PQ-2487-son Qaror · 09.02.2016

“Sogʻlom ona va bola yili” Davlat dasturi toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2487
  • Qabul qilingan sana:09.02.2016
  • Kuchga kirgan sana:22.02.2016
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 7

Xalqimizning asriy anʼanalarini hisobga olib, “Ona va bola sogʻlom boʻlsa, oila baxtli, oila baxtli boʻlsa, jamiyat mustahkam boʻladi” degan hayotbaxsh qadriyat va oliyjanob gʻoya jamiyatda chuqurroq anglab yetilishiga va qaror topishiga yoʻnaltirilgan keng chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish, oilani, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish, jamiyatda onalarga alohida hurmat-eʼtibor muhitini shakllantirish, sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalash, oilaning mustahkam, sogʻlom va ahil boʻlishida mahalliy davlat hokimiyati organlari va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish maqsadida, shuningdek 2016-yil Oʻzbekiston Respublikasida “Sogʻlom ona va bola yili” deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan:

1. “Sogʻlom ona va bola yili” Davlat dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin, quyidagilar uning ustuvor vazifalari va amalga oshirilishi yoʻnalishlari etib belgilansin:

oilani, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ayollar manfaatlarini himoya qilish, sogʻlom bolani tarbiyalashda ularning rolini oshirish, kuchli, barqaror va ravnaq topayotgan davlatning negizi sifatida oila institutini mustahkamlashga yoʻnaltirilgan qonunchilik va normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish;

olis va chekka qishloq tumanlarida yashayotgan aholi, ayniqsa ayollar uchun zarur ijtimoiy, maishiy va tibbiy nuqtai nazardan zarur shart-sharoitlar yaratish, qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosidagi zamonaviy uy-joylar, ijtimoiy infratuzilma obyektlarini barpo etish, qishloq aholisini toza ichimlik suv, tabiiy gaz bilan taʼminlash, xizmatlar koʻrsatish va servis darajasini yuksaltirish borasidagi ishlarni izchil davom ettirish;

tibbiyot muassasalarining, jumladan perinatal va skrining markazlarning moddiy-texnika bazasini va kadrlar salohiyatini yanada mustahkamlash, oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarining ish samaradorligini oshirish, patronaj tibbiyot hamshiralarining sonini koʻpaytirishni taʼminlash, akusher-ginekologlar va bolalar shifokorlari malakasini oshirish;

nikohga kirayotgan shaxslarning nikohdan oldin toʻliq tibbiy koʻrikdan oʻtishini taʼminlash uchun tibbiyot xodimlarining masʼuliyatini kuchaytirish, shu asosda tugʻma va irsiy kasalliklar sonini kamaytirish hamda ushbu maqsadlarda poliklinikalarni zamonaviy tashxis uskunalari bilan jihozlash, koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, mustahkam oila qurish va sogʻlom farzand tugʻilishi uchun nikohdan oldin tibbiy koʻrikdan oʻtishning muhimligini aholi keng qatlamlari ongiga singdirishga qaratilgan keng qamrovli tushuntirish ishlarini olib borish;

aholining tibbiy madaniyatini oshirish, sanitariya va gigiyena, homilador ayollarning sogʻligʻini saqlash va psixofiziologik ahvolini yaxshilash, yosh onalar va bolalarni tegishli tarzda parvarish qilish sohasidagi ishlarni kuchaytirish, ularning ovqatlanish ratsioni sifati va kaloriyasi yaxshilanishini taʼminlash;

yoshlar orasida jismoniy tarbiya va sportni keng ommalashtirish, yoshlarni, ayniqsa qishloq joylarda qizlarni sport bilan muntazam shugʻullanishga jalb etish, yangi sport obyektlarini qurish, ishlab turganlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy sport uskunalari va anjomlari bilan jihozlash, yuqori malakali trener kadrlar va murabbiylar bilan taʼminlash;

mamlakatimizda tinchlik, osoyishtalik va farovonlikni yanada mustahkamlashning muhim sharti sifatida oilalarda sogʻlom maʼnaviy muhitni, xususan, oʻzaro hurmat-ehtirom, er-xotin oʻrtasida, ota-onalar bilan farzandlar, qaynona-kelin oʻrtasida, qoʻni-qoʻshnilar oʻrtasida mehr-oqibat ruhini shakllantirish;

qiz bolalarni — boʻlajak onalarni — jismonan sogʻlom va intellektual rivojlangan tarzda voyaga yetkazish, ularning akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida albatta taʼlim olishini, zamonaviy bilimlar va kasb-hunarlarga ega boʻlishlarini taʼminlash, ularning hayotda munosib oʻrin egallashlarida, kelajakda sogʻlom va mustahkam oila qurishlarida asosiy shart hisoblangan hayotga boʻlgan mustahkam nuqtai nazarni va mustaqil fikrlashni shakllantirish;

sogʻlom bolani voyaga yetkazishda taʼlim tizimining rolini kuchaytirish, maktabgacha taʼlim muassasalari tarmogʻini yanada rivojlantirish, bolalarni maktabga tayyorlash darajasini tubdan oshirish, ilgʻor pedagogika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini amaliyotga keng joriy etgan holda boshlangʻich taʼlimning yuqori sifatini taʼminlash, sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish tadbirlarini amalga oshirish;

kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini, avvalo qizlarni ishga joylashtirish, oʻz biznesini yoʻlga qoʻyish ishtiyoqidagi yoshlarga imtiyozli kreditlar, yosh oilalarga uy-joy sotib olish va qurish uchun ipoteka kreditlari, uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar xarid qilish uchun isteʼmol kreditlari ajratish chora-tadbirlarini taʼminlash;

dasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalarni hal etishda mahalliy hokimiyat organlari bilan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, xotin-qizlar va yoshlar birlashmalari, faxriylar tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, bu ishlarga jamiyatda hurmat va obroʻ-eʼtiborga sazovor boʻlgan keksa avlod vakillarini keng jalb etish;

ommaviy axborot vositalari, shu jumladan elektron axborot vositalarining va Internet tarmogʻining imkoniyatlaridan faol foydalangan holda “Sogʻlom ona va bola yili” Davlat dasturining maqsad va vazifalari hamda Dasturning amalga oshirilishi toʻgʻrisida keng axborot-tushuntirish ishlarini tashkil etish.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 10-dekabrdagi F-4577-son farmoyishi bilan tashkil etilgan Respublika komissiyasiga Davlat dasturiga kiritilgan tadbirlar toʻliq, oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish va nazorat qilish yuklansin.

Respublika komissiyasi (Sh. Mirziyoyev):

bir hafta muddatda — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va tegishli hududlarning hokimlari boshchiligida Davlat dasturini amalga oshirish boʻyicha tegishli komissiyalar tashkil etilishini taʼminlasin, ularga Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlar soʻzsiz, toʻliq va oʻz vaqtida amalga oshirilishi uchun shaxsiy masʼuliyatni yuklasin;

ikki hafta muddatda — vazirliklar, idoralar, aksiyadorlik kompaniyalari, uyushmalar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan har bir davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, viloyat, shahar, tuman va aholi punkti boʻyicha “Sogʻlom ona va bola yili” tarmoq va hududiy dasturlari ishlab chiqilishi va qabul qilinishini;

Davlat dasturiga kiritilgan tadbirlar toʻliq va oʻz vaqtida bajarilishiga qaratilgan ishlarni davlat va xoʻjalik boshqaruvi respublika organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari darajasida muvofiqlashtirilishini taʼminlasin, tadbirlar amalga oshirilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin;

yilning har bir choragi yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devoniga Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlar bajarilishi toʻgʻrisidagi axborot taqdim etilishini taʼminlasin.

3. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:

Davlat dasturining maqsad va vazifalari, uni amalga oshirish boʻyicha asosiy yoʻnalishlar va chora-tadbirlar bosma va elektron ommaviy axborot vositalari, shu jumladan Internet tarmogʻi jalb etilgan holda aholi orasida muntazam, tizimli va keng yoritilishini;

davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, mahallalar, nodavlat notijorat tashkilotlari Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishda amalda ishtirok etishi va aniq ulush qoʻshishi aks ettirilgan holda uning amalga oshirilishidan keng jamoatchilik doimiy ravishda xabardor qilinishini taʼminlasinlar.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2016-yil 9-fevral,

PQ-2487-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 9-fevraldagi PQ-2487-son qarorigaILOVA

“Sogʻlom ona va bola yili”

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-iyuldagi PF-5483-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.07.2018-y., 06/18/5483/1594-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.