PQ-3344-son Qaror · 20.10.2017

Respublikada oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va “Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3344
  • Qabul qilingan sana:20.10.2017
  • Kuchga kirgan sana:21.10.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/17/3344/0152

Soʻnggi yillarda respublikada oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va turlarini koʻpaytirish, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash ishlari izchil amalga oshirilmoqda.

Qish-bahor davrida ichki isteʼmol bozorini barqaror toʻldirish uchun yangi meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashga gʻamlash maqsadida ularni xarid qilish yuzasidan davlat buyurtmasi tizimi joriy etildi.

Shu bilan birga, meva-sabzavot mahsulotlarini tayyorlash, saqlash infratuzilmasining, shuningdek, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ushbu yoʻnalishdagi ishlarni samarali muvofiqlashtirishning yetarli emasligi mavsumlar oraligʻidagi davrda narxlarni barqarorlashtirish va aholi ehtiyojini qondirish uchun ularni zarur hajmlarda oʻz vaqtida va toʻliq gʻamlash imkonini bermayapti.

Respublika aholisini va ijtimoiy soha muassasalarini oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlari hamda mavsumiy meva-sabzavot mahsulotlari bilan yil boʻyi va uzluksiz taʼminlash, meva-sabzavot mahsulotlarini qish-bahor davri uchun tayyorlash va gʻamlash boʻyicha davlat buyurtmasini toʻliq hajmda bajarish, ichki isteʼmol bozorida mazkur mahsulotlar narxlarining keskin oʻzgarishlarini toʻxtatib turish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasining, “Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tashkiliy tuzilmasida:

(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-avgustdagi PF-5497-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2018-y., 06/18/5497/1604-son)

Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlar va Toshkent shahrida “Oziqovqattaʼminot” hududiy filiallarini;

xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan norma va standartlarga muvofiq isteʼmol tovarlari va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining keng koʻlamli zamonaviy laboratoriya tadqiqotlari oʻtkazilishini taʼminlaydigan masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi, yuqori texnologiyali sinash kompleksini;

masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi ixtisoslashtirilgan koʻp tarmoqli qurilish-transport tashkilotini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.

2. “Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasiga va uning hududiy boʻlinmalariga, uyushmaning yangilangan tashkiliy tuzilmasini hisobga olgan holda quyidagi qoʻshimcha vazifalar va faoliyat yoʻnalishlari yuklansin, ularda quyidagilar nazarda tutilsin:

davlat buyurtmasi parametrlariga muvofiq hajmlarda meva-sabzavot mahsulotlari zaxiralari shakllantirilishini tashkil etish hamda aholini va boshqa isteʼmolchilarni arzon narxlardagi yangi meva-sabzavot mahsulotlari bilan yil davomida va uzluksiz taʼminlash maqsadida ularni rejali tarzda sotish;

ixtisoslashtirilgan yangi omborxonalar, kartoshka saqlash joylari va sovutish kameralarini qurish, mavjudlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, shuningdek, oziq-ovqat tovarlarini qayta ishlash va qadoqlash boʻyicha zamonaviy, yuqori texnologiyali, energiyadan samarali foydalanadigan uskunalarni faol joriy etish yoʻli bilan meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;

ichki isteʼmol bozori konyunkturasini muntazam oʻrganish, obyektiv sabablarga koʻra mahalliy sharoitlarda yetishtirilmaydigan yoki respublikada yetishmaydigan ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan oziq-ovqat tovarlari va meva-sabzavot mahsulotlarini import boʻyicha oʻz vaqtida chetdan keltirishni tashkil etish yuzasidan takliflarni kelishish uchun tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;

dehqon oziq-ovqat bozorlarida chakana savdo tarmoqlarini kengaytirish, barcha tuman markazlarida, aholidan oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish boʻyicha punktlar tashkil etish hisobiga ularga meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita yetishtiruvchilardan toʻgʻridan-toʻgʻri qabul qilishni yoʻlga qoʻyish;

aholini, shu jumladan uzoqdagi va borish kiyin boʻlgan joylardagi aholini, shuningdek, ijtimoiy soha muassasalarini oziq-ovqat tovarlari va meva-sabzavot mahsulotlari bilan ishonchli va uzluksiz taʼminlash;

respublika va xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan qabullarni oʻtkazishda umumiy ovqatlanish korxonalariga koʻmaklashish va tashkiliy-metodik yordam koʻrsatish;

meva-sabzavot mahsulotlari uchun muvofiqlik sertifikatlari olishda, umumiy eʼtirof etilgan xalqaro normalar va standartlar talablariga javob beradigan sifat menejmenti tizimlarini joriy etishda eksport qiluvchi tashkilotlarga amaliy yordam koʻrsatish;

yangi ixtisoslashtirilgan omborxonalar, kartoshka saqlash joylari va sovutish kameralarini qurish, mavjudlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilishni loyihalashtirishni va loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishni tashkil etish, “Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tarkibiga kiradigan tashkilotlar uchun qurilish-transport xizmatlari koʻrsatish.

3. Quyidagilar:

“Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasining tashkiliy tuzilmasi hamda “Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tarkibiga kiradigan meva-sabzavot mahsulotlarini tayyorlash va saqlash uchun gʻamlash boʻyicha hududiy filiallari va tashkilotlari roʻyxati 1 va 2-ilovalarga muvofiq;

“Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasining yangilangan ijro etuvchi apparati boshqaruvi xodimlarining cheklangan soni 53 nafardan iborat tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;

“Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi “Oziqovqattaʼminot” hududiy filiallarining namunaviy tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq maʼqullansin.

4. “Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda har yili 1-iyungacha:

ichki isteʼmol bozori konyunkturasini oʻrganish asosida ichki isteʼmol bozorida narxlarning barqarorligini saqlash uchun meva-sabzavot mahsulotlarini gʻamlash prognoz hajmlarini va ularning assortiment tarkibi aniqlanishini;

meva-sabzavot mahsulotlarining aniq yetishtiruvchilari bilan bogʻlagan holda tayyorlov tashkilotlarining joylashuvi tasdiqlanishini taʼminlasin.

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari viloyatlar, tumanlar va fermer xoʻjaliklari kesimida qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirishga doir qarorlar qabul qilishda davlat buyurtmasiga binoan meva-sabzavot mahsulotlari gʻamlash parametrlarini hisobga olsinlar.

(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-avgustdagi PF-5497-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2018-y., 06/18/5497/1604-son)

5. “Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasi bir oy muddatda:

Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlar va Toshkent shahrida “Oziqovqattaʼminot” hududiy filiallarini tashkil etish bilan bogʻliq boʻlgan tashkiliy masalalarni hal etish boʻyicha muassislarning umumiy yigʻilishi oʻtkazilishini;

“Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasining ijro etuvchi apparatini va “Oziqovqattaʼminot”ning hududiy filiallarini puxta tanlov asosida yuqori malakali boshqaruv kadrlari va mutaxassislari bilan toʻldirishni;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda — yangidan tashkil etilayotgan “Oziqovqattaʼminot” hududiy filiallarini joylashtirishni;

“Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tarkibiga kiradigan korxonalarga ular tomonidan dehqon bozorlari hududlarida “Xizmat-beminnat” chakana savdo pavilyonlari tashkil etishda tashkiliy yordam koʻrsatishni;

“Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tarkibiga kiradigan tashkilotlar tomonidan aholidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari xarid qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin.

6. Quyidagilar “Xizmat-beminnat” shuʼba korxonalarining asosiy vazifalari etib belgilansin:

qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini bevosita ularning yetishtiruvchilaridan xarid qilishni va ularni maqbul narxlarda dehqon bozorlarida sotishni tashkil etish;

dehqon bozorlarini “dala-doʻkon” qoidasi boʻyicha qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan toʻldirish.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tarkibiga kiradigan tashkilotlarga aholiga arzon narxlar bilan turli qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yil davomida sotishni tashkil etish uchun yengil konstruksiyalardan foydalangan holda “Xizmat-beminnat” ixtisoslashtirilgan savdo pavilyonlari qurishga dehqon bozorlari va yirik aholi uy-joy massivlari hududlarida bepul savdo joylari berishda har tomonlama koʻmaklashsinlar.

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-dekabrdagi PF-5893-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2019-y., 06/19/5893/4150-son)

8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, “Oʻzagrosugʻurta” AJ, “Oʻzbekinvest” milliy sugʻurta kompaniyasi, “Kafolat” sugʻurta kompaniyasi” AJ va boshqa sugʻurta tashkilotlari:

qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilish uchun tijorat banklari tomonidan beriladigan kreditlar boʻyicha qaytarmaslik tavakkalchiliklariga ajratiladigan kreditlar summasining 80 foizigacha miqdorda yillik 1 foiz miqdoridagi imtiyozli stavka boʻyicha sugʻurta qoplovi berilishini;

qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilish uchun tijorat banklari tomonidan beriladigan kreditlar boʻyicha qaytarmaslik tavakkalchiligi sugʻurtasi boʻyicha sugʻurta tashkilotlarining sheriklik guruhi tuzilishini taʼminlab borsin.

9. 2017-yilning 1-noyabridan boshlab shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq “Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tarkibiga kiradigan:

tayyorlov ishlari bilan shugʻullanadigan tashkilotlar faoliyati savdo faoliyatiga tenglashtiriladi va ularga savdo korxonalari uchun belgilangan soliq solish tartibi tatbiq etiladi. Bunda savdo faoliyatining tegishli turlari uchun belgilangan stavkalar boʻyicha soliq solinadigan savdo aylanmasi faoliyatining mazkur turi boʻyicha yagona soliq toʻlovi obyekti hisoblanadi;

qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotish boʻyicha tovar aylanmasi yagona soliq toʻlovidan 5 yil muddatga ozod etilsin.

Belgilansinki, ushbu imtiyozlar berilishi munosabati bilan boʻshaydigan mablagʻlar quyidagi tartibda taqsimlanadi:

50 foizi — kelgusida ulardan yangi ixtisoslashtirilgan omborxonalar, kartoshka saqlash joylari va sovutish kameralari qurish va mavjudlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilishni moliyalashtirish, shuningdek, meva-sabzavot tovarlarini qayta ishlash va qadoqlashning zamonaviy, yuqori texnologiyali uskunalari bilan jihozlashda foydalanish uchun “Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasining maxsus hisob raqamiga yoʻnaltiriladi;

50 foizi — “Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tarkibiga kiradigan tashkilotlar tasarrufida qoldiriladi hamda ulardan meva-sabzavot mahsulotlarini xarid qilish, gʻamlash va saqlashni moliyalashtirish, shuningdek, tijorat banklarining jalb etilgan kreditlarini toʻlash uchun foydalaniladi.

10. “Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tarkibiga kiradigan tashkilotlarga toʻlov muddati oʻtgan debitorlik qarzlari yuzaga kelishiga barham berish maqsadida, yangi, quritilgan va qayta ishlangan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini toʻgʻridan-toʻgʻri eksport kontraktlari asosida, oldindan haq toʻlamasdan, “Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tarkibiga kiradigan chet elda ochilgan savdo uylariga yetkazib berish va sotishga ruxsat etilsin.

11. Belgilab qoʻyilsinki:

paxta terimchilarining ovqatlanishini tashkil etish uchun oziq-ovqat mahsulotlarini chakana savdo korxonalari tomonidan naqd pulsiz hisob-kitob qilish boʻyicha sotish chakana tovar aylanmasiga tenglashtiriladi;

aholiga va ijtimoiy soha muassasalariga belgilab qoʻyilgan narxlar boʻyicha davlat resurslaridan ajratiladigan oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlarini (un, oʻsimlik yogʻi va shu kabilarni) sotish “Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tarkibiga kiradigan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Meva-sabzavot mahsulotlarini tayyorlash va gʻamlash korxonalari uyushmasi “Oʻzbekoziqovqatzaxira”ni tashkil etish toʻgʻrisida” 2016-yil 8-apreldagi PQ-2517-sonli qarori 4-bandi, shuningdek, qarorning 1 — 3-ilovalari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

13. “Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 20-oktabr,

PQ-3344-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-oktabrdagi PQ-3344-son qaroriga 1-ILOVA

“Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-oktabrdagi PQ-3344-son qaroriga2-ILOVA

“Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tarkibiga kiradigan meva-sabzavot mahsulotlarini tayyorlash va saqlash uchun gʻamlash boʻyicha hududiy filiallari va tashkilotlari

Izoh.

“Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi “Oziqovqattaʼminot” hududiy filiallari — 14 ta.

“Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasining savdo-tayyorlov tashkilotlari — 56 ta. Aholidan meva-sabzavot mahsulotlari xarid qilish punktlari — 157 ta.

Dehqon bozorlaridagi chakana savdo pavilyonlari — “Xizmat-beminnat” UK — 228 ta.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-oktabrdagi PQ-3344-son qaroriga3-ILOVA

“Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasi ijro etuvchi apparati

Boshqaruv xodimlarining cheklangan soni — 53 nafar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-oktabrdagi PQ-3344-son qaroriga4-ILOVA

“Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi “Oziqovqattaʼminot” hududiy filiallarining

Izoh.

“Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasi hududiy filiallarining boshqaruv xodimlarining cheklangan soni — 192 nafar, shu jumladan:

Toshkent shahrida — 16 nafar;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Namangan, Fargʻona, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlarida — 14 nafardan;

Buxoro, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Surxondaryo, Xorazm viloyatlarida — 13 nafardan.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.