PF-3367-son Farmon · 23.12.2003

Kichik tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmini takomillashtirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-3367
  • Qabul qilingan sana:23.12.2003
  • Kuchga kirgan sana:23.12.2003
  • Rasmiy nashr:Ведомости Олий Мажлиса 11-12

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini moliyalash va kreditlash tizimini yanada takomillashtirish hamda soddalashtirish, kredit resurslarini shakllantirish manbalaridan oqilona foydalanishni taʼminlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, “Xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash fondi” (Biznes-fond) aksiyadorlik jamiyati va “Tadbirkor” aksiyadorlik-tijorat banki muassislarining quyidagi taklifi qabul qilinsin:

Biznes-fondni qonunchilikda belgilangan tartibda tugatish;

Biznes-fondning 2004-yil 1-yanvardagi holatiga koʻra kredit resurslari qoldiqlarini “Tadbirkor” ATBga topshirish.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 29-martdagi PF-4524-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2013-y., 14-son, 175-modda)

3. Belgilab qoʻyilsinki, 2004-yilning 1-yanvaridan boshlab ilgari Biznes-fond resurslarini shakllantirishga ajratilgan mablagʻlar:

davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlar — 1991-yilga qadar koʻrilgan koʻp xonali turar joy binolarini kapital taʼmirlashni, shuningdek umumtaʼlim maktablari hamda maktabgacha tarbiya bolalar muassasalarini kapital taʼmirlash va jihozlashni moliyalash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti va viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga oʻtkaziladi;

(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 8-iyuldagi PF-4631-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 29-son, 356-modda)

Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasidan — yangi ish joylarini yaratish loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari vositasida kichik tadbirkorlik subyektlarini kreditlash orqali Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi dasturlarini moliyalashga yoʻnaltiriladi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash fondi (Biznes-fond)ni tashkil etish haqida” 1995-yil 26-iyuldagi PF-1208-son Farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda mazkur Farmon ijrosi yuzasidan qaror qabul qilsin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2003-yil 23-dekabr,

PF-3367-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.