PF-4944-son Farmon · 03.02.2017

Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-4944
  • Qabul qilingan sana:03.02.2017
  • Kuchga kirgan sana:04.02.2017
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 6

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirish, mahalla institutini aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylantirish, fuqarolar yigʻinlarining mushtarak manfaatlarini ifoda etadigan uyushmaga birlashish huquqlarini roʻyobga chiqarish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorligini yanada rivojlantirish maqsadida:

1. Quyidagilar mahalla institutini yanada takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:

fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining jamiyatdagi oʻrni va rolini kuchaytirish, ularni joylarda xalqning chinakam maslakdoshi va koʻmakdoshiga aylantirish;

jamiyatimizda oʻzaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini shakllantirishda, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda rivojlantirishda mahallalarning ahamiyati va nufuzini yanada oshirish;

yoshlarni maʼnaviy boy va jismonan sogʻlom etib tarbiyalash, ularning bandligini taʼminlash, yosh avlodni mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini, keksa avlod vakillarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining davlat va nodavlat tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorligini mustahkamlash;

jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlashda, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda, fuqarolarda qonunga hurmat hissini kuchaytirishda mahallalarning bevosita ishtirokini kengaytirish;

fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning hamda ular faoliyatini muvofiqlashtirishning samarali mexanizmlarini joriy etish, mahalla tizimida yagona huquqni qoʻllash amaliyotini taʼminlash.

2. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi, Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi va fuqarolar yigʻinlarining quyidagi takliflari maʼqullansin:

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashiga (keyingi oʻrinlarda Respublika kengashi deb ataladi) yuridik shaxs maqomini bergan holda uni fuqarolar yigʻinlarining uyushmasi shaklida tashkil etish;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha hududiy kengashlarni (keyingi oʻrinlarda hududiy kengashlar deb ataladi) Respublika kengashining tarkibiy tuzilmalari sifatida tashkil etish;

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlariga tegishincha Respublika kengashi, hududiy kengashlarga jamoatchilik asosida raislik qilish vazifasini yuklash;

Respublika kengashi va hududiy kengashlar raislarining birinchi oʻrinbosarlari bir vaqtning oʻzida Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondining (keyingi oʻrinlarda “Mahalla” fondi deb ataladi) tegishincha respublika boshqaruvi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻlimlari, tumanlar va shaharlar boʻlinmalariga raislik qilishlari;

Respublika kengashida tashkiliy ishlar va uslubiy masalalar boʻyicha rais oʻrinbosari, shuningdek Respublika kengashi hamda hududiy kengashlarda yoshlar ishlari, diniy-maʼrifiy masalalar, keksalar va faxriylar ishlari boʻyicha rais oʻrinbosarlari lavozimlarini joriy etish;

fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan fuqarolar yigʻini raisining oʻrinbosari — yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchi lavozimini kiritish.

3. Quyidagilar:

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi ijro apparatining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha kengashlar ijro apparatlarining namunaviy tuzilmalari 3 va 4-ilovalarga muvofiq;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha kengashlar ijro apparatlari xodimlarining cheklangan soniga nisbatan toifalangan hududlar, tumanlar va shaharlar roʻyxatlari 5 va 6-ilovalarga muvofiq maʼqullansin.

4. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Kompleks chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari zimmasiga yuklansin.

5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat Kengashlari, Respublika kengashi, “Mahalla” fondi va mahallalar faollarining tarkibida mahallalar tuzilgan shaharcha, qishloq va ovul fuqarolar yigʻinlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mahalla fuqarolar yigʻinlariga birlashtirish va boʻlish yoʻli bilan qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

6. Belgilab qoʻyilsinki:

“Mahalla” fondi va fuqarolar yigʻinlarining taklifiga binoan Respublika kengashi, hududiy kengashlar ijro apparatlari “Mahalla” fondining tegishincha respublika boshqaruvi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻlimlari, tumanlar va shaharlar boʻlinmalari, shuningdek shaharcha, qishloq va ovul fuqarolar yigʻinlarining qayta tashkil etilishi munosabati bilan boʻshaydigan shtat birliklari hisobidan shakllantiriladi;

Respublika kengashi, hududiy kengashlar ijro apparatlarining shtatdagi xodimlarini taʼminlash va moddiy ragʻbatlantirish “Mahalla” fondi hisobidan amalga oshiriladi, ushbu maqsadlarga yoʻnaltiriladigan mablagʻlarning yetmagan qismi esa Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan qoplanadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatchilarining mehnatini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi 1997-yil 13-maydagi PF–1778-sonli Farmonining mehnat haqi boʻyicha Yagona tarif setkasi razryadlariga muvofiq ragʻbatlantirish koeffitsiyenti sifatida maoshlarga 20 foizli ustama haq oʻrnatilishini nazarda tutadigan 1-bandining amal qilishi Respublika kengashi, hududiy kengashlar ijro apparatlari xodimlariga nisbatan qoʻllaniladi;

(6-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-dekabrdagi PF-5597-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2018-y., 06/18/5597/2300-son)

Respublika kengashi raisining birinchi oʻrinbosari maqomi, maishiy taʼminoti, tibbiy va transport xizmatidan foydalanish borasidagi shart-sharoitlariga koʻra — vazirga, Respublika kengashi raisining oʻrinbosari — vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi.

7. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga tegishli vazifalarni amalga oshirishda munosib hissa qoʻshgan tashabbuskor fuqarolar va jamoatchilik tuzilmalari vakillariga taqdim etiladigan “Mahalla iftixori” koʻkrak nishoni taʼsis etilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda “Mahalla iftixori” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Respublika kengashi, “Mahalla” fondi:

2018-yilning 1-dekabrigacha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar markazlarida “Mahalla markazi” majmualari binolarini, 2021-yilning 1-dekabrigacha fuqarolar yigʻinlari idoralari binolarini namunaviy loyihalar va ularga qoʻyilgan talablar asosida qurish (rekonstruksiya qilish, taʼmirlash), shuningdek ularni zarur mebel jamlanmasi, kompyuter texnikasi, aloqa vositalari va internet tarmoqlari bilan jihozlash;

“Mahalla markazi” majmualarida hududiy kengashlar hamda “Mahalla” fondining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻlimlari, tumanlar va shaharlar boʻlinmalarini joylashtirish choralarini koʻrsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “Mahalla” fondi, Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi U.S. Ismoilov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi vazifasini bajaruvchi O.B. Murodov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 3-fevral,

PF-4944-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-fevraldagi PF-4944-sonli Farmoniga1-ILOVA

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-fevraldagi PF-4944-sonli Farmoniga 2-ILOVA

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi ijro apparatining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-fevraldagi PF-4944-sonli Farmoniga 3-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha kengashlar ijro apparatining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-fevraldagi PF-4944-sonli Farmoniga 4-ILOVA

Tumanlar va shaharlar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha kengashlar ijro apparatining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-fevraldagi PF-4944-sonli Farmoniga 5-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha kengashlar ijro apparatlari xodimlarining cheklangan soniga nisbatan toifalangan hududlar

1-toifa — ijro apparati uchun 13 ta shtat birliklariga qadar miqdor belgilanadi (hududiy kengash raisining birinchi oʻrinbosari — 1, rais oʻrinbosari — 3, shoʻba mudiri — 1, bosh mutaxassis — 5, yetakchi mutaxassis — 2, buxgalter — 1);

2-toifa — ijro apparati uchun 12 ta shtat birliklariga qadar miqdor belgilanadi (hududiy kengash raisining birinchi oʻrinbosari — 1, rais oʻrinbosari — 3, shoʻba mudiri — 1, bosh mutaxassis — 5, yetakchi mutaxassis — 1, buxgalter — 1);

3-toifa — ijro apparati uchun 11 ta shtat birliklariga qadar miqdor belgilanadi (hududiy kengash raisining birinchi oʻrinbosari — 1, rais oʻrinbosari — 3, shoʻba mudiri — 1, bosh mutaxassis — 5, buxgalter — 1).

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-fevraldagi PF-4944-sonli Farmoniga 6-ILOVA

Tumanlar va shaharlar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha kengashlar ijro apparatlari xodimlarining cheklangan soniga nisbatan toifalangan tumanlar va shaharlar

1-toifa — ijro apparati uchun 10 ta shtat birliklariga qadar miqdor belgilanadi (hududiy kengash raisining birinchi oʻrinbosari — 1, rais oʻrinbosari — 3, bosh mutaxassis — 4, 1-toifali mutaxassis — 2);

2-toifa — ijro apparati uchun 9 ta shtat birliklariga qadar miqdor belgilanadi (hududiy kengash raisining birinchi oʻrinbosari — 1, rais oʻrinbosari — 3, bosh mutaxassis — 4, 1-toifali mutaxassis — 1);

3-toifa — ijro apparati uchun 8 ta shtat birliklariga qadar miqdor belgilanadi (hududiy kengash raisining birinchi oʻrinbosari — 1, rais oʻrinbosari — 3, bosh mutaxassis — 4);

4-toifa — ijro apparati uchun 7 ta shtat birliklariga qadar miqdor belgilanadi (hududiy kengash raisining birinchi oʻrinbosari — 1, rais oʻrinbosari — 3, bosh mutaxassis — 3);

5-toifa — ijro apparati uchun 5 ta shtat birliklariga qadar miqdor belgilanadi (hududiy kengash raisining birinchi oʻrinbosari — 1, rais oʻrinbosari — 3, bosh mutaxassis — 1).

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-fevraldagi PF-4944-sonli Farmoniga 7-ILOVA

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar

Izoh: Masʼul ijrochilar boshqa ishga oʻtgan taqdirda ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan (saylangan) shaxslar yoki tegishli majburiyatlarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar belgilangan chora-tadbirlarning ijrosiga masʼul hisoblanadi.

(7-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-sentabrdagi PF-5194-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 2017-y.)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.