PF-5270-son Farmon · 01.12.2017

Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-5270
  • Qabul qilingan sana:01.12.2017
  • Kuchga kirgan sana:04.12.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/17/5270/0348

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-avgustdagi F-5006-son farmoyishi bilan tashkil etilgan Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan takliflarni tayyorlash boʻyicha komissiya tomonidan nogironlikni barvaqt aniqlash va oldini olish, nogironligi boʻlgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish, ularni kasbga oʻqitish va ishga joylashtirish sohasidagi ishlarning ahvoli kompleks va chuqur oʻrganildi.

Mazkur jarayonda aholining keng qatlamlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, shuningdek, xalqaro va xorijiy tashkilotlar vakolatxonalari yuqori faollik va daxldorlik hissini namoyon qildilar.

Oʻtkazilgan kompleks oʻrganish, aholi bilan ochiq va toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot yakunlari bartaraf etish yuzasidan taʼsirchan choralarni tezkor koʻrishni talab etuvchi qator tizimli kamchiliklar va muammolarni aniqlash imkonini berdi.

Hamkorlikdagi saʼy-harakatlar bilan nogironligi boʻlgan shaxslarning turmush darajasi va sifatini yanada yaxshilash, ularga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish, bunday shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini roʻyobga chiqarishga, jamiyatdagi faol pozitsiyasini shakllantirishga koʻmaklashish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqildi.

Mazkur takliflarni samarali amalga oshirish maqsadida, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:

1. Aholi bilan oʻtkazilgan ochiq va toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot yakunlari hamda manfaatdor vazirlik va idoralarning fikr-mulohazalarini inobatga olib:

Oʻzbekiston Respublikasining “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Qonuni loyihasini ishlab chiqish;

BMTning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilishga tayyorgarlik boʻyicha amaliy choralar koʻrish haqidagi takliflar qabul qilinsin.

2. Quyidagilar nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari etib hisoblansin:

nogironlik belgisi boʻyicha kamsitishga yoʻl qoʻymaslik, nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini roʻyobga chiqarishda teng sharoitlarni va ularni buzganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash;

nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini taʼminlash sohasidagi umumeʼtirof etilgan xalqaro norma va standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish;

tibbiy-mehnat ekspertizasi va nogironlikni belgilashning shaffof, zamonaviy uslub va mezonlarini joriy etish, nogironligi boʻlgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish darajasi va sifatini, shu jumladan diagnostika, davolash va reabilitatsiyaning zamonaviy uslublarini qoʻllagan holda yuqori texnologiyali ixtisoslashgan tibbiy va ijtimoiy yordamdan foydalanish imkoniyatini kengaytirish orqali oshirish;

nogironligi boʻlgan shaxslarni oʻz vaqtida hisobga olishning samarali mexanizmlarini yaratish, nogironlikning belgilari paydo boʻlgan vaqtdan boshlab ularni kuzatib borish va qoʻllab-quvvatlashning, shu jumladan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy ahvolini taʼsirchan monitoring qilish, ularning turmush sharoitlarini har tomonlama baholash, individual rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, shuningdek, oʻz vaqtida zarur tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish imkonini beruvchi yagona kompleks tizimini joriy etish;

tibbiy yordam darajasi va sifatini oshirish, kasalliklarni barvaqt aniqlash hamda tugʻma nuqsonlar va irsiy kasalliklar oʻsishining sabab va shart-sharoitlarini barvaqt aniqlash va oldini olishni ham nazarda tutuvchi profilaktika tadbirlarini kengaytirish boʻyicha skrining tekshiruvlarining samaradorligini koʻtarish;

nogironligi boʻlgan shaxslarning manzilli ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, ularning uy-joy-maishiy va boshqa yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan tibbiy-ijtimoiy xizmat va moddiy yordamni kengaytirish, ularni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish, shu jumladan sifatli yordamchi va texnik reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish;

nogironligi boʻlgan shaxslarning oilasi, jamiyat va davlat bilan oʻzaro aloqasini kuchaytirish, ularning qulay muhitda boʻlishi, shahar yoʻlovchi transporti, ijtimoiy va boshqa infratuzilma obyektlaridan erkin foydalanishi uchun zarur sharoitlar yaratish;

nogironligi boʻlgan shaxslarning jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga jalb qilinishi va faol ishtirokini taʼminlovchi inklyuziv taʼlim va ishga joylashtirish tizimini takomillashtirish;

nogironlikni belgilash va tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish sohasida vakolatli davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, tartib-taomillardan oʻtishni soddalashtirish, nogironligi boʻlgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish va ularni ijtimoiy reabilitatsiya qilish sohasida davlat-xususiy va ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish;

tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, “Gʻamxoʻrlik” markazlari va Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazlarida vasiylikka olinganlarning turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish tizimini rivojlantirish, ularning reabilitatsiyasi va ijtimoiylashuvi samaradorligini oshirish;

(2-bandning oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-apreldagi PF-69-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.04.2026-y., 06/26/69/0420-son)

protez-ortopediya buyumlari va texnik reabilitatsiya vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarni, shu jumladan chet el investitsiyalari va kreditlarini jalb etgan holda modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, ularni ishlab chiqarishning zamonaviy standartlarini joriy qilish;

zamonaviy tibbiyot va ilm-fanning ilgʻor yutuqlari, diagnostika, davolash va reabilitatsiyaning sifat standartlari asosida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, sogʻlomlashtirish xususiyatidagi chora-tadbirlarni yaxshilash, sogʻlom va faol turmush tarzini olib borish madaniyatini targʻib qilish;

nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash sohasidagi, shu jumladan nogironlikni belgilashning samarali mezonlarini qoʻllashga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni faollashtirish.

3. Nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish hamda ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi quyidagilarni taʼminlash choralarini koʻrsin:

nogironligi boʻlgan shaxslar, shu jumladan katta yoshdagilarning savodxonligini oshirish maqsadida viloyatlar, tumanlar markazlarida umumtaʼlim maktablari negizida imo-ishora tili va Brayl alifbosini oʻrgatish boʻyicha ushbu sohadagi mutaxassislarni jalb qilgan holda maxsus kurslarni tashkil etish;

tegishli materiallarni nashr qilishni ragʻbatlantirish, muhim sohalarda audio kitoblar yaratish va ularni joriy etishni nazarda tutgan holda imo-ishora tili va Brayl alifbosini qoʻllash imkoniyatlarini kengaytirish;

koʻrish aʼzolari zaif shaxslarga ovoz eshittirish imkonini yaratish maqsadida turli xildagi dasturiy taʼminotlarga davlat tilida maxsus dasturlar, shu jumladan kompyuter operatsion tizimlari yaratish, ularni ushbu shaxslar oʻqiyotgan va ishlayotgan taʼlim muassasalari va boshqa tashkilotlarda keyinchalik erkin tarqatish, oʻrnatish, shuningdek, mazkur dasturlarni yaratish uchun salohiyatli homiylar topish;

davlat organlari va tashkilotlarning rasmiy veb-saytlarida nogironligi boʻlgan shaxslar uchun joylashtirilgan maʼlumotlar bilan erkin tanishish va xizmatlardan foydalanishga oid qoʻshimcha imkoniyatlar joriy etish;

nogironligi boʻlgan shaxslarga qulaylik yaratish uchun jamoat transportini panduslar, alohida joylar bilan, bekatlar va marshrutlarni eshittiruvchi, elektron maʼlumotlar tablolari kabi maxsus vositalar bilan jihozlash, ulardan erkin foydalanishni bosqichma-bosqich taʼminlash boʻyicha joylarda nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy himoyasi va moslashuvi samaradorligini oshirishga oid chora-tadbirlarni koʻrish.

5. Belgilansinki, 2018-yil 1-martdan nogironligi boʻlgan shaxslarga moslashtirilmagan shahar yoʻlovchi transporti vositalarini sotib olish taqiqlanadi.

Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi “Oʻzavtosanoat” AJ va Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti bilan birgalikda ikki oy muddatda:

avtomototransport vositalari haydovchilari — nogironligi boʻlgan shaxslarni tayyorlash va qayta tayyorlashni tashkil etish;

mahalliy ishlab chiqarilgan yengil avtomobillarni nogironligi boʻlgan shaxslarga moslashtirish uchun maxsus moslamalar bilan qayta jihozlashni taʼminlash boʻyicha takliflar kiritsin.

6. 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy sonidan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qoʻshimcha ravishda ikki foizli kvota ajratish tartibi joriy etilsin.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Iqtisodiyot vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2018-yilning 1-apreliga qadar oliy taʼlim muassasalariga nogironligi boʻlgan shaxslarni kvota asosida oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

7. 2018-yil 1-yanvardan boshlab faoliyat koʻrsatish turi va uni amalga oshirish joyidan qatʼi nazar I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxs hisoblangan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun bir oyda bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida, yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar hisobidan ishga yollangan har bir ishchi uchun — bir oyda bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdorida qatʼiy belgilangan soliq stavkasi oʻrnatilsin.

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi PF-5894-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son)

8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasi doirasida Sogʻliqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi hamda boshqa vakolatli idoralarning faoliyatini quyidagilarga qaratilgan takliflar tayyorlash bilan birga qayta koʻrib chiqishni taʼminlasin:

Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ijtimoiy muhofaza qilishga, shu jumladan ularni toʻliq va kompleks kuzatgan holda koʻrsatilayotgan xizmatlarni muvofiqlashtirishga masʼul boʻlgan ixtisoslashtirilgan idora tashkil etish;

ixtisoslashtirilgan idora negizida nogironlikni belgilashni toʻliq qamrab oluvchi yagona tizimni tashkil etish;

tegishli hujjatlarni rasmiylashtirgan shaxslarning nogironlikka muvofiqligini tekshirish tartibini joriy etish;

amalga oshirilayotgan islohotlar talablariga javob bermaydigan samarasiz tuzilmalarni tugatib, tegishli shtat birliklarini yangi tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan idoraga oʻtkazish.

9. Nogironligi boʻlgan shaxslarning ahvolini yaxshilash, tibbiy-ijtimoiy yordam va reabilitatsiya sifatini oshirish, protez-ortopediya buyumlari va texnik reabilitatsiya vositalari ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnologik yangilash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida Nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb yuritiladi) tashkil etilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Jamgʻarmani, shu jumladan nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini buzganlik uchun qoʻllaniladigan jarimalardan tushgan mablagʻlarning bir qismi hisobiga shakllantirishni nazarda tutgan holda, uning faoliyatini tashkil etish boʻyicha qaror loyihasini ishlab chiqsin hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

10. 2018-yil 1-iyundan boshlab, nogironligi boʻlgan shaxslar, tayinlangan pul toʻlovlarining turlari va miqdori, ajratilgan texnik reabilitatsiya vositalari, protez-ortopediya buyumlari va dori vositalari, koʻrsatilgan ijtimoiy xizmatlar va berilgan imtiyozlar toʻgʻrisidagi kompleks maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan, shuningdek, mazkur sohadagi ishlarning holati haqidagi maʼlumotlarni tezkor olish, davlat organlari oʻrtasida maʼlumotlar almashinuvini amalga oshirish, budjet mablagʻlari maqsadsiz sarflanishi va suiisteʼmolchilik holatlarining oldini olish imkonini beruvchi nogironligi boʻlgan shaxslarning yagona elektron reyestridan foydalanish amaliyotga tatbiq etilsin.

11. Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Transport vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, boshqa manfaatdor idoralar obyektlar loyihalashtirilishi va qurilishida arxitektura-qurilish nazoratini kuchaytirish, shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslarning ulardan erkin foydalanishini taʼminlash talablariga rioya etmaganlik uchun javobgarlik muqarrarligi prinsipini taʼminlash choralarini koʻrsin.

(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-martdagi PF-5971-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.03.2020-y., 06/20/5971/0348-son)

12. Quyidagilarga:

barcha darajadagi davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar rahbarlariga nogironligi boʻlgan shaxslarni ishga qabul qilish, shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslar jamiyatlari korxonalari bilan tovarlar, ishlar va xizmatlar yetkazib berishga oid shartnomalar tuzish amaliyotini kengaytirishni taʼminlash;

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi hamda boshqa ommaviy axborot vositalariga efirga uzatilayotgan yangiliklar, telekoʻrsatuvlar va videofilmlarning subtitr yoki surdo tarjima bilan olib borilishini tashkil etish, nogironligi boʻlgan shaxslarning axborot olish imkoniyatini oshirish va boʻsh vaqti maroqli oʻtishini taʼminlash uchun maxsus harfli nashrlarni kengaytirish tavsiya qilinsin.

(12-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)

13. Sogʻliqni saqlash vazirligi:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Moliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan birgalikda 2018-yil 1-martga qadar nogironlikni belgilash tartibini tubdan takomillashtirish boʻyicha, birinchi navbatda, quyidagilarga qaratilgan takliflarni belgilangan tartibda kiritsin:

nogironlikni belgilash mexanizmlarini va uning muddatlarini, shu jumladan hujjatlarni ulardagi muhim holatlarning mazmunini majburiy ravishda asoslab va tushuntirib rasmiylashtirish tartibini nazarda tutgan holda qayta koʻrib chiqish;

nogironlikni belgilash tizimiga yaqqol belgilari boʻlgan arz qiluvchini nogironlik belgilangunga qadar qoʻllab-quvvatlash mexanizmini joriy etish, bunda uning ushbu holat mavjudligini isbotlash majburiyatini bekor qilish;

korrupsiyaga sabab boʻladigan omillarni istisno etgan holda, zarur tartib-taomillardan oʻtishning shaffofligi va ochiqligini taʼminlash, tartibini soddalashtirish va muddatlarini qisqartirish;

nogironligi boʻlgan shaxslarning hayot faoliyati uchun zarur boʻlgan, shu jumladan avtotransport vositalarini boshqarish imkoniyati haqidagi maʼlumotlarning tibbiy xulosalarga kiritilishini taʼminlash;

ayrim toifadagi nogironligi boʻlgan shaxslar uchun maxsus davolanishdan oʻtmasdan, shu jumladan tibbiy tekshiruv oʻtkazmasdan aniqlanishi mumkin boʻlgan nogironlik toifalari uchun statsionar davolanishda majburiy boʻlishni bekor qilishni nazarda tutgan holda, nogironlikni belgilashni aniqlashtirish hamda hujjatlarni topshirish imkoniyatini kengaytirish;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda 2018-yil 1-martga qadar:

nogironlikni belgilash, nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy moslashuviga koʻmaklashishni taʼminlash va ularga nogironlik pensiyasi va nafaqalari toʻlashning xalqaro standartlariga oʻtish zaruratini;

ayrim toifadagi nogironligi boʻlgan shaxslarni, shu jumladan ogʻir ruhiy kasallikka chalinganlarni parvarish qiluvchi shaxslarning pensiyaga chiqishi va nafaqa olishi, shuningdek, alohida toifadagi nogironligi boʻlgan shaxslarning imtiyozli pensiyaga chiqishi imkoniyatini kengaytirishni hisobga olgan holda nogironlikni belgilash mezonlari va nogironlik pensiyalari, nafaqalari toʻlash tartibining qayta koʻrib chiqilishini taʼminlasin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda protez-ortopediya buyumlari va texnik reabilitatsiya vositalarining xorijdagi yetakchi ishlab chiqaruvchilarini aniqlasin, keyinchalik ushbu sohaga, shu jumladan faoliyat yuritayotgan korxonalarni modernizatsiya qilishga koʻmaklashish, zamonaviy texnologiyalarni qoʻllagan holda respublikada yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish orqali chet el investitsiyalarini jalb qilish qismi boʻyicha muzokaralar oʻtkazsin.

15. Vazirliklar va idoralar rahbarlari mazkur Farmonning, shu jumladan Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va samarali bajarilishi uchun shaxsan masʼul ekanligi belgilansin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

17. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B. Abdullayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 1-dekabr,

PF-5270-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-dekabrdagi PF-5270-sonli Farmoniga ILOVA

Nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish hamda ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar

Izoh: Tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga solish sohasi va predmetiga qarab normativ-huquqiy hujjatlar qayta koʻrib chiqilishi yoki yagona hujjatga birlashtirilishi mumkin.

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-26-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.