PQ-3301-son Qaror · 29.09.2017

Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduq, Konimex, Nurota tumanlari va Zarafshon shahrini kompleks rivojlantirish hamda aholisi bandligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3301
  • Qabul qilingan sana:29.09.2017
  • Kuchga kirgan sana:30.09.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/17/3301/0040

Raqobatbardosh sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish, zamonaviy servis xizmatlari koʻrsatish, mintaqadagi mavjud tabiiy, ishlab chiqarish va mehnat resurslaridan toʻla-toʻkis hamda samarali foydalanish asosida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish va ularni chuqur qayta ishlash yoʻli bilan Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduq, Konimex, Nurota tumanlari va Zarafshon shahrining iqtisodiy salohiyatini kompleks rivojlantirish va mustahkamlashni, shuningdek, aholining turmush darajasi va sifati yanada oshirilishini taʼminlash maqsadida:

1. Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduq, Konimex, Nurota tumanlari va Zarafshon shahrini kompleks rivojlantirish va aholisi bandligini taʼminlashning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:

zamonaviy raqobatbardosh sanoat mahsuloti, shu jumladan qurilish materiallari, tikuvchilik va trikotaj buyumlari ishlab chiqarish boʻyicha yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish;

chorvachilik, shu jumladan tuyachilik tarmogʻini yanada rivojlantirish, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlashni ragʻbatlantirish;

yoʻl-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani tobora rivojlantirish, muqobil energiya manbalarini tatbiq etish loyihalarini amalga oshirish;

aholining uy-joy-maishiy sharoitlarini yaxshilashga, uning sogʻlomlashtirish va madaniy hordiq chiqarishini tashkillashtirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish, taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash.

2. 2017 — 2019-yillarda Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduq, Konimex, Nurota tumanlari va Zarafshon shahrida kafolatlangan ish oʻrinlari yaratish hamda yoʻl-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish tadbirlari dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Dastur parametrlarini bajarishni taʼminlash yuzasidan mahalliy davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, ijroiya hokimiyat organlarining faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika ishchi guruhi 2-ilovaga muvofiq tuzilsin.

Respublika ishchi guruhi (A.J. Ramatov):

Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning belgilangan muddatlarga muvofiq amalga oshirilishini doimiy nazorat qilish va davlat hamda xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirishni;

koʻrsatilgan hududlardagi aholi bandligi boʻyicha tegishli uy-joy va maishiy sharoitlarni yaratish bilan birga kechiktirilmaydigan chora-tadbirlar amalga oshirilishi tashkillashtirilishini;

muammoli masalalarni muntazam oʻrganib borish va ularni tezkorlik bilan hal etishda amaliy choralar koʻrilishini;

zarur hollarda Dasturga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishini taʼminlasin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Dastur doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarning manzilli roʻyxatini oʻn kun muddatda tasdiqlasin, ularni moliyalashtirilish manbalari, masʼul ijrochilari va amalga oshirish muddatlarini aniq koʻrsatsin.

5. Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduq, Konimex tumanlari, Nurota tumanidagi Dehibaland, Sentob, Temirkovuk, Qizilcha, Gum va Choʻya aholi punktlari hamda Zarafshon shahri hududlarini kompleks rivojlantirish hamda aholisining turmush sharoitlari sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlarini amalga oshirishni ishonchli va barqaror moliyalashtirishni taʼminlash maqsadida Navoiy viloyati hokimligida Maxsus jamgʻarma (keyingi oʻrinlarda — jamgʻarma) tashkil etilsin.

Maxsus jamgʻarmani shakllantirish manbalari etib kuyidagilar belgilansin:

har yili “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK tomonidan ajratiladigan mablagʻlar;

xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning imtiyozli kreditlari (qarzlari);

jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya ehsonlari;

qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa moliyalashtirish manbalari.

Navoiy viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Maxsus jamgʻarmani shakllantirish va uning mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom ishlab chiqilishi va belgilangan tartibda tasdiqlanishini taʼminlasin.

6. Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduq, Konimex tumanlari, Nurota tumanidagi Dehibaland, Sentob, Temirkovuk, Qizilcha, Gum va Choʻya aholi punktlari hamda Zarafshon shahri hududida 2017-yilning 1-oktabridan 2028-yilning 1-yanvariga qadar boʻlgan davrda:

sanoat va xizmat koʻrsatish sohasida (savdo va avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari bundan mustasno) faoliyat yurituvchi yangi tashkil etilayotgan tadbirkorlik subyektlari aylanmadan olinadigan soliqdan ozod qilinadi va yakka tartibdagi tadbirkorlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining qatʼiy belgilangan summalarini hudud uchun belgilangan eng kam stavkaning toʻrtdan bir qismi miqdorida toʻlaydi;

chorvachilik va tuyachilik mahsulotlarini qayta ishlash sohasida faoliyat yuritayotgan fermer xoʻjaliklari va tadbirkorlik subyektlari ijtimoiy soliqdan ozod qilinadi;

ushbu hududlarda roʻyxatga olingan va faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining qatʼiy belgilangan summalarini hudud uchun belgilangan eng kam stavkaning toʻrtdan bir qismi miqdorida toʻlaydi;

ushbu hududlarda roʻyxatga olingan va faoliyatni amalga oshirayotgan yuridik shaxslar muassislari tomonidan olingan dividendlar daromad (foyda) soligʻidan ozod qilinadi.

(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)

7. 2017-yilning 1-oktabridan boshlab Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduq, Konimex, Nurota tumanlari va Zarafshon shahrida joylashgan “Barkamol avlod” markazlaridagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida, musiqa va sanʼat maktablarida bolalarni oʻqitish uchun har oylik ota-onalar toʻlovi respublika boʻyicha oʻrnatilgan hajmning 50 foizi miqdorida belgilansin.

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi PQ-4857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2020-y., 07/20/4857/1357-son)

8. Tijorat banklariga Vazirlar Mahkamasining tasdiqlangan loyihalar manzilli roʻyxatiga kiritilgan loyihalarni amalga oshirishni moliyalashtirishga Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan oshmaydigan stavka boʻyicha kreditlar ajratish tavsiya etilsin.

Belgilab qoʻyilsinki, tijorat banklari tomonidan mazkur kreditlarni ajratishda ularga Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasidan 4 foizgacha summada oshadigan xarajatlarini qoplashga Maxsus jamgʻarma mablagʻlari hisobidan subsidiya (yordam puli) beriladi.

9. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduq, Konimex, Nurota tumanlari va Zarafshon shahrida joylashgan foydalanilmay boʻsh yotgan davlat obyektlarini ushbu obyektlar negizida tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish istagini bildirgan tadbirkorlik subyektlariga yangi ish oʻrinlari yaratish sharti bilan tekin foydalanish huquqi asosida oʻn yil muddatgacha ijaraga berilishini taʼminlasin.

(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)

10. “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK, “Qizilqumsement” AJ, “Navoiyazot” AJning Tomdi tumanida 1,5 ming bosh tuya va 10 ming bosh koʻy boqishga moʻljallangan chorvachilik komplekslari tashkil etish, shuningdek, ushbu hududlarda mahalliy aholi orasidan 1000 nafar kishining ish bilan kafolatlangan tarzda qamrab olinishi uchun “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK tomonidan tikuv mashinalari xarid qilinishini taʼminlash yoʻli bilan ushbu hududlarda tikuvchilik va trikotaj buyumlar ishlab chiqarishni tashkillashtirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mobil aloqa kompaniyalari bilan birgalikda, zaruratga qarab, aloqa bilan taʼminlanmagan alohida hududlarda bazaviy stansiyalar oʻrnatilishini hamda olis qishloqlar va ovullarda raqamli televideniye tarmoqlari xizmati koʻrsatilishini tashkillashtirsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi bir oy muddatda ushbu hududlarda razvedka qilingan foydali qazilmalarni qazib olish va ularni qayta ishlashni tashkil etish boʻyicha takliflar tayyorlasin hamda Respublika ishchi guruhiga kiritsin.

13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik boshqaruvi raisi A.J. Ramatov hamda bandlik va mehnat munosabatlari vaziri A.A. Xayitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 29-sentabr,

PQ-3301-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-sentabrdagi PQ-3301-son qaroriga 1-ILOVA

2017 — 2019-yillarda Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduq, Konimex, Nurota tumanlari va Zarafshon shahrida kafolatlangan ish oʻrinlari yaratish hamda yoʻl-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-martdagi PF-5383-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.03.2018-y., 06/20/5383/0980-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-sentabrdagi PQ-3301-son qaroriga 2-ILOVA

Dastur parametrlarini bajarishni taʼminlash yuzasidan mahalliy davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, ijroiya hokimiyat organlarining faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika ishchi guruhi

Izoh. Respublika ishchi guruhi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.