PF-374-son Farmon · 06.04.1992

Jahon millatlar hamjamiyatiga aʼzo boʻlganlik munosabati bilan amnistiya toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-374
  • Qabul qilingan sana:06.04.1992
  • Kuchga kirgan sana:06.04.1992
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:Ведомости Верховного Совета 6

Oʻzbekiston Respublikasi Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aʼzo boʻlganligi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlikka bagʻishlangan Xelsinki Kengashining yakunlovchi hujjatlarini tasdiqlaganligi hamda inson huquqlariga rioya etish yuzasidan xalqaro huquqiy majburiyatlarni oʻz zimmasiga olganligi munosabati bilan, jamiyat uchun uncha xavfli boʻlmagan ayrim huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan rahm-shafqat va insonparvarlik koʻrsatib, qaror qilaman:

1. Quyidagi mahkumlar ozodlikdan mahrum etishdan iborat jazodan, shuningdek ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazodan ozod qilinsin:

a) Ulugʻ Vatan urushining qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslar;

b) ogʻir boʻlmagan jinoyatlari uchun 3 yil muddatgacha birinchi marta ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan balogʻat yoshiga yetmaganlar, shuningdek ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazoga hukm qilingan balogʻat yoshiga yetmaganlar;

v) ehtiyotsizligi oqibatida jinoyat sodir etgan mahkumlar (Jinoyat kodeksi 208-moddasining II va III qismlari bundan mustasno;)

g) mehnatga majburiy jalb qilish bilan shartli ravishda ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganlar, shuningdek shartli ravishda ozod qilinganlar;

d) birinchi marta ogʻir boʻlmagan jinoyatni qasddan sodir etgan, sud jazoni manzilgoh koloniyalarda oʻtashni tayinlagan, belgilangan jazo muddatining kamida yarmini oʻtab boʻlgan mahkumlar;

e) ehtiyotsizligi oqibatida sodir etgan jinoyatlari va qasddan sodir etgan ogʻir boʻlmagan jinoyatlari uchun birinchi marta intizomiy batalonga yuborishga hukm qilingan, belgilangan jazo muddatining kamida uchdan bir qismini oʻtab qoʻygan, shuningdek harbiy xizmatdan boʻyin tovlaganligi uchun hukm qilingan harbiy xizmatchilar;

j) balogʻat yoshiga yetmagan bolalarga ega boʻlgan ayollar, (homiladorlar), 60 yoshdan oshgan mahkumlar, I va II guruh nogironlari, (oʻta havfli davlat jinoyatlarini hamda ushbu Farmonning 6-moddasida koʻrsatib oʻtilgan jinoyatlarni sodir etganlik uchun hukm qilinganlar va jinoiy javobgarlikka tortilganlar bundan mustasnodir);

2. Ogʻir boʻlmagan jinoyatlarni qasddan sodir etganligi uchun hukm qilingan, jazo muddatining qolgan qismi olti oydan kamroqni tashkil etadigan shaxslar ozodlikdan mahrum etish joylaridan boʻshatilsin.

3. Birinchi marta hukm qilingan quyidagi shaxslarning jazoni oʻtashda qolgan muddatining yarmi qisqartirilsin:

a) ogʻir boʻlmagan jinoyatlarni qasddan sodir qilgan balogʻat yoshiga yetmaganlar;

b) yoʻl harakati xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun (Jinoyat kodeksi 208-moddasining II qismi).

4. Qasddan qilingan jinoyatlar uchun, shuningdek ogʻir boʻlmagan jinoyatlar uchun hukm qilinganlarning jazoni oʻtashda qolgan muddatining uchdan bir qismi qisqartirilsin.

5. Quyidagi tergov ishlari va sudlar koʻrib chiqmagan ishlarning hammasi yotqizilsin:

a) Farmon 1-moddasining “a”, “b”, “j” bandlarida koʻrsatib oʻtilgan shaxslar mazkur Farmon kuchga kirgunga qadar sodir etgan jinoyatlar toʻgʻrisidagi;

b) harbiy xizmatdan boʻyin tovlagan shaxslarga nisbatan.

6. Amnistiya Farmonning 1, 3, 4, 5-moddalarida sanab oʻtilgan quyidagi shaxslarga nisbatan qoʻllanilmaydi:

a) oʻta xavfli davlat jinoyatlari sodir etganlik, shuningdek milliy va irqiy teng huquqlilikni buzganlik;

davlat sirini oshkor etganlik;

banditizm,

axloq tuzatish-mehnat muassasalari ishini izdan chiqaruvchi xatti-harakatlar qilganlik;

kontrabanda;

ommaviy tartibsizliklar;

soxta pul va qimmatbaho qogʻozlar tayyorlaganlik yoki sotganlik uchun jazoga hukm qilinganlar va jinoiy javobgarlikka tortilganlar;

b) oʻta xavfli ashaddiy jinoyatchilar deb topilganlar;

v) qasddan odam oʻldirganlik;

qasddan ogʻir tan jarohati yetkazganlik;

militsiya xodimi yoki xalq drujinachisining hayotiga tajovuz qilganlik;

nomusga tekkanlik;

tovlamachilik qilganlik (reket);

firibgarlik;

alohida katta miqdordagi davlat yoki jamoat mulkini talon-taroj qilganlik;

alohida belgilari boʻlgan holatda davlat, jamoat yoki shaxsiy mulkni oʻgʻirlaganlik;

talonchilik;

bosqinchilik;

jinoyatni ogʻirlashtiradigan xolatlarda pora olganlik, pora berganlik yoki poraxoʻrlikda vositachilik qilganlik;

ashaddiy, oʻta ashaddiy bezorilik, shuningdek respublika Jinoyat kodeksi 100-moddasining 2-qismida, 101, 101-1, 102-2, 209-2, 209-3, 210-1, 216-2, 216-3, 216-4 216-5 va 216-6-moddalarida koʻzda tutilgan jinoyatlar uchun hukm qilinganlar va jinoiy javobgarlikka tortilganlar,

g) qasddan qilingai jinoyatlar uchun bir necha marta ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganlar, shuningdek Farmon ushbu moddasining “a” va “v” bandlarida koʻrsatib oʻtilgan jinoyatlar uchun ilgari ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganlar;

d) afv yoki amnistiya tartibida ilgari jazodan ozod qilingan va yana qasddan jinoyat sodir etganlar;

e) ichkilikbozlik, giyohvandlik yoki tanosil kasalliklaridan toʻliq davolanmaganlar;

j) jazoni oʻtash vaqtida tartibni qasddan buzuvchilar.

7. Mazkur Farmon eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi, Oʻzbekiston Respublikasining sudlari va uning hududida joylashgan harbiy tribunallar hukm qilgan, shuningdek respublikaning tergov organlari jinoiy javobgarlikka tortgan shaxslargagina joriy qilinadi va olti oy davomida ijro etilishi lozim.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda jazodan ozod qilingan, hamda dispanser roʻyxatidagi 1 va 2-guruh sil kasaliga chalinganlarni belgilangan tartibda hisobga olishni va maxsus davolash muassasalariga yuborishni tashkil etsinlar.

9. Adliya vazirligi va Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi hamda Oliy sudi bilan birgalikda uch kun muddat ichida ushbu Farmonni qoʻllanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsinlar va uni tasdiqlash uchun taqdim etsinlar.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1992-yil 6-aprel,

PF-374-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.