PF-291-son Farmon · 16.11.1991

Respublikaning davlat taʼminotidagi aholisi turmush darajasiga madad berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-291
  • Qabul qilingan sana:16.11.1991
  • Kuchga kirgan sana:16.11.1991
  • Rasmiy nashr:Ведомости Верховного Совета 1

Respublikaning davlat taʼminotidagi aholisi moddiy va ijtimoiy-maishiy sharoitini yaxshilash yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarni taʼminlash maqsadida:

1. 1992-yilning 1-yanvaridan boshlab xalq taʼlimi, sogʻliqni saqlash, madaniyat, ijtimoiy taʼminot, fan va uy-joy-kommunal tarmoqlar (nomoddiy ishlab chiqarish sohalari) xodimlarining ish haqi oʻrta hisobda 40—50 foiz oshirilsin.

2. Oliy oʻquv yurtlari studentlarining, texnikumlar hamda respublika hukumatining qarorlariga binoan kiyim-kechak va ovqat bilan taʼminlanmayotgan hunar-texnika bilim yurtlari talabalarining stipendiyalari 1992-yilning 1-yanvaridan boshlab oʻrta hisobda 30 foiz oshirilib, imtiyozli ovqatlanishga qoʻshimcha haq avvalgi miqdorda saqlab qolinsin.

3. 1992-yilning 1-yanvaridan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududida ish haqi va mehnat nafaqasining eng kam miqdori oyiga 200 soʻm hajmida belgilansin. Bunda ishlamaydigan pensionerlarga beriladigan kompensatsiya toʻlovlari avvalgi miqdorda saqlab qolinsin.

4. 1992-yilning 1-yanvaridan boshlab fuqarolarning soliq olinmaydigan daromadlarining eng kam miqdori oyiga 200 soʻm hajmida belgilansin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Barcha turdagi maktablarning oʻqituvchilari, bolalar uylarining tarbiyachilariga qoʻshimcha imtiyozlar berish, yuqori sinf oʻqituvchilarining ish haqini oshirish haqida”gi 1990-yil 13-noyabr Farmoni 1992-yil 1-yanvaridan boshlab respublika hunar-texnika taʼlimi sistemasi oʻqituvchilari va ishlab chiqarish taʼlimi ustalariga ham joriy etilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi oʻn kun muddat ichida mazkur Farmonni amalga oshirish yuzasidan tashkiliy chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi qaror loyihasini tayyorlasin va koʻrib chiqish uchun taqdim etsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddat ichida amaldagi qonunchilikni mazkur Farmonga muvofiqlashtirish haqida takliflar kiritsin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1991-yil 16-noyabr,

PF-291-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.