PQ-3067-son Qaror · 16.06.2017

Davlat mulki obyektlarini sotish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3067
  • Qabul qilingan sana:16.06.2017
  • Kuchga kirgan sana:27.06.2017
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 25

Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-yanvardagi “Tadbirkorlik maqsadlarida foydalanish uchun davlat mulki obyektlarini sotishni jadallashtirish va uning tartib-taomillarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PF-4933-sonli Farmoni ijrosiga muvofiq:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari — Vazirlar Mahkamasi Komplekslari va Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi rahbarlari hamda vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda barcha toifadagi obyektlar toʻliq hatlovdan oʻtkazilganligi va Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq xususiylashtirilmaydigan strategik davlat mulki obyektlari roʻyxati hamda davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlariga binoan amalga oshiriladigan davlat mulki obyektlari roʻyxati belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Quyidagilar:

Xususiylashtirilmaydigan, strategik davlat mulki obyektlarining yagona roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlariga binoan amalga oshiriladigan davlat tasarrufidan chiqariladigan va xususiylashtiriladigan davlat mulki obyektlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;

Xususiylashtirish toʻgʻrisidagi qarorlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari tomonidan qabul qilinadigan davlat mulki obyektlarini belgilash mezonlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Belgilansinki, mazkur qarorning 2-ilovasida nazarda tutilgan hamda 3-ilovada nazarda tutilgan belgilangan mezonlar asosida davlat mulki obyektlarini sotish Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 6-oktabrdagi “Davlat mulki obyektlarini xususiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 279-sonli qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 16-iyun,

PQ-3067-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-iyundagi PQ–3067-sonli qaroriga 1-ILOVA

Xususiylashtirilmaydigan, strategik davlat mulki obyektlarining

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-fevraldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2022-y., 06/22/67/0128-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-iyundagi PQ-3067-sonli qaroriga 2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlariga asosan davlat tasarrufidan chiqariladigan va xususiylashtiriladigan davlat mulki obyektlari

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6217-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2021-y., 06/21/6217/0409-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-iyundagi PQ–3067-sonli qaroriga 3-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimi tomonidan xususiylashtirish toʻgʻrisida qabul qiladigan qarorlari asosida davlat mulki obyektlari roʻyxatini belgilash

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-yanvardagi “Tadbirkorlik maqsadlarida foydalanish uchun davlat mulki obyektlarini sotishni jadallashtirish va uning tartib-taomillarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PF-4933-sonli Farmoniga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari nostrategik davlat mulki obyektlarini sotish toʻgʻrisida faqat ularning boʻysunuvidagi hududda joylashgan obyektlar boʻyicha qaror qabul qilishga haqli.

Toshkent shahar hokimining nostrategik davlat mulki obyektlarini sotish toʻgʻrisidagi qarori Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli komplekslari bilan kelishilgan holda qabul qilinadi.

2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari tomonidan davlat mulki obyektlarini xususiylashtirish boʻyicha buyurtmanomalarni koʻrib chiqish va qaror qabul qilish ilovaga asosan sxema boʻyicha amalga oshiriladi.

3. Nostrategik davlat mulki obyektlarini sotish boʻyicha takliflar va buyurtmanomalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat mulki obyektlarini xususiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2014-yil 6-oktabrdagi 279-son qarori bilan belgilangan tartibga muvofiq tuziladigan hududiy tanlov komissiyalari tomonidan koʻrib chiqiladi.

4. Hududiy tanlov komissiyalari davlat mulki obyektlarini sotish boʻyicha quyidagilar:

davlat va xoʻjalik boshqaruv organlari;

davlat organlari — davlat unitar korxonalari taʼsischilari, xoʻjalik jamiyatlarining aksiyadori (ulushdori) boʻlgan;

davlat mulkining balans saqlovchilari;

nodavlat yuridik va jismoniy shaxslar (Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari yoki norezidentlari) tomonidan taqdim etilgan takliflar va buyurtmanomalarni koʻrib chiqadi.

5. Hududiy tanlov komissiyalari davlat mulki obyektlarini sotish boʻyicha tushgan takliflar va buyurtmanomalarning quyidagi toʻrtta mezondan biriga yoki bir nechtasiga muvofiqligini keyinchalik Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari tomonidan sotish toʻgʻrisida qaror qabul qilishlari uchun koʻrib chiqadi:

1) bino va inshootlarning umumiy egallagan maydoni 2000 kvadrat metrgacha boʻlgan davlat mulki obyektlari;

(5-bandning 1-kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PF-42-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 06/21/42/1224-son)

2) qurilishini tugatishga moliyalashtirish manbai boʻlmagan, bino va inshootlarning umumiy egallagan maydoni 2000 kvadrat metrgacha boʻlgan qurilishi tugallanmagan obyektlar;

3) tugatishga doir ish yuritish jarayonida sotilmagan va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga berilgan bino va inshootlarning umumiy egallagan maydoni 2000 kvadrat metrgacha boʻlgan obyektlar;

4) xoʻjalik jamiyatlari va boshqa tashkilotlardagi davlat ulushlari (aksiyalari), agar:

asosiy vositalarning balans qiymati bazaviy hisoblash miqdorining ellik ming baravaridan koʻp boʻlmasa;

(5-band 4-kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi PF-5894-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son)

ishchilarning oʻrtacha yillik soni 500 kishidan oshmasa.

6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari respublika davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining davlat mulki boʻlgan obyektlarini, shuningdek erkin iqtisodiy zonalar hududlarida joylashgan bino va inshootlarni sotish boʻyicha qaror qabul qilishlari mumkin emas.

7. Davlat organlarining hududiy boʻlinmalariga biriktirib berilgan davlat mulki obyektlarini sotish boʻyicha takliflar va buyurtmanomalar hududiy tanlov komissiyalari tomonidan faqat ularning yuqori turuvchi respublika organlarining roziligi mavjud boʻlgan taqdirda koʻrib chiqiladi.

8. Davlat mulki obyektlarini sotish boʻyicha taklif va buyurtmanomalarning hududiy tanlov komissiyalari tomonidan koʻrib chiqilishi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari qarorlarining qabul qilinishi Vazirlar Mahkamasining “Davlat mulki obyektlarini xususiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2014-yil 6-oktabrdagi 279-son qaroriga asosan amalga oshiriladi.

Bunda, quyidagi talablarga soʻzsiz amal qilinishi va ularning bajarilishi taʼminlanishi shart:

davlat mulki obyektini xususiylashtirishga qonunchilikka muvofiq cheklov va taqiqlar yoʻqligini aniqlash;

davlat mulki obyektini sotish paytida undan jamiyat va aholi ijtimoiy qatlami ehtiyojini qondirishga va foydalanishga ehtiyoj yoʻqligini aniqlash;

davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish shakllarini mehnat jamoasining manfaatlarini hisobga olgan holda aniqlash;

bepul va pullik xususiylashtiriladigan mulkdan ulush olishda fuqarolarning huquqlari tengligini taʼminlash;

davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish sharoitida barcha fuqarolar ijtimoiy himoya qilinishini taʼminlash;

davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish tadbirlarini amalga oshirishda oshkoralikni davlat va jamoat nazoratini taʼminlash;

investorlar uchun teng raqobat sharoitlarini taʼminlash.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimi tomonidan xususiylashtirish toʻgʻrisida qabul qiladigan qarorlari asosida davlat mulki obyektlari roʻyxatini belgilash mezonlariga ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari tomonidan davlat mulki obyektlarini xususiylashtirish boʻyicha buyurtmanomalarni koʻrib chiqish va qaror qabul qilish

* Boshqa davlat mulki obyektlarini sotish boʻyicha boshqa buyurtmanoma va takliflar boʻlmaganda, zaruratga koʻra, xususiylashtirish toʻgʻrisidagi qaror bitta davlat obyekti boʻyicha yakka tartibda ham qabul qilinishi mumkin.

** Davlat mulki obyektlarini, shu jumladan, hududiy xususiylashtirish dasturlariga kiritilgan obyektlarni sotish Vazirlar Mahkamasining “Davlat mulki obyektlarini xususiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2014-yil 6-oktabridagi 279-son qarori bilan belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.