.

*** Kasb-hunar kollejlarining yakuniy soni tender natijalari boʻyicha belgilanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 30-apreldagi PQ-852-son qaroriga 2-ILOVA

“Qurilish va uy-joy-kommunal xoʻjaligi sohasida kasb-hunar taʼlimini rivojlantirishga koʻmaklashish” loyihasini amalga oshirish uchun taqdim qilinadigan Germaniya taraqqiyot banki (KfW)ning krediti boʻyicha foizlar va komissiyalar toʻlash, kreditni soʻndirish

* Asosiy qarz, foizlar va komissiyalar boʻyicha toʻlovlar summasi kreditni haqiqatda oʻzlashtirilganligiga qarab aniqlashtiriladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.