Oʻzbekiston fuqarolari jahon tillarini egallashlari, ularni umuminsoniy qadriyatlardan bahramand qilish, jahon sivilizatsiyasi yutuqlaridan foydalanishda til toʻsiqlarini bartaraf etish, kengayib borayotgan xalqaro aloqalarni yuqori malakali tarjimon va mutaxassislar bilan taʼminlash, bu sohadagi mavjud kadrlarni, moddiy-moliyaviy mablagʻlarni jamlash maqsadida:
1. 1992-yilning 15-iyunida Toshkent davlat chet tillar pedagogika instituti bilan Respublika rus tili va adabiyoti pedagogika institutining negizida Oʻzbekiston Davlat jahon tillari universitetini tashkil etish toʻgʻrisida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligining taklifi qabul qilinsin.
2. Quyidagilar universitetning asosiy vazifalari etib belgilansin:
— rivojlangan mamlakatlarning yutuqlaridan foydalanib, BMTning rasmiy tillari boʻyicha mutaxassislar tayyorlash yangi konsepsiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish;
— butun taʼlim tizimi uchun chet tillar oʻqituvchilarini, shuningdek keng sohali tarjimonlarni tayyorlash;
— ilmiy-uslubiy muammolarni va oʻquv materiallarini ishlab chiqish, respublika oliy oʻquv yurtlari chet tillar fakultetlari va kafedralari bilan Fanlar akademiyasining faoliyatini muvofiqlashtirish;
— turli xil tajribalar oʻtkazish yoʻli bilan oʻqitishning kompyuter texnikasi va audiovizual vositalarini qoʻllangan holda chet tillarga jadal oʻrgatish usullarini joriy qilish;
— chet tillar tarjimonlari va oʻqituvchilarining malakasini oshirish;
— talabalar va mutaxassislarning bilimlariga baho berishda taʼlim jarayoniga sinov amaliyotini joriy qilish;
— tegishli sohadagi xorijiy oʻquv yurtlari bilan bevosita aloqalar oʻrnatish, ular bilan hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisida uzoq muddatli shartnomalar tuzish;
— oʻzining intellektual imkoniyatlaridan faol foydalanish hisobiga valyuta mablagʻlari jamgʻarmasini tuzish;
— universitetning moddiy-texnika negizini mustahkamlash va uning mulkini koʻpaytirish.
3. Vazirlar Mahkamasi 10 kun muddat ichida tegishli qarorni tayyorlasin va unda mazkur Farmonni roʻyobga chiqarishga doir tashkiliy chora-tadbirlar koʻzda tutilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 12-may,
PF-401-son