1. Oʻzbekiston mustaqilligini mustahkamlashda, istiqlol yoʻlida buyuk davlat barpo etishda maʼnaviyat va maʼrifat omillarini hisobga olgan holda, umuminsoniy va milliy qadriyatlar uygʻunligiga asoslangan fuqarolik jamiyati qurish borasidagi fikr-mulohazalarni va takliflarni eʼtiborga olib respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat” jamoatchilik markazi tashkil etilsin.
2. Markazning samarali faoliyati va oʻz maqsadi yoʻlidagi vazifalarni izchil bajarishi uchun, milliy tafakkurni rivojlantirish, maʼnaviyat va maʼrifatni yanada kamol toptirishga koʻmaklashish niyatida, unga 6—8 bosma taboq hajmida “Tafakkur” nomli jurnalni chop etish, noshirlik ishlarini yuritish huquqi berilsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Markazni va uning joylardagi tarkibiy tuzilmalarini tashkil qilish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni koʻrsinlar.
4. Moliya vazirligi (B. Hamidov) va boshqa tegishli tashkilotlar Markazni hamda jurnal tahririyatini asosiy faoliyati uchun zarur boʻlgan mablagʻ, ashyo va jihozlar bilan taʼminlasinlar.
5. Vazirlar Mahkamasi “Maʼnaviyat va maʼrifat” markazining ishlariga tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida oʻz qarorini qabul qilsin.
6. Toshkent shahar hokimligi (A. Fozilbekov) Markazni va uning jurnali tahririyatini Toshkent shahri, Otaturk koʻchasidagi 24-binoga joylashtirsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 23-aprel,
PF-842-son