PQ-3071-son Qaror · 20.06.2017

Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga 2017 — 2021-yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3071
  • Qabul qilingan sana:20.06.2017
  • Kuchga kirgan sana:21.06.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 25

Sogʻliqni saqlashni isloh qilish davlat dasturlari amalga oshirilishi natijasida yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatishning prinsipial jihatdan yangi tizimi tashkil etildi. Respublikada ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, shu jumladan, xirurgiya, kardiologiya, koʻz mikroxirurgiyasi, urologiya, akusherlik va ginekologiya, pediatriya, endokrinologiya, terapiya va tibbiy reabilitatsiya, dermatologiya va venerologiya, ftiziatriya va pulmonologiya (keyingi oʻrinlarda — Respublika markazlari) sohasida zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan va yuqori malakali vrachlar bilan toʻldirilgan ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyat koʻrsatmoqda.

Keyingi besh yilda Respublika markazlarida 150 mingdan ortiq operatsiyalar, shu jumladan, 80 mingdan ortiq yuqori texnologik operativ muolajalar bajarildi, davolashning murakkab va noyob uslublari amaliyotga joriy etildi.

Shu bilan birga, ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik tibbiy yordam koʻrsatish asosan Toshkent shahrida jamlangan, bu respublika mintaqalari aholisining tegishli xizmatlardan foydalanishini cheklab qoʻymoqda. Zamonaviy diagnostika va maxsus tibbiyot uskunalari bilan yetarlicha jihozlanmaganlik, zamonaviy uskunalarda ishlash uchun vrachlarning yetarlicha tayyorlanmaganligi tufayli yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamning ayrim turlaridan respublika aholisi foydalana olmayapti.

Markazlar tomonidan ilmiy-tadqiqot ishlari yetarlicha olib borilmasligi, ayniqsa, yuqumli kasalliklarning turli sohasida, shu jumladan, ijtimoiy xavfli, onkologik hamda kam tarqalgan kasalliklar sohasida eng xavfli va murakkab kasalliklar tarqalishi tendensiyasi va qonuniyatini oʻz vaqtida aniqlash imkonini bermaydi. Eng koʻp tarqalgan kasalliklar profilaktikasi va ularni barvaqt aniqlashning sinovdan oʻtkazilgan ilgʻor xalqaro amaliyotini joriy etish darajasi pastligicha qolmoqda.

Xalqaro amaliyot bilan taqqoslaganda, respublikada nevrologiya, travmatologiya va ortopediya, neyroxirurgiya xizmatlarining, shu jumladan, bolalar kasalliklari sohasidagi salohiyati zaif rivojlangan.

Ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarning aniq tarif siyosati, shu jumladan, ijtimoiy ahamiyatli kasalliklar boʻyicha xizmatlar koʻrsatish tarifi ishlab chiqilmagan.

Ixtisoslashtirilgan markazlar vrachlari malakasini oshirish tizimi tubdan takomillashtirishga muhtoj, yetakchi xorijiy ixtisoslashtirilgan klinikalar bilan hamkorlik qilish, shuningdek, tajriba almashish va xorijiy mutaxassislarni jalb etish zarur darajada amalga oshirilmayapti.

Ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamning zamonaviy talablarga javob beradigan samarali tizimini yanada shakllantirish, profilaktika va kasalliklarni barvaqt aniqlash choralarini takomillashtirish, aholiga, shu jumladan, mintaqalarda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatishning natijadorligi, sifati va undan foydalanishni tubdan oshirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining:

aksiyadorlik jamiyatlari shaklidagi Respublika markazlarini davlat muassasalariga aylantirish 1-ilovaga muvofiq;

ayrim respublika davolash-profilaktika muassasalarini respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari etib qayta nomlash toʻgʻrisidagi taklifi 2-ilovaga muvofiq qabul qilinsin.

2. Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari 3-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha tibbiy xizmatlar koʻrsatishning tegishli ixtisoslashgan yoʻnalishlari boʻyicha respublikaning bosh tibbiyot tashkilotlari etib belgilansin.

3. Respublika markazlariga quyidagi asosiy vazifalar yuklansin:

umuman respublikada va har bir mintaqada kasalliklar tendensiyasini oʻz vaqtida aniqlashni taʼminlaydigan tahliliy va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, sogʻliqni saqlashning viloyat va tuman (shahar) tashkilotlari uchun profilaktik va davolash faoliyatining sxemalarini ishlab chiqish;

oʻz ixtisosligi boʻyicha yagona metodik, texnologik, davolash va profilaktika siyosatini amalga oshirish, zamonaviy tibbiyot uskunalari va texnologiyalarga, dori vositalari va tibbiy buyumlarga boʻlgan ehtiyojini aniqlash, klinik protokollarni ishlab chiqish;

shu jumladan, tegishli tibbiyot hujjatlarini ishlab chiqish, axborot va tushuntirish materiallarini nashr etish orqali mintaqalarda zarur profilaktika ishlari olib borilishiga koʻmaklashish;

hududiy ixtisoslashtirilgan tibbiyot tashkilotlariga tashkiliy-metodik rahbarlik qilish, ularning amaliyotiga tibbiy yordamning zamonaviy usullari va texnologiyalarini joriy etish;

sayyor konsultatsiyalar, mahorat darslarini, shuningdek, birinchi navbatda eng murakkab holatlarda hududiy ixtisoslashtirilgan tibbiyot tashkilotlarida operatsiyalarni muntazam ravishda oʻtkazib borish;

Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti bilan birgalikda muassasalarning oʻz tibbiyot xodimlari, ixtisoslashtirilgan hududiy tibbiyot tashkilotlarining tibbiyot xodimlari malakasini tizimli oshirish, shuningdek, klinik ordinaturada, bazaviy doktoranturada va doktoranturada tor mutaxassis kadrlarni tayyorlash;

yetakchi xalqaro tibbiyot markazlari, klinikalar va yuqori malakali xorijiy mutaxassislar bilan, shu jumladan, konsultatsiyalar va mahorat darslari oʻtkazish uchun ularni respublikaga taklif etish orqali keng hamkorlikni tashkil etish, sogʻliqni saqlashning mahalliy mutaxassislari chet eldagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va klinikalarida tajriba orttirishiga koʻmaklashish.

Respublika markazlari filiallari, turdosh ixtisoslashtirilgan tibbiyot tashkilotlari va hududiy tibbiyot koʻp tarmoqli markazlarining ixtisoslashtirilgan boʻlimlari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari kasalliklarning profilaktikasini va ularni barvaqt aniqlashni taʼminlaydilar, shuningdek, tegishli ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar koʻrsatadilar.

4. Quyidagilarni nazarda tutgan holda ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar koʻrsatish tizimi barcha darajalarda isloh qilinsin:

respublika darajasida — ixtisosli yoʻnalishlar boʻyicha eng zamonaviy yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar koʻrsatish;

viloyat darajasida — ixtisosli yoʻnalishlar boʻyicha zamonaviy yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar koʻrsatish;

tuman (shahar) darajasida — yangidan tashkil etiladigan ixtisoslashtirilgan turdosh boʻlimlar negizida ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar koʻrsatish;

birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini tashkil etish darajasida — maxsus tasdiqlangan jadval boʻyicha tuman (shahar) va viloyat darajasidagi tashkilotlarning tor ixtisosli mutaxassislari tomonidan konsultatsiyalar berilishini, shuningdek, davolash va konsultativ-diagnostika yoʻnalishlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamning ayrim turlarini koʻrsatish.

5. Aholiga ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar koʻrsatish sxemasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari Dasturi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin, ushbu Dasturda quyidagilar nazarda tutilsin:

aholining sifatli va samarali ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlardan foydalanishini kengaytirishga yoʻnaltirilgan huquqiy bazani takomillashtirish;

Respublika markazlarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish;

ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar koʻrsatuvchi tibbiyot tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;

tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish;

aholiga ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar koʻrsatish sifatini oshirish, profilaktika, diagnostika va davolashning zamonaviy usullarini joriy etish.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

bir oy muddatda davolash va diagnostikaning yuqori texnologik usullarini joriy etish va mahalliy mutaxassislarni ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatishning zamonaviy texnologiyalariga oʻqitish uchun Respublika markazlariga taklif etiladigan Yetakchi xorijiy markazlar va klinikalarning yuqori malakali mutaxassislarining ikki tomonlama kelib-ketishini, yashashi va ovqatlanishiga haq toʻlash, mehnatiga tegishli haq toʻlash xarajatlarini qoplash tartibi va manbalari toʻgʻrisidagi nizomni;

uch oy muddatda yuqori texnologik diagnostika va davolash xizmatlari koʻrsatishning murakkabligidan, tigʻizligidan, hajmidan kelib chiqqan holda mehnatga haq toʻlash tizimiga tabaqalashtirilgan yondashishni joriy etish yoʻli bilan ixtisoslashtirilgan tibbiyot tashkilotlarining tibbiyot xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tizimini tasdiqlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi ikki oy muddatda:

Respublika markazlari va ularning filiallarini, shuningdek, turdosh ixtisoslashtirilgan tibbiyot tashkilotlari va hududiy koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarining ixtisoslashtirilgan boʻlimlarini, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarini profilaktika, diagnostika va bemorlarni davolashning ixtisoslashtirilgan turlari bilan taʼminlash uchun tibbiyot uskunalari, instrumentlar bilan jihozlash standartlarini zamonaviy texnologiyalarni hisobga olgan holda qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin;

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda moddiy-texnika bazani doimiy ravishda yangilash, dori vositalari va zarur sarflash materiallari, tibbiyot uskunalarini ehtiyot qismlar bilan taʼminlash uchun zarur boʻlgan Respublika markazlarining rentabelligi darajasini taʼminlashni, shuningdek, xodimlar mehnatiga haq toʻlash shartlarini hisobga olgan holda koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlarga tariflarni shakllantirishning yangilangan umumiy qoidalari va metodikasini tasdiqlasin;

Oʻzbekiston Respublikasining chet elga davolanish uchun joʻnab ketayotgan fuqarolarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilishning amaliy mexanizmlarini joriy etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligining asoslangan buyurtmanomalari boʻyicha kelgusi yilga respublika, viloyat va tuman darajalarida imtiyozli toifaga tegishli ixtisoslashtirilgan yordam koʻrsatish, shuningdek, servis xizmati koʻrsatish, taʼmirlash, sarflash materiallari va yuqori texnologik uskunalar reaktivlari bilan taʼminlash uchun zarur hajmda budjet mablagʻlari ajratilishini nazarda tutsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:

2018-yil 1-yanvargacha Respublika markazlari bilan birgalikda tegishli ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamlardan foydalanishga, shu jumladan, imtiyozli toifalarni alohida hisobga olgan holda yuqori texnologik tibbiy yordamdan foydalanishga muhtoj boʻlgan bemorlarning doimiy yangilanadigan yagona elektron bazasini tashkil etsin;

2019-yil 1-yanvargacha barcha ixtisoslashtirilgan markazlarda, viloyat filiallarida, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida vrach qabuliga masofadan turib yozilish imkonini beruvchi elektron dastur joriy etilishini taʼminlasin;

manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda yetakchi xorijiy klinikalar va markazlar bilan hamkorlik qilish boʻyicha Respublika markazlariga doimiy asosda koʻmaklashsin.

11. 2022-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda:

aholiga pulli tibbiy xizmatlar koʻrsatuvchi sogʻliqni saqlash davlat tizimining tibbiyot tashkilotlari (stomatologiya va kosmetologiya xizmatlari bundan mustasno) soliqlarning barcha turlarini va davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalarni toʻlashdan ozod etilsin, boʻshaydigan mablagʻlar tibbiyot tashkilotlarini zamonaviy tibbiy, muhandislik-texnik uskunalar bilan jihozlashga va unga servis va texnik xizmat koʻrsatishga, ehtiyot qismlar, sarflash materiallari, inventar va boshqa tibbiy buyumlar xarid qilishga, yangi binolar va inshootlarni qurishga, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashga yoʻnaltirilsin;

belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha sogʻliqni saqlash davlat tizimining tibbiyot tashkilotlari xorijdan olib kelinadigan tibbiyot uskunasi, butlovchi buyumlar, tibbiyot uskunasiga ehtiyot qismlar va sarflash materiallari uchun bojxona toʻlovlaridan (bojxona yigʻimlari bundan mustasno) ozod qilinsin;

sogʻliqni saqlash davlat tizimining tibbiyot tashkilotlari mahalliy mutaxassislarining malakasini oshirish jarayoniga jalb etiladigan xorijiy olimlar, vrachlar va mutaxassislar tuzilgan mehnat shartnomalari doirasida olinadigan daromadlar boʻyicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlashdan ozod etilsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar boʻyicha takliflar kiritsin.

13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 20-iyun,

PQ-3071-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-iyundagi PQ–3071-sonli qaroriga 1-ILOVA

Davlat muassasalariga aylantirilayotgan aksiyadorlik jamiyatlari shaklidagi Respublika markazlari

1. “Akademik V. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazi” AJ.

2. “Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi” AJ.

3. “Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazi” AJ.

4. “Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi markazi” AJ.

5. “Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi” AJ.

6. “Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi” AJ.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-iyundagi PQ–3071-sonli qaroriga 2-ILOVA

Respublika ixtisoslashtirilayotgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari etib qayta nomlanayotgan respublika davolash-profilaktika muassasalari

1. Akademik V. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazi.

2. Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi.

3. Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazi.

4. Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi markazi.

5. Travmatologiya va ortopediya ilmiy-tadqiqot instituti.

6. Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-iyundagi PQ–3071-sonli qaroriga 3-ILOVA

Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari — tibbiy xizmatlar koʻrsatishning tegishli ixtisoslashtirilgan yoʻnalishlari boʻyicha respublikaning bosh tibbiyot tashkilotlari

1. Akademik V. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.

2. Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.

3. Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.

4. Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.

5. Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi..

6. Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.

7. Akademik Yo.X. Toʻraqulov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-oktabrdagi PF-5216-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2017-y., 06/17/5216/0187-son)

8. Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.

(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-oktabrdagi PF-5216-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2017-y., 06/17/5216/0187-son)

9. Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.

10. Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.

11. Respublika ixtisoslashtirilgan travmotologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.

12. Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.

13. Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.

14. Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi.

15. Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.

16. Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.

(14 — 16-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 16-apreldagi PQ-4290-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2019-y., 07/19/4290/2959-son)

17. Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.

(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-fevraldagi PQ-4592-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.02.2020-y., 07/20/4592/0150-son)

18. Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.

(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-yanvardagi PF-20-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.01.2024-y., 06/24/20/0063-son)

19. Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.

20. Bolalar milliy tibbiyot markazi.

(18 — 20 bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-fevraldagi PF-78-sonli Farmoniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.02.2022-y., 06/22/78/0163-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-iyundagi PQ–3071-sonli qaroriga 4-ILOVA

Aholiga ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar koʻrsatish

Izoh. Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari mutaxassislari filiallarda hududiy ixtisosli tibbiyot tashkilotlarida va koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarida va tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida operatsiyalar, mahorat darslari oʻtkazadilar, maslahatlar beradilar.

Viloyat tibbiyot tashkilotlari va tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari mutaxassislari oilaviy poliklinikalarda va oilaviy shifokor punktlarida maslahatlar beradilar.

(izohning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-fevraldagi PF-78-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.02.2022-y., 06/22/78/0163-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-iyundagi PQ–3071-sonli qaroriga 5-ILOVA

2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatishni yanada rivojlantirish

(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-martdagi PF-5370-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.06.2020-y., 06/20/5370/0975-son)

2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturiga 1-ILOVA

2017 — 2021-yillarda respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari obyektlari qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashning

2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturiga 1a-ILOVA

2017 — 2021-yillarda hududiy ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari obyektlari qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashning

Izoh. Koʻrsatib oʻtilgan yangi qurilish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash obyektlaridagi ishlar belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish Jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.

Ishlar qiymati dastlabki hisob-kitoblar boʻyicha, qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashning uzil-kesil qiymati loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgandan va davlat ekspertizasidan oʻtkazilgandan keyin va tender savdolari oʻtkazish yakunlari boʻyicha aniqlanadi.

2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturiga 2-ILOVA

Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarini yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash

Izoh: Hududiy ixtisoslashtirilgan tibbiyot tashkilotlari 2017-2018-yillarda amalga oshiriladigan kredit va grant loyihalar doirasida xalqaro moliya institutlarining umumiy summasi 72 367,7 ming AQSH dollarlik mablagʻi ishtirokida jihozlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga 2017 — 2021-yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.