PQ-3286-son Qaror · 25.09.2017

Suv obyektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3286
  • Qabul qilingan sana:25.09.2017
  • Kuchga kirgan sana:26.09.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/17/3286/0015

Mamlakatda ekologik vaziyatni yaxshilashga, shu jumladan, suv obyektlarini muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, shuningdek, toshqin va sel hodisalarida favqulodda holatlarning oldini olishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shu bilan birga, qonunchilikda mavjud boʻshliqlar daryolar oʻzanlari va suvni muhofaza qilish zonalari, koʻllar, suv omborlari, kanallar, kollektorlar va boshqa suv obyektlarini tozalash, shuningdek, ularning qirgʻoqlarini mustahkamlash (keyingi oʻrinlarda daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash deb yuritiladi) ishlarini amalga oshirishda qum-shagʻal materiallarini ruxsatsiz qazib chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratmoqda.

Oʻz navbatida, qum-shagʻal materiallarining ruxsatsiz qazib chiqarilishi aksariyat hollarda yer usti va yer osti suvlari kamayib ketishi, suvni muhofaza qilish zonalari botqoqlashishi va ifloslanishi, ularning qirgʻoqlari, sugʻorish tizimlari, transport va gidrotexnika infratuzilma obyektlarining buzilishiga, shuningdek, favqulodda holatlarning oldini olish boʻyicha tadbirlar samaradorligining pasayishiga olib kelmoqda.

Faqat 2017-yilda daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarini noqonuniy amalga oshirish boʻyicha 228 ta holat, shu jumladan, davlat ekologik ekspertizasi xulosasi yoki noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan litsenziyasi mavjud boʻlmagan 176 ta subyekt tomonidan noqonuniy amalga oshirganlik holatlari aniqlangan.

Daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarining noqonuniy amalga oshirilishiga yoʻl qoʻymaslik, atrof-muhitga salbiy taʼsirining oldini olish, shuningdek, transport va gidrotexnika infratuzilma obyektlarining xavfsiz ishlashini taʼminlash, ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida:

1. Belgilab qoʻyilsinki:

daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining sel, toshqin va yer koʻchkisi xavfi boʻlgan tumanlarda qirgʻoqni mustahkamlash, himoya qilish va tiklash ishlari boʻyicha Maxsus muhandislik-qurilish boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda FVV Maxsus muhandislik-qurilish boshqarmasi deb yuritiladi) hamda Toshqin suvlari va sel oqimlarini xavf-xatarsiz oʻtkazib yuborishni taʼminlash, qor koʻchish va yer koʻchki hodisalari xavfini kamaytirish boʻyicha Hukumat komissiyasining (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb yuritiladi) qarorlariga asosan boshqa tashkilotlar tomonidan faqatgina toshqin suvlari va sel oqimlarini oʻtkazib yuborishning imkoniyatsizligi bilan bogʻliq salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida amalga oshiriladi;

(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.10.2025-y., 06/25/185/0956-son)

daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirish toʻgʻrisida Komissiya qarori Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining daryo oʻzanlarini oʻrganish hamda toshqin suvlari va sel oqimlarini xavf-xatarsiz oʻtkazib yuborish imkoniyatlarini baholash natijalari boʻyicha qoʻshma xulosalariga asosan qabul qilinadi;

(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)

daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirishga loyiha hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi organlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazilishi shart;

(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)

daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash ishlarini moliyalashtirish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi

(1-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-noyabrdagi PQ-426-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2022-y., 07/22/426/1026-son)

daryolar oʻzanlari va qirgʻoqboʻyi mintaqalarida noruda foydali qazilmalarni qazib olish (qum-shagʻal materiallarini qazib olish bundan mustasno) tasdiqlangan zaxiralar mavjudligi va suv rejimiga salbiy taʼsirga yoʻl qoʻymaslik sharti bilan noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan ruxsatnomaga qatʼiy muvofiq ravishda amalga oshiriladi;

(1-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-apreldagi PQ-5083-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2021-y., 07/21/5083/0371-son)

noruda foydali qazilmalar konini ishlab chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishilgan yer qaʼridan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilishni taʼminlovchi ishlab chiqish tizimi boʻyicha amalga oshiriladi;

(1-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)

daryolar oʻzanlarida qum-shagʻal materiallarini qazib olish faqat ularni tozalash jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Suv xoʻjaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasi tomonidan belgilangan tartibda shartnoma asosida jalb etilgan tadbirkorlik subyektlari va boshqa tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi;

(1-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi PF-99-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2026-y., 06/26/99/0545-son)

FVV Maxsus muhandislik-qurilish boshqarmasi va boshqa tashkilotlar noruda foydali qazilmalar qayta ishlangan va sotilgan hollarda yer qaʼridan foydalanganlik uchun belgilangan tartibda soliq toʻlaydi. Bunda daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash ishlarini moliyalashtirish noruda foydali qazilmalarni sotishdan olingan daromadlar miqdoriga kamaytiriladi.

(1-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.10.2025-y., 06/25/185/0956-son)

2. Daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish tartibining buzilishini aniqlash va oldini olish boʻyicha doimiy faoliyat koʻrsatuvchi Idoralararo guruhlar (keyingi oʻrinlarda idoralararo guruhlar deb yuritiladi) tashkil etilsin hamda ularning namunaviy tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilab qoʻyilsinki:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar idoralararo guruhlari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining qoʻshma qarori bilan, tuman va shahar idoralararo guruhlari esa, suv obyektlarining joylashuvini inobatga olgan holda, ularning hududiy boʻlinmalari qoʻshma qarori bilan tashkil etiladi;

(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)

idoralararo guruhlarning faoliyati ustidan rahbarlik prokuratura organlari tomonidan amalga oshiriladi.

3. Quyidagilar Idoralararo guruhlarning asosiy vazifalari etib belgilansin:

daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarining holatini Komissiya qarorlariga, loyiha hujjatlariga, noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan ruxsatnomalarda nazarda tutilgan shartlarga, shuningdek, qonun hujjatlarining boshqa talablariga muvofiqligi nuqtai nazaridan oʻrganish;

(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-apreldagi PQ-5083-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2021-y., 07/21/5083/0371-son)

daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarini noqonuniy amalga oshirish holatlarini aniqlash va oldini olish yuzasidan tadbirlarni tashkil etish hamda oʻtkazish;

daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish tartibining buzilishida aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish choralarini koʻrish;

ushbu sohadagi qonun hujjatlari talablariga rioya etish masalalari boʻyicha aholi oʻrtasida profilaktika tadbirlarini tashkil qilishda va oʻtkazishda ishtirok etish;

oʻtkazilgan tadbirlar va aniqlangan huquqbuzarliklar haqidagi axborotlarni, shuningdek, daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish tartibini takomillashtirish boʻyicha takliflarni muntazam ravishda Komissiyaga kiritish.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarining ushbu qaror talablariga muvofiq amalga oshirilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin.

(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)

Bunda ushbu nazorat jarayonida oʻtkaziladigan tekshirishlar Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi bilan kelishilmagan holda amalga oshirilishi belgilansin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi davlat organlari tomonidan ushbu qarorning 4-bandida koʻrsatilgan nazorat funksiyalarining lozim darajada bajarilishi ustidan nazorat oʻrnatsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda FVV ixtisoslashtirilgan otryadlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-oktabrdagi PF-6320-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2021-y., 06/21/6320/0940-son)

8. Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari bilan birgalikda tadbirkorlik subyektlariga ishlab chiqarishni tashkil etish uchun suv obyektlari tashqarisida noruda foydali qazilmalarning muqobil xomashyo manbalarini aniqlashga koʻmaklashsin.

(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)

9. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish tartibini buzganlik uchun maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli yoki bevosita shunday narsa boʻlgan ashyoni musodara qilishgacha javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini;

Daryo oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini;

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda qabul qilingan idoraviy hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.

11. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B. Abdullayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 25-sentabr,

PQ-3286-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-sentabrdagi PQ-3286-son qaroriga ILOVA

Daryo oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish tartibining buzilishini aniqlash va oldini olish boʻyicha idoralararo guruhning

Izoh: zarurat boʻlganda, idoralararo guruh tarkibiga boshqa mutaxassislar, shu jumladan, boshqa organlar va tashkilotlarning mutaxassislari ham kiritilishi mumkin.

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv obyektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.