Keyingi yillarda iqtisodiyotning muhim tarmoqlarini modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlash, umumtaʼlim maktablari, kasb-hunar kollejlari va litseylar, sogʻliqni saqlash obyektlarini barpo etish va rekonstruksiya qilish dasturlarini amalga oshirishga doir koʻrilayotgan chora-tadbirlar natijasida loyiha-tadqiqot ishlari hajmi sezilarli ravishda oshganini qayd etish zarur.
Shu bilan birga, loyihalash ishlarini tashkil etish borasidagi jiddiy kamchiliklar amalga oshirilayotgan investitsiya jarayonlariga toʻsqinlik qilmoqda va ularning samaradorligini pasaytirmoqda. Aksariyat xususiylashtirilgan loyiha-tadqiqot tashkilotlari faoliyati loyiha-smeta hujjatlarini sifatli ishlab chiqish boʻyicha zamon talablariga javob bermaydi. Loyihalash ishlari sifati ham sezilarli ravishda pasaygani kuzatilmoqda. Buning natijasida ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari koʻpincha vakolatli ekspertiza organlari tomonidan qayta ishlab chiqish uchun qaytarilmoqda.
Loyiha-tadqiqot tashkilotlari amaliyotiga loyihalashtirishning zamonaviy uslublari, jumladan, loyihalash ishlarini avtomatlashtirish va amaliy dasturiy mahsulotlar sust joriy etilmoqda.
Yosh va istiqbolli loyihachi kadrlarni koʻpaytirishga yetarli eʼtibor qaratilmayotgani, respublikamizning ushbu yoʻnalishdagi oliy oʻquv yurtlarida ularni tayyorlash sifatining talab darajasida emasligi natijasida aksariyat loyiha-tadqiqot tashkilotlari rahbarlari va mutaxassislarining malakasi pastligicha qolmoqda.
Loyiha-tadqiqot tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish, ularning istiqbolli va iqtisodiy jihatdan samarali investitsiya yechimlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda faol ishtirokini taʼminlash, moddiy-texnika bazasi va kadrlar tarkibini mustahkamlash, shu asosda ishlab chiqiladigan loyihalar sifatini jiddiy oshirish maqsadida:
1. Nizom jamgʻarmasida davlat ulushi kamida 51 foizni tashkil etadigan yetakchi loyiha-tadqiqot tashkilotlari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Quyidagilar qayd etilgan yetakchi loyiha-tadqiqot tashkilotlarining asosiy vazifalari etib belgilansin:
oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiyotning muhim tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish boʻyicha takliflar tayyorlash, shuningdek, investitsiya loyihalarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda belgilangan tartibda ishtirok etish;
ilgʻor xorijiy tajribadan foydalangan holda, loyihalashtirishning zamonaviy va ilmiy jihatdan asoslangan texnologik tartibini ishlab chiqishda ishtirok etish;
obyektlarni avtomatlashtirilgan tarzda loyihalashtirishning, jumladan, qurilishning ilgʻor va yangi turdagi qurilish materiallarini qoʻllashni koʻzda tutadigan zamonaviy texnologiyalarini joriy etish;
mualliflar tomonidan loyihalashtirilgan obyektlar qurilishining barcha bosqichlarida sifatli mualliflik nazoratini taʼminlash;
ilmiy-tadqiqot institutlari va yetakchi oliy oʻquv yurtlarini jalb etgan holda, yuqori texnologik uslublar va uskunalarni xalqaro standartlar darajasida qoʻllashni koʻzda tutadigan loyihalashtirish jarayonlariga zamonaviy meʼyorlar va standartlarni tatbiq etish boʻyicha takliflar tayyorlash;
ushbu yoʻnalishda faoliyat koʻrsatayotgan oliy oʻquv yurtlari talabalarining oʻquv-ishlab chiqarish amaliyotini oʻtashida, oʻqituvchilarining tajriba orttirishida, ularga avtomatlashtirilgan tarzda loyihalashtirishning zamonaviy texnologiyalari boʻyicha materiallar hamda uslublarni taqdim etish borasida koʻmaklashish.
2. Oʻzbekiston Respublikasida Loyihalash ishlarini takomillashtirishga oid kompleks tadbirlar 2-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligiga quyidagi vazifalar yuklatilsin:
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-iyuldagi PF-5483-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.07.2018-y., 06/18/5483/1594-son)
loyiha ishlarini muvofiqlashtirish, loyiha-tadqiqot tashkilotlari mintaqaviy tarmogʻini kengaytirish va uning ishlari samaradorligini oshirish;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-iyuldagi PF-5483-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.07.2018-y., 06/18/5483/1594-son)
shaharsozlik sohasida ilmiy-tadqiqot ishlari buyurtmachisi boʻlish, bu mazkur ishlarni qurilish meʼyorlari, qoidalari va standartlariga kiritishni, loyihalashtirish va qurilish sohasida yangi konsepsiyalarni yaratishni ham oʻz ichiga oladi.
4. 2008-yilning 1-mayidan yetakchi loyiha-tadqiqot tashkilotlari asosiy faoliyat turi boʻyicha 3 yil muddatga foyda va mulk soligʻini toʻlashdan, shuningdek, davlat ulushi boʻyicha dividendlarni berishdan ozod etilsin, boʻshagan mablagʻlar ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda mutaxassislar malakasini oshirishga maqsadli yoʻnaltirilsin.
Belgilansinki, soliq solishdan boʻshagan mablagʻlar, shuningdek, davlat ulushi boʻyicha dividendlar 1-ilovaga muvofiq belgilangan tartibda yetakchi loyiha-tadqiqot tashkilotlari nizom jamgʻarmalariga davlatning qoʻshgan hissasi sifatida kapitallashtiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2008-yil 1-iyulgacha:
Toshkent arxitektura-qurilish instituti, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti, Toshkent davlat texnika universiteti va Toshkent kimyo-texnologiya instituti rahbarlari hamda ixtisoslashgan kafedralari mudirlarini attestatsiyadan oʻtkazsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi bilan birgalikda yuqorida nomlari qayd etilgan oliy oʻquv yurtlari, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarida texnika yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlaydigan boshqa oliy oʻquv yurtlarida oʻquv rejalari va dasturlarini qayta koʻrib chiqsin, bunda sanoat, infratuzilma va fuqarolik obyektlarini loyihalashtirish sohasida loyihalash ishini rivojlantirishning xalqaro standartlari hamda yoʻnalishlariga muvofiq tarzda zamonaviy fikrlaydigan, malakali mutaxassislar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga qonunchilikka mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari N. Xanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 29-aprel,
PQ-847-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 29-apreldagi PQ-847-son qaroriga 1-ILOVA
Nizom jamgʻarmasida davlat ulushi kamida 51 foizni tashkil etadigan yetakchi loyiha-tadqiqot tashkilotlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 29-apreldagi PQ-847-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida loyihalash ishlarini takomillashtirishga oid kompleks chora-tadbirlar