PQ-3238-son Qaror · 23.08.2017

Zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni yanada joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3238
  • Qabul qilingan sana:23.08.2017
  • Kuchga kirgan sana:24.08.2017
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 34

Mamlakatimizda energetika sohasini yanada isloh qilish, elektr va issiqlik energiyasi, tabiiy gaz, suvdan (keyingi oʻrinlarda — energiya resurslari deb yuritiladi) oqilona foydalanishni taʼminlash, shuningdek, toʻlov intizomini mustahkamlash choralari koʻrilmoqda.

Shu bilan birga, energiya resurslari isteʼmolining samaradorligini monitoring qilishning taʼsirchan tizimi, shuningdek, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarida (keyingi oʻrinlarda — davlat organlari va tashkilotlari deb yuritiladi) zamonaviy energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʻyicha xizmatlarning mavjud emasligi energiya resurslari xarajatlarini maqbullashtirish imkonini bermayapti.

Issiqlik taʼminoti obyektlarini modernizatsiya qilishda tizimli kamchiliklarning mavjudligi, maʼnan va jismonan eskirgan qozonxona asbob-uskunalaridan foydalanilayotganligi energiya resurslarini samarasiz isteʼmol qilishga olib kelmoqda.

Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan 2015 — 2019-yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sarfi hajmini qisqartirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari dasturini bajarish boʻyicha ishlar lozim darajada tashkil etilmagan.

Davlat organlari va tashkilotlarida zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, energiya resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlash maqsadida:

1. Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining “Energiya tejash milliy kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyatini (keyingi oʻrinlarda — “ETMK” AJ deb yuritiladi) tashkil etish haqidagi taklifi qabul qilinsin.

2. Quyidagilar “ETMK” AJning asosiy vazifalari etib belgilansin:

davlat organlari va tashkilotlarida energiya resurslari isteʼmolining samaradorligini monitoring qilish;

davlat organlari va tashkilotlarida zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʻyicha takliflarni tayyorlash;

davlat organlari va tashkilotlarida zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish;

davlat organlari va tashkilotlarining xarajatlarini maqbullashtirish, tovarlar (ishlar, xizmatlar) tannarxini pasaytirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish va energiya resurslari uchun xarajatlarni qisqartirish hisobiga budjet hamda oʻz mablagʻlarini tejash;

foydalaniladigan energiya resurslari hajmini kamaytirishga qaratilgan texnik, texnologik, iqtisodiy va boshqa choralarni amalga oshirish.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

“ETMK” AJning ustav fondi taʼsischilar oʻrtasida 1-ilovaga muvofiq taqsimlanadi;

“ETMK” AJ davlat organlari va tashkilotlarida energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʻyicha tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning yagona yetkazib beruvchisi hisoblanadi;

energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʻyicha tovarlar (ishlar, xizmatlar) majburiy sertifikatlashtirilishi shart;

“ETMK” AJning davlat organlari va tashkilotlarida energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʻyicha xarajatlarni qoplash ular joriy qilingandan keyin olingan tejash miqdorlaridan kelib chiqib amalga oshiriladi;

tejash darajasi tasdiqlanganda davlat organlari va tashkilotlarining “ETMK” AJ oldidagi majburiyatlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining davlat kafolati beriladi;

energiya samaradorligi yuqori boʻlgan oʻxshash tovarlar mavjud boʻlgan taqdirda, davlat organlari va tashkilotlariga energiya samaradorligi past tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni xarid qilish taqiqlanadi;

“ETMK” AJning toʻlovlari xarajatlarning toʻrtinchi guruhi — boshqa xarajatlar boʻyicha amalga oshiriladi;

xorijiy va xalqaro moliya institutlarining mablagʻlari, tijorat banklarining kreditlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar “ETMK” AJ faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi bilan birgalikda “ETMK” AJning ustav fondini shakllantirgan holda aksiyalarni belgilangan tartibda chiqarish, davlat roʻyxatidan oʻtkazish va taʼsischilar oʻrtasida joylashtirishni taʼminlasin.

5. “ETMK” AJning direktoriga istisno tariqasida yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni ishga qabul qilishga hamda ularga ish haqi va boshqa toʻlovlarni erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada belgilashga ruxsat berilsin.

6. Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasidagi loyihalarni tanqidiy tahlil qilish va ularni optimallashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash boʻyicha komissiya 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.

7. Komissiya (M.X. Saliyev) uch oy muddatda:

uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasida, shu jumladan, xorijiy va xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar boʻyicha tanqidiy tahlil oʻtkazsin;

oʻtkazilgan oʻrganish yakunlari boʻyicha uy-joy kommunal xizmatlarning budjet xarajatlari va tashkiliy-shtat tuzilmasini optimallashtirish yuzasidan takliflar tayyorlasin;

uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi investitsiya dasturlarini optimallashtirish boʻyicha takliflar tayyorlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi:

“ETMK” AJ hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda davlat organlari va tashkilotlarida zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etishning shartlari va aniq mezonlarini belgilaydigan takliflarni kiritsin;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi, “ETMK” AJ, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “OʻzInjiniring” Respublika loyiha instituti bilan birgalikda uch oy muddatda qozonxona stansiyalarini xatlovdan oʻtkazsin hamda yakuni yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga Qozonxona asbob-uskunalarini modernizatsiya qilish boʻyicha davlat dasturi loyihasini kiritsin.

9. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “OʻzInjiniring” Respublika loyiha instituti Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan birgalikda xorijiy va xalqaro moliya institutlarining mablagʻlarini jalb qilgan holda energiya servis shartnomalari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar boʻyicha loyihaoldi hujjatlarining ishlab chiqilishini taʼminlasin.

10. “Oʻzstandart” agentligi “ETMK” AJni davlat organlari va boshqa tashkilotlarida energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʻyicha tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sertifikatlash yuzasidan yagona organ sifatida belgilangan tartibda akkreditatsiya qilsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ikki oy muddatda:

Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga energiya servis shartnomasida belgilangan tejash darajasi tasdiqlanganda davlat organlari va tashkilotlarining “ETMK” AJ oldidagi majburiyatlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining davlat kafolatini berish tartibi yuzasidan takliflarni kiritsin;

energiya servis shartnomalarining amal qilish davrida kommunal xizmatlar uchun, shu jumladan, tariflar oʻsishini hisobga olib, ilgari nazarda tutilgan budjet ajratmalari miqdorini saqlab qolgan holda budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarni moliyalashtirish tartibini ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda “ETMK” AJning tuzilmasini tasdiqlasin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi Adliya vazirligi va boshqa idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori Sh.M. Sadikov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 23-avgust,

PQ-3238-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 23-avgustdagi PQ-3238-son qaroriga 1-ILOVA

“Energiya tejash milliy kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati ustav fondidagi ulushlarning TAQSIMOTI

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 23-avgustdagi PQ-3238-son qaroriga 2-ILOVA

Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasidagi loyihalarni tanqidiy tahlil qilish va ularni optimallashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash boʻyicha komissiya TARKIBI

Izoh: Komissiyaning aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni yanada joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.