Qayd etib oʻtilsinki, mustaqillik yillarida xalqimizning boy madaniy merosini qayta tiklash, yuksak maʼnaviyat, milliy oʻziga xoslik va xalq anʼanalarining mavjud koʻp asrlik sarchashmalarini butun choralar bilan rivojlantirish, jismonan sogʻlom, maʼnan yetuk va har tomonlama barkamol shaxslar jamiyatini barpo etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.
Aholining madaniy va estetik ehtiyojlarini yanada toʻla qondirishga, teatr, musiqa, tasviriy sanʼat hamda boshqa sanʼat turlarini rivojlantirishga, xalqimiz tarixi va bugungi hayotining eng yorqin sahifalarini, mamlakatimizning erkin demokratik taraqqiyotini aks ettiruvchi asarlar yaratishda ijodiy jamoalarga har tomonlama yordam koʻrsatishga alohida eʼtibor qaratildi. Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish boʻyicha tizimli va aniq maqsadga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi. Nufuzli xalqaro musobaqalarda Oʻzbekiston sharafini munosib himoya qilish va yuksak marralarni zabt etishga qodir mahoratli sportchilar tayyorlashning samarali tizimi yaratildi.
Shu bilan birga, mavjud davlat boshqaruvi tizimi madaniyat va sportni rivojlantirish muammolarini kompleks hal etish, shuningdek mazkur sohalarda davlat siyosatini samarali amalga oshirishni toʻliq darajada taʼminlash imkonini bermaydi. Zimmasidagi vazifalar koʻlami kengligi va ahamiyati kattaligiga qaramay, Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan davlat boshqaruvi organlari va mahalliy hokimiyat organlari bilan faol hamkorlik taʼminlanmayapti, uning faoliyati esa koʻpincha madaniy-ommaviy va sport tadbirlarini oʻtkazish bilangina cheklanib qolmoqda.
Madaniy-maʼrifiy va sport-sogʻlomlashtirish muassasalari, obyektlari va inshootlarining moddiy-texnik bazasini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari hamon oʻz yechimini topgan emas. Madaniyat va sport sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimi zamonaviy talablarga javob bermaydi.
Madaniyat va sport sohasidagi boshqaruv tizimini takomillashtirish, mazkur sohada Oʻzbekiston xalqining boy va oʻziga xos madaniyati, sanʼati va ijodiyotini yanada rivojlantirishni taʼminlashga yoʻnaltirilgan davlat siyosatini amalga oshirish samaradorligini tubdan yuksaltirish, aholi keng qatlamlari orasida maʼnaviy-axloqiy kamolot va sogʻlom turmush tarziga intilishni kuchaytirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tugatilsin va uning negizida:
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi;
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-martdagi PF-5368-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.03.2018-y., 06/18/5368/0851-son)
2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatining asosiy vazifa va yoʻnalishlari etib belgilansin:
madaniyat sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, milliy madaniy va maʼnaviy merosni asrab-avaylash va koʻpaytirish, sanʼat va badiiy ijodni har tomonlama rivojlantirish, xalqimizning maʼnaviy-axloqiy va madaniy darajasini yanada yuksaltirishni ragʻbatlantirish, uni milliy va jahon madaniyatining eng yaxshi namunalaridan bahramand etish borasida tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
aholi keng qatlamlari, ayniqsa, yoshlar qalbi va ongiga mustaqillik, yuksak maʼnaviyat, insonparvarlik anʼanalariga sadoqat, milliy oʻzlikni anglash gʻoyalarini yanada chuqur singdirish, radikalizm va ekstremizmdek yot gʻoyalarga qarshi immunitetni mustahkamlash, jamiyatning muttasil ortib borayotgan intellektual, estetik va madaniy ehtiyojlarini qondirishga yoʻnaltirilgan ommaviy-madaniy tadbirlarni oʻtkazishga qaratilgan maʼrifiy ishlarni amalga oshirish;
badiiy ijod, shu jumladan, teatr, musiqa, xoreografiya, estrada, sirk va xalq amaliy sanʼatini yanada rivojlantirishni ragʻbatlantirish, xalqimiz tarixi va bugungi hayotining eng yorqin sahifalarini, mamlakatimizning erkin demokratik taraqqiyotini aks ettiruvchi asarlar yaratishda ijodiy jamoalarga, ayniqsa, ijodkor yoshlarga har tomonlama koʻmaklashish;
madaniyat muassasalari, jumladan, teatrlar, madaniyat va aholi dam olish markazlari, madaniyat va istirohat bogʻlari, muzeylar hamda boshqa madaniy-maʼrifiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularning faoliyat samaradorligini oshirish, maʼnaviy yetuk, intellektual barkamol va yuksak madaniyatli shaxslarni tarbiyalash ishida ushbu muassasalar imkoniyatlaridan yanada toʻliq foydalanish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jumladan, mahalliy hokimiyat idoralari, jamoat tashkilotlari, oʻquv yurtlari, ijodiy uyushmalar va boshqa tashkilotlar bilan faoliyatning asosiy vazifa hamda yoʻnalishlarini, madaniy-maʼrifiy tadbirlarni amalga oshirishda, madaniyat va ijodiy muassasalar ishining samaradorligini taʼminlashda mustahkam hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
madaniyat sohasida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayonini milliy va umuminsoniy qadriyatlar, insonparvarlik va yuksak maʼnaviyat ruhida takomillashtirish, bunda zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalaridan, ilgʻor xalqaro tajribalardan foydalanish, madaniy-maʼrifiy muassasalar va oʻquv yurtlarini yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlash;
davlatlararo va xalqaro madaniy aloqalarni kengaytirish hamda mustahkamlash, mamlakatimizning madaniy merosini, mamlakatimiz ijodiy jamoalari va mualliflari asarlarini, jumladan, konferensiyalar va koʻrgazmalar, madaniy tadbirlar va anjumanlar oʻtkazish yoʻli bilan chet ellarda keng targʻib qilish, madaniyat sohasiga xorijiy investitsiyalar va grantlar jalb etish, shuningdek madaniyat sohasiga oid ommaviy adabiyotlarni chop etish, video va kino materiallar tayyorlash.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-martdagi PF-5368-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchinin yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.03.2018-y., 06/18/5368/0851-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida:
“Oʻzbeknavo” estrada birlashmasi va “Oʻzbekraqs” milliy raqs birlashmasi negizida “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi;
Milliy estrada sanʼatini rivojlantirish va muvofiqlashtirish boʻyicha kengash huzuridagi Estrada sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi negizida budjetdan tashqari Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil qilinsin.
Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan litsenziya olish uchun toʻlanadigan davlat boji ajratmalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimidagi tashkilotlarning budjetdan tashqari mablagʻlari va daromadlaridan ajratmalar Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi daromadlarining manbalari etib belgilansin, Jamgʻarma mablagʻlari “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi taʼminotiga, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimi muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga va xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilsin.
5. Faoliyatni oʻrganib chiqish natijalarini hisobga olib, “Oʻzbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi, “Artmadad” maxsus jamgʻarmasi va “Oʻzbekmuzey” jamgʻarmasi tugatilsin hamda mazkur tashkilotlarning funksiyalari va mol-mulki Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga topshirilsin.
6. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tuzilmasidagi R. Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi, V. Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi, Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa va sanʼat akademik litseyi, bolalar musiqa va sanʼat maktablari, shuningdek, “Istiqlol” va “Turkiston” sanʼat saroylari — Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimiga;
(6-bandining uchinchi va toʻrtinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 26-avgustdagi PF-5787-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2019-y., 06/19/5787/3650-son)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish boʻyicha komissiya (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) 1-ilovaga* muvofiq tarkibda tuzilsin.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Komissiya (A.N. Aripov) belgilangan tartibda bir oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligini qayta tashkil etish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etishga doir barcha masalalar hal etilishini;
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi markaziy apparatiga malakali mutaxassislar har tomonlama tanlab olinishi va kadrlar bilan toʻldirilishini taʼminlasin.
8. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining barcha majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalarning oʻziga tegishli qismi boʻyicha uning huquqiy vorislari hisoblanadi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Madaniyat vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish yuzasidan Hukumat qarorlarini qabul qilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi va Mehnat vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2017-yilning 1-iyuliga qadar madaniyat xodimlari mehnatiga haq toʻlash tizimini takomillashtirish va uni moddiy ragʻbatlantirishni kuchaytirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini taqdim etsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining baʼzi hujjatlari 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan, deb hisoblansin.
12. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 15-fevral,
PF-4956-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-fevraldagi PF-4956-sonli Farmoniga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish boʻyicha Komissiya
Izoh: Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-fevraldagi PF-4956-sonli Farmoniga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz kuchini yoʻqotgan ayrim hujjatlari
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbeknavo” gastrol-konsert birlashmasini tashkil etish toʻgʻrisida” 1996-yil 5-apreldagi PF-1419-sonli Farmoni.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2004-yil 29-avgustdagi PF-3481-sonli Farmoni.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida” 2004-yil 27-sentabrdagi PF-3491-sonli Farmoni.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi markaziy apparatining tuzilmasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2014-yil 14-martdagi PQ-2146-sonli qarori.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga