F-5022-son Farmoyish · 14.08.2017

Oʻzbekiston Respublikasida elektr energiyasi va tabiiy gaz nazorati hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmoyish
  • Raqami:F-5022
  • Qabul qilingan sana:14.08.2017
  • Kuchga kirgan sana:21.08.2017
  • Holati:Amalda

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyundagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlarini yanada joriy qilish boʻyicha takliflarni tayyorlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi F-4979-son farmoyishiga muvofiq:

1. Elektr energiyasi va tabiiy gazni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlarini yanada joriy qilishga oid Takliflarni tayyorlash boʻyicha ishchi komissiyaning (keyingi oʻrinlarda — Ishchi komissiya) Singapur Respublikasi, Koreya Respublikasi, Fransiya Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasiga qilgan ishchi safari natijalari toʻgʻrisidagi axborot maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasida elektr energiyasi va tabiiy gazni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlarini yanada joriy etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “Yoʻl xaritasi”) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Belgilansinki, vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar rahbarlari “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlarni oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarish yuzasidan shaxsiy javobgar hisoblanadilar.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:

a) ikki kun muddatda “SAGEMCOM” (Fransiya Respublikasi), “Landis & Gyr” (Shveysariya Konfederatsiyasi) va “Elster Metronica” (Germaniya Federativ Respublikasi) kompaniyalariga quyidagi masalalar boʻyicha muzokaralar oʻtkazish uchun tashrif buyurishi toʻgʻrisida taklifnoma yoʻllasin:

elektr energiyasi va tabiiy gazni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy qilish (keyingi oʻrinlarda — energoresurslar) loyihasini amalga oshirishda ishtirok etish;

energoresurslarni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy qilish loyihasini yangidan amalga oshiriladigan loyihalarga ularni integratsiyalash imkoniyatlarini belgilash uchun oʻrnatilgan energiya resurslarini hisobga olish priborlarini, maʼlumotlarni uzatish va billing tizimi, shuningdek, elektr uzatgichlari va transformatorlar, gazni taqsimlash tizimi va boshqa infratuzilmalarning joriy holatini birgalikda oʻrganish;

energoresurslarni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy qilish loyihasi doirasida energoresurslarni hisobga olishning zamonaviy priborlarini va ular uchun zarur boʻlgan uskunalarni yetkazib berish;

ikki tomonlama tegishli bitim tuzgan holda energoresurslarni hisobga olishning zamonaviy priborlari va ular uchun zarur boʻlgan uskunalarga servis xizmat koʻrsatish boʻyicha korxona tashkil etish;

energoresurslarni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy qilish loyihasini, shu jumladan xorijiy va xalqaro moliya institutlari ishtirokida moliyalashtirish;

istiqbolda Oʻzbekiston Respublikasida energoresurslarni hisobga olishning zamonaviy priborlari va ular uchun zarur boʻlgan uskunalarni toʻliq sikl bilan ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxona barpo etish;

b) mazkur kompaniyalar vakillariga viza olish va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirishda, shuningdek, ularning Oʻzbekiston Respublikasiga kelishi va keyinchalik shu erda boʻlishi bilan bogʻliq boʻlgan barcha tashkiliy masalalarni hal etishda har tomonlama yordam koʻrsatsin.

5. “Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻzbekneftgaz” AJ oʻn kun muddatda:

taraqqiy etgan mamlakatlar va jahonning yetakchi kompaniyalari tajribasini oʻrgangan holda energoresurslarni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlariga boʻlgan konsepsiya loyihalari va texnik talablarini qayta koʻrib chiqishni hamda ularni keyinchalik tasdiqlash uchun Ishchi komissiyaga kiritilishini;

tumanlar (shaharlar) roʻyxatini koʻrsatgan holda energoresurslarni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlarini uch bosqichda joriy etilishini belgilash, shuningdek, ularni koʻrib chiqish uchun Ishchi komissiyaga kiritilishini;

energoresurslar, ular uchun zarur boʻlgan uskunalar, shuningdek, maʼlumotlarni uzatish tizimi hisoblagichlari priborlari modellarining maqbulini tanlash uchun (mahalla, kvartal, koʻp qavatli uylar) joy belgilanishini taʼminlasin.

6. “OʻzInjiniring” respublika loyiha instituti “Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻzbekneftgaz” AJ bilan birgalikda Ishchi komissiya tomonidan tasdiqlangan energoresurslarni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlari konsepsiya loyihalari va texnik talablar asosida bir oy muddatda mazkur avtomatlashtirilgan tizimlar loyihalarini ishlab chiqsin.

7. “Oʻzdavenergonazorat” va “Oʻzdavneftgazinspeksiya” DI “Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻzbekneftgaz” AJ hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda priborlarni oʻrnatish joyi, montaj qilish shartlari, ularni ruxsatsiz aralashuvdan himoya qilinishini belgilagan holda energoresurslarni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish doirasida energoresurslarni hisobga olish priborlarini oʻrnatish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bir oy muddatda Ishchi guruh bilan kelishilgan holda xorijiy va xalqaro moliya institutlari ishtirokida energoresurslarni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Ishchi komissiya (J. Qoʻchqorov) mazkur farmoyishning 4-bandida koʻrsatilgan xorijiy kompaniyalar bilan boʻlgan uchrashuvlar natijalariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida energoresurslarni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etishga oid loyihalarni amalga oshirish shartlarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti apparatiga kiritsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda oʻz mablagʻlari hisobidan Singapur Respublikasi milliy universiteti huzuridagi Elektron hukumat markazining yetakchi mutaxassislarini Oʻzbekiston Respublikasiga taklif etilishini tashkil etsin hamda ular bilan quyidagi masalalarni muhokama qilish uchun muzokaralar olib borsin:

axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini normativ-huquqiy tartibga solishni takomillashtirish, aholiga davlat xizmatlari koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlgan maʼmuriy jarayonlarni maqbullashtirish;

jamiyatning oʻta muhim, birinchi navbatda sogʻliqni saqlash, taʼlim, ijtimoiy himoya, ish bilan taʼminlash, kommunal xizmat koʻrsatish, transport xizmatlari, aloqa sohalarini bosqichma-bosqich axborotlashtirish va avtomatlashtirish;

axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida milliy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

Oʻzbekiston Respublikasida elektron hukumatni yanada rivojlantirish va takomillashtirish strategik yoʻnalishlarini ishlab chiqish;

Markaz bilan yanada chuqur hamkorlik qilish boʻyicha bitim tuzish.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyundagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlarini yanada joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi F-4979-son farmoyishining ilovasi quyidagi mazmundagi 2-band bilan toʻldirilsin:

“D.R. Li — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari”.

12. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.B. Abdullayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 14-avgust,

F-5022-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-avgustdagi F-5022-son farmoyishiga ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasida elektr energiyasi va tabiiy gazni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy qilishni davom ettirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha

Izohlar:

1) davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari boshqa ishga oʻtgan taqdirda mazkur “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlarni bajarish ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar zimmasiga yuklatiladi.

2) normativ-huquqiy hujjatlar tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga solish sohasi va predmetidan kelib chiqqan holda qayta koʻrib chiqilishi yoki yagona hujjatga birlashtirilishi mumkin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.