PF-5156-son Farmon · 16.08.2017

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibini takomillashtirishga doir muhim chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-5156
  • Qabul qilingan sana:16.08.2017
  • Kuchga kirgan sana:17.08.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 33

Keyingi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi hududida zamonaviy innovatsiya texnologiyalari qoʻllanilgan holda tayyorlangan biometrik pasport tizimini joriy qilish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.

Mazkur tizim Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini shunday hujjatlarni tayyorlash boʻyicha Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO) tavsiyalari va boshqa xalqaro standartlarga mos keladigan biometrik hujjat bilan taʼminlash imkonini berdi.

2014-yilda Oʻzbekiston Respublikasi IKAOning tegishli axborot resursiga qoʻshildi va bu mamlakatimizning vakolatli organlariga davlat chegarasidan oʻtish punktlarida xorijiy davlatlarning biometrik hujjatlari haqiqiyligini avtomatik tarzda tekshirish imkoniyatini yaratdi.

Oʻzbekiston Respublikasining biometrik pasport tizimi mamlakatimiz huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatining samaradorligi va tezkorligini oshirib, davlat chegarasidan oʻtishda fuqarolar shaxsini identifikatsiya qilish tartib-taomillarini soddalashtirdi, “Elektron hukumat” tizimi faoliyati doirasida interfaol davlat xizmatlarini koʻrsatishga xizmat qiladigan jismoniy shaxslarning yagona maʼlumotlar bazasini shakllantirishni taʼminladi.

Shu bilan birga, ayni paytda fuqarolarimiz Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo ayrim mamlakatlardan tashqari, dunyoning barcha davlatlariga chiqishi uchun biometrik pasport bilan birgalikda ruxsat yozuvi qayd etilgan ikki yillik stikerni rasmiylashtirishi zarur. Ushbu stiker Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining erkin harakat qilishiga xalaqit berayotgan muayyan omil hisoblanadi.

Bu boradagi xalqaro tajribani oʻrganish shundan dalolat beradiki, bugungi kunda dunyoning deyarli barcha davlatlarida ichki va tashqi foydalanish uchun moʻljallangan ikki turdagi hujjat qoʻllanilmoqda. Bunda xorijga chiqish uchun asosan elektron axborot manbaiga ega kitobcha shaklidagi pasportdan foydalanilmoqda va ruxsat beruvchi boshqa milliy hujjatlar rasmiylashtirilmaydi.

2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq, shuningdek, xorijga chiqish tartibini yanada takomillashtirish, aholiga qulay sharoitlar yaratish, xorijga chiqish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishda byurokratik toʻsiqlar va korrupsiya holatlarining oldini olish, harakatlanish hujjatining amal qilish muddatini uzaytirish, fuqarolarning davlat chegarasidan oʻtkazish punktlarida pasport nazoratidan oʻtish tartib-taomillarini tubdan soddalashtirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmatining 2019-yilning 1-yanvaridan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. 2019-yilning 1-yanvaridan xorijga chiqish uchun ruxsat yozuvi stikerini rasmiylashtirish tartibi bekor qilinsin.

3. Belgilab qoʻyilsinki,

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining amalda qoʻllanilayotgan 2011-yilgi namunadagi biometrik pasporti uning egasining shaxsi va fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi va Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalaniladi;

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari 2021-yilning 1-yanvariga qadar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan davlatlar hududiga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining amalda qoʻllanilayotgan 2011-yilgi namunadagi biometrik pasportidan foydalangan holda Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishi mumkin;

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etiladigan davlatlar hududiga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining amalda qoʻllanilayotgan 2011-yilgi namunadagi biometrik pasportidan foydalangan holda, undagi ruxsat yozuvi stikerining amal qilish muddati tugagunga qadar Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishi mumkin;

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining 2011-yilgi namunadagi biometrik pasporti Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan davlatlarda boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan davlatlarda boʻlish va ushbu davlatlar oʻrtasida harakatlanishda pasportning amal qilish muddati tugagunicha haqiqiy hisoblanadi;

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining 2011-yilgi namunadagi biometrik pasporti Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etiladigan davlatlarda boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etiladigan boshqa davlatlarda boʻlish va harakatlanish uchun pasportning amal qilish muddati tugagunicha haqiqiy hisoblanadi;

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining 2011-yilgi namunadagi biometrik pasporti Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan davlatlarda boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun undagi ruxsat yozuvi stikerining amal qilish muddati tugagandan soʻng Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etiladigan davlatlarga kirish uchun haqiqiy hisoblanmaydi. Fuqarolarning qayd etilgan ushbu toifasi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etiladigan davlatlarga kirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini rasmiylashtirishni soʻrab, oʻrnatilgan tartibda murojaat qilishi kerak;

fuqarolarni qabul qilish, maʼlumotlar toʻplash va Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini olish boʻyicha elektron arizasini rasmiylashtirish va keyinchalik personallashtirilgan hujjatni berish ishlarini Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalari, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamenti, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy boʻlinmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalari amalga oshiradi;

(3-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-noyabrdagi PF-5885-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2019-y., 06/20/5885/0067-son)

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini personallashtirishni Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligi amalga oshiradi.

(3-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-80-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/80/0364-son)

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining 2011-yilgi namunadagi biometrik pasportiga doimiy yashash uchun xorijga chiqish ruxsat yozuvining yopishtiriladigan stikeri pasport amal qilish muddati tugaguniga qadar xorijga chiqish va u yerda boʻlish, shuningdek, xorijiy davlatlar oʻrtasida harakatlanish uchun haqiqiy hisoblanadi.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-noyabrdagi PF-5885-sonli Farmoniga asosan oʻninchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2019-y., 06/20/5885/0067-son)

4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (A. Aripov) 2017-yilning 1-dekabrigacha Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasporti Davlat standartini tasdiqlasin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (A. Azizov) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, Tashqi ishlar, Mudofaa, Xalq taʼlimi vazirliklari, Milliy xavfsizlik xizmati bilan birgalikda 2018-yilning 1-yanvariga qadar mazkur Farmon talablarini inobatga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasida pasport tizimi va Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibi toʻgʻrisida yangi tahrirdagi nizom loyihasini tasdiqlash uchun kiritsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi (S. Xudoyqulov) Ichki ishlar va Tashqi ishlar vazirliklari, Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligining buyurtmalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasporti bukletini tasdiqlangan Davlat standartiga muvofiq oʻz vaqtida tayyorlasin.

(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-80-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/80/0364-son)

7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi (N. Toʻraxoʻjayev) Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Mudofaa, Xalq taʼlimi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari hamda Davlat xavfsizlik xizmati bilan birgalikda:

(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyundagi PF-5456-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2018-y., 06/18/5456/1316-son)

amaldagi biometrik pasport tizimi bazasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini muomalaga kiritishga qaratilgan tashkiliy-texnik tadbirlar kompleksi oʻz vaqtida oʻtkazilishini taʼminlasin;

2018-yilning 1-dekabrigacha zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari qoʻllanilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish tizimini ishlab chiqish va joriy etilishini taʼminlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (B. Xoʻjayev) va Iqtisodiyot vazirligi (G. Saidova) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi va boshqa aloqador vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2017-yilning 1-oktabriga qadar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish tizimini joriy qilishga qaratilgan ishlarni moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisidagi masalani ishlab chiqsin hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqish uchun kiritsin.

9. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (B. Alixonov) va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A. Koʻchimov) ommaviy axborot vositalarida mamlakatimiz aholisi oʻrtasida ushbu Farmon qoidalarini keng yoritish boʻyicha maqolalar eʼlon qilinishi va mavzuga oid koʻrsatuvlar efirga uzatilishini taʼminlasin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi (A. Komilov) muomalaga kiritilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasporti va Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining 2011-yilgi namunadagi biometrik pasportining amal qilish muddati haqida Xalqaro fuqaro aviatsiyasi, Xalqaro standartlashtirish tashkiloti va xorijiy mamlakatlar hukumatlarini oʻrnatilgan tartibda xabardor qilsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining chegara qoʻshinlari 2019-yilning 1-yanvaridan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining mazkur Farmon talablariga muvofiq xorijga chiqishini oʻrnatilgan tartibda nazorat qilishni taʼminlasin.

(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyundagi PF-5456-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2018-y., 06/18/5456/1316-son)

12. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (A. Azizov) Tashqi ishlar va Adliya vazirliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining meʼyoriy-huquqiy hujjatlari va tegishli xalqaro shartnomalariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.

13. Ushbu Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Mahmudov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 16-avgust,

PF-5156-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibini takomillashtirishga doir muhim chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.