Xususiy tadbirkorlikni va kichik biznesni jadal rivojlantirish, tadbirkorlik harakatining davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishini hamda kreditorlarga qarz kapitali evaziga kafolatlar berilishini koʻzda tutuvchi dasturlarni roʻyobga chiqarish uchun qulay shart-sharoitlarni vujudga keltirish maqsadida:
1. Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining, “Oʻzsanoatqurilishbank”, “Oʻzdehqonchiliksanoatbank”, “Tadbirkorbank”, “Savdogarbank”, “Mevasabzavotbank”ning, Tadbirkorlar uyushmasining, Shaxsiy yordamchi xoʻjaliklar uyushmasining, Ishbilarmon xotin-qizlar uyushmasining “Madad” sugʻurta agentligini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
“Madad” agentligi muassislarining agentlik ustav jamgʻarmasini 10 million soʻm miqdorida shakllantirish haqidagi taklifi maʼqullansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, “Madad” sugʻurta agentligi:
yuridik shaxs huquqiga boʻlgan ochiq turdagi hissadorlik jamiyati hisoblanadi va oʻz faoliyatini Ustavga muvofiq toʻla xoʻjalik hisobi prinsiplari asosida tashkil qiladi, Qoraqalpogʻiston Respublikasida va viloyatlarda oʻz boʻlinmalariga ega boʻladi;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 3-martdagi PF-3404-son Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2004-y., 9-son, 104-modda)
3. Quyidagilar “Madad” sugʻurta agentligi faoliyatning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
— xususiy tadbirkorlar va kichik biznesga kreditlar, shu jumladan imtiyozli kreditlar olish uchun taqdim etiladigan investitsiya loyihalarini baholash va ekspertiza qilish;
— tadbirkorlik tavakkalchiliklaridan imtiyozli shartlar asosida sugʻurta yoʻli bilan himoya etish, kreditlar qoplanmaganligi uchun qarzdorning masʼuliyatini sugʻurtalash;
— respublikada xususiy tadbirkorlikni va kichik biznesni rivojlantirishga yoʻnaltiriladigan xorijiy sarmoyalarini sugʻurta yoʻli bilan himoya qilinishni taʼminlash.
4. “Madad” agentligining muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatishi uchun Oʻzbekiston Respublikasining Moliya vazirligi uning sugʻurta jamgʻarmasini shakllantirishga 100 million soʻm miqdorida foizsiz ssuda ajratib bersin.
5. “Madad” sugʻurta agentligi qonunda belgilangan soliqlar, shuningdek majburiy toʻlovlar toʻlashdan uch yilga ozod qilishsin, mablagʻlarning shu qismi sugʻurta jamgʻarmasini toʻldirishga va uni texnika bilan jihozlashga sarflanishi belgilab qoʻyilsin.
6. Vazirlar Mahkamaning bir hafta muddat ichida “Madad” sugʻurta agentligining faoliyatini tashkil etish masalalari yuzasidan qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 26-iyul,
PF-1207-son