Nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish faoliyatini yanada rivojlantirish, taʼlimning yuqori sifatini taʼminlashda davlat va nodavlat taʼlim muassasalari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini yaratish, shuningdek, nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish sohasidagi yuridik shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklarining 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab yuridik shaxslar tomonidan mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shakllaridan qatʼi nazar, nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatishni litsenziya asosida amalga oshirish tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish faoliyatini yanada rivojlantirishning asosiy yoʻnalish va vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
iqtidorli bolalar va isteʼdodli yoshlarni aniqlash va qoʻllab-quvvatlash orqali taʼlim-tarbiyaning yuqori sifatini taʼminlaydigan qulay shart-sharoitlar yaratish;
sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish uchun anʼanaviy taʼlim xizmatlari bilan bir qatorda sifatli va ommabop taʼlim olishning muqobil imkoniyatlarini yaratadigan pullik taʼlim xizmatlari koʻrsatish bozorini jadal rivojlantirish;
ilgʻor xalqaro tajribalarni inobatga olib, oʻqitishning innovatsion pedagogik shakllari, uslublari hamda zamonaviy texnologiyalaridan foydalanish asosida taʼlim sohasidagi samaradorlik va natijaviylikni oshirish.
3. Belgilansinki, nodavlat taʼlim xizmatlari faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar:
oʻz faoliyatini davlat taʼlim standartlari va talablar asosida amalga oshiradi;
amaldagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga qatʼiy rioya qilgan holda yuqori malakali pedagog va boshqa kadrlar bilan taʼminlash, taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish choralarini koʻradi;
oʻqish muddati va shartlari, toʻlov miqdori, tomonlarning huquq va majburiyatlari hamda boshqa shartlar belgilangan shartnomaga muvofiq taʼlim oluvchilarning ota-onalari yoki boshqa qonuniy vakillari bilan oʻzaro munosabat oʻrnatadi;
oʻz faoliyatini aholiga pullik taʼlim xizmatlarini koʻrsatish, xayriya fondlari va grantlardan kelib tushgan mablagʻlar, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiradi;
bitiruvchilarga davlat namunasidagi taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat beradi.
4. Maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim sohasida nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatadigan yuridik shaxslar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli va iqtidorli farzandlarini tanlov asosida muassasadagi jami oʻquvchilar umumiy sonining 10 foizidan kam boʻlmagan miqdorda taʼlim xizmatlarini koʻrsatish evaziga kelib tushgan daromadlar hisobidan bepul (grant asosida) oʻqishga qabul qilishi belgilab qoʻyilsin. Keyingi yillarda oʻquvchilarni bepul (grant asosida) oʻqitishni davom ettirish boʻyicha qaror nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxs tomonidan taʼlim oluvchining oilaviy sharoiti va uning akademik natijalaridan kelib chiqqan holda qabul qilinadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda aholiga nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslarga davlat mulki boʻlgan foydalanilmayotgan bino, obyektlar va inshootlarni davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida oʻrnatilgan tartibda sotishni tashkil etsin.
6. Nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslarga ilgʻor xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda quyidagilar tavsiya qilinsin:
taʼlim jarayonini oʻqitishning eng zamonaviy texnologiyalaridan foydalangan holda fanlarni chuqurlashtirib oʻrgatish yoʻnalishida tashkil etish;
oʻzlariga nom tanlashda vatanimizning mashhur va buyuk olimlari, jamiyat arboblari ismlaridan oʻrnatilgan tartibda foydalanish;
ilgʻor ilmiy-amaliy tajribani joriy etish hamda chuqurlashtirib oʻrganiladigan fanlarni chet tilida oʻqitish uchun taʼlim jarayoniga xorijiy pedagog va mutaxassislarni jalb qilish.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda 2018/2019 oʻquv yili boshlangunga qadar har bir tuman (shahar)da davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibiga rioya qilgan holda maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim sohasida nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanadigan kamida bittadan yuridik shaxsni tashkil etish choralarini koʻrsin.
8. Maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim sohasida nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanadigan yuridik shaxslar 2030-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda quyidagi toʻlovlardan ozod qilinsin:
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-51-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.03.2025-y., 06/25/51/0261-son)
barcha turdagi soliq va davlat maqsadli jamgʻarmasiga majburiy toʻlovlardan (yagona ijtimoiy toʻlovdan tashqari), bunda ozod qilinayotgan mablagʻlar ularni zamonaviy oʻquv vositalari bilan jihozlash, zarur mahsulotlar va jihozlar sotib olish, bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga bepul taʼlim xizmatlarini koʻrsatishga maqsadli yoʻnaltiriladi;
mehnat shartnomasi asosida taʼlim-tarbiya jarayoniga jalb qilingan xorijiy oʻqituvchi va mutaxassislarning oylik ish haqidan yagona ijtimoiy toʻlov.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zaruratdan kelib chiqib, maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim sohasida nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanadigan yuridik shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan yangi oʻquv asbob-uskunalari va oʻquv materiallarini respublikaga olib kirishda (bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish uchun toʻlovlar bundan mustasno) bojxona toʻlovlaridan ozod etish va ularning roʻyxatini tasdiqlashni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini oʻrnatilgan tartibda kiritsin.
10. Belgilab qoʻyilsinki, yuridik shaxslar tomonidan nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatishda:
Chet ellik oʻqituvchi va mutaxassislar jismoniy shaxslarga solinadigan daromad soligʻi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasiga ajratiladigan toʻlovlardan tuzilgan mehnat shartnomasi doirasida ozod qilinadi;
chet ellik oʻqituvchi va mutaxassislarga ikki tomonlama aviachiptalarni xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlar (uzoq muddatli mehnat shartnoma asosida — bir yilda ikki martadan oshmagan holda) ish beruvchi tomonidan qoplanishi mumkin;
chet ellik oʻqituvchi va mutaxassislarning yashash joyi uchun toʻlovlar qisqa muddatli mehnat shartnomalariga asosan (bir oydan koʻp boʻlmagan muddatga) ish beruvchilar tomonidan amalga oshiriladi, uzoq muddatli mehnat shartnomalari doirasida ularning yashash joyi uchun toʻlovlar shartnoma shartlariga muvofiq ish haqi bilan birgalikda toʻlab beriladi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-dekabrdagi PF-5893-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2019-y., 06/19/5893/4150-son)
12. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga tegishli vazirlik va idoralar buyurtmalariga asosan nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanadigan yuridik shaxslar tomonidan ishga taklif qilinayotgan xorijiy oʻqituvchi va mutaxassislarning kirish vizalarini oʻrnatilgan tartibda konsullik va boshqa toʻlovlarni undirmagan holda rasmiylashtirish vazifasi yuklatilsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda quyidagilarni belgilaydigan hukumat qarorini qabul qilsin:
nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish sohasida davlat-xususiy sherikchilik samarali mexanizmlarini joriy etish;
ilgʻor xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va tashkiliy-huquqiy shakllarini takomillashtirish;
nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish bilan shugʻullanadigan yuridik shaxslar faoliyatini nazorat qilish mexanizmlari;
nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish faoliyatiga litsenziya berish tartibi haqidagi nizomni tasdiqlash.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar;
oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 15-sentabr,
PQ-3276-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga